Haj safari narxi arzonlashtirildi

18:33 23 Aprel 2019 Jamiyat
2222 0

Yurtimizda soʻnggi yillarda moʻmin-musulmonlarning Umra, Haj ziyoratlarini ado etishlari uchun qulay sharoitlar hozirlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Misol uchun, 2016 yilda mamlakatimizda 5200 kishi muqaddas Haj amallarini ado etib kelgan boʻlsa, 2017 yildan boshlab 7200 nafar fuqarolarimiz islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega boʻldilar.

Ilgari Umra ziyoratiga fuqarolarimiz cheklangan kvota asosida yuborilgan boʻlsa, oʻtgan yildan eʼtiboran ularning yil davomida kvotasiz Umra ziyoratiga yuborish imkoniyati yaratildi.

Moʻmin musulmon borki, Haj ibodatini ado etishni orzu qiladi. Ammo hammaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslariga asosan fuqarolarimizga Haj va Umra safari mobaynida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish, sarf-xarajatlarni arzonlashtirish maqsadida maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, Saudiya Arabistonidagi shirkatlar bilan muzokaralar olib borildi.

2018 yilda fuqarolarimiz uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million soʻmni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻi va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga koʻra, bu yil Haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan 42-43 million soʻm boʻlishi kutilayotgan edi.

Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari natijasida joriy yildan fuqarolarimiz Haj safari xarajatlari 33,3 million soʻmgacha tushirildi. Yaʼni Haj ibodatini amalga oshirishni 10 million soʻmga arzonlashtirishga erishildi. “Haj-2019” mavsumidan soʻng Umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, “Haj-2018” toʻlovidan ortgan 926,5 ming soʻm miqdoridagi mablagʻ har bir ziyoratchiga qaytarib berildi.

Bularning barchasi mamlakatimizda fuqarolar manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosatning, ezgu ishlarning amaliy ifodasi boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?