Haj safari yiqqan pulini qabristonni obod qilishga sarflaydigan bo‘ldi

19:18 16 Iyul 2018 Jamiyat
486 0
Foto: muslim.uz

Bulung‘ur tumanidagi Xo‘jabachcha mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Nurafshon qishlog‘ida yashovchi fuqaro Egamberdi aka Ashurov ham hamma orzu qilgan muborak haj safariga borib kelishni niyat qilib yurgan edi. Navbati kelganda, haj safariga borishni rad etdi. Hamma hayron bo‘lib qoldi. Nega?..

“Qishlog‘imizdagi Nurafshon qabristoni 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 0,65 gektar maydonni egallagan Doniyor payg‘ambar tepaligida joylashgan. Rivoyatlarga qaraganda, Buyuk ipak yo‘li shu qishlog‘imizdan o‘tgan bo‘lib, Sohibqiron Amir Temur bobomiz Doniyor payg‘ambar jasadini Samarqandga olib kelayotganda, kun botib qolgani sababli shu tepalikda bir oqshom tunagan ekan. Shundan buyon tepalik Doniyor payg‘ambar tepaligi deb atalar ekan”, - deydi qabriston nazoratchisi Egamberdi Ashurov.

Xullas, mana shu muqaddas joyda Egamberdi aka o‘zining ota-bobolari, momolari, ota-onalari, yaqin qarindoshlari qo‘nim topganligini yaxshi biladi. Ammo, bir paytlar yurtimiz qabristonlari e’tiborsizlikdan oyoq ostida qolib, mol boqiladigan, to‘rt tomoni ochiq, tashlandiq va qo‘rqinchli ahvolda qolganida dili ranjigan edi.

Shu tufayli u muborak haj safariga boraman deb, yig‘ib yurgan pullarini ushbu qabristonni obodonlashtirishga sarflashga qaror qildi. Uning bu qarorini mahalla oqsoqollari qo‘llab-quvvatlashdi. Ko‘plar yaxshi qilibsiz, deyishdi. “Muborak Haj safariga borib kelib, Hoji bobo bo‘lib, to‘y-ma’rakalarning to‘rida viqor bilan o‘tirsangiz bo‘lmaydimi”, deganlar ham bo‘ldi.

Egamberdi aka bunday gap-so‘zlarga parvo qilmadi, o‘z ahdidan qaytmadi. Dastlabki ishni qabriston atrofini bilan o‘rashdan boshladi. Qabristonga kirish qismiga darvoza o‘rnatib, 50 metr masofaga devor ko‘tardi. Qabriston ichkarisi va tashqarisidagi yo‘laklarga plitalar yotqizdirdi. Archa daraxtlari va anvoyi gullar ekildi. Ziyoratga kelib-ketuvchilar uchun hamma sharoitlar yaratildi. 200 metr masofadan toza ichimlik suvi egiluvchan quvurlar orqali olib kelindi. Har bir qabr atrofi obodonlashtirildi. Bu ishlarda unga o‘g‘li Dilshodjon va ushbu qishloqning qo‘li gul ustalari, oqsoqollari, faollari hashar tariqasida katta madad bo‘lib turishdi.

“Bunday saxovatpeshalik, tantilik va mardlik hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Qolaversa, qishloqdoshimiz Egamberdi Ashurov juda to‘g‘ri yo‘lni tanladi. Negaki, qiyin ahvoldagi qo‘shnidan xabar olish, yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga yordam qo‘lini cho‘zish, ko‘prik qurish, masjid va qabristonlarni obodonlashtirish eng savob ishlardan sanalarkan. Hatto, bazi savobtalab ishlarni bajarish haj safariga borgan bilan teng hisoblanadi”, - deydi qishloq oqsoqollaridan biri Hasan bobo Saidnazarov.

Egamberdi Ashurov kelsak, u Muborak haj safariga borishdek ezgu niyatidan voz kechgan emas. Halol mehnati evaziga yana pul jamg‘arib, bu ezgu ishni amalga oshirishni diliga tugib qo‘ygan.

Mamadiyor ZIYODINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?