“Hayotning boshlanishi. Oʻzbekiston”

16:44 05 Avgust 2019 Jamiyat
141 0

Qashqadaryoda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi hamkorligi va tashabbusi bilan I-Xalqaro Geoturizm forumi boʻlib oʻtdi.

Uch kun davom etgan anjumanda 15 dan ortiq mamlakatlardan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, geologiya va mineral resurslar boʻyicha faoliyat yurituvchi olimlar, geoturizmga qiziquvchi sayyohlar ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida ishtirokchilarga Kitob davlat geologik qoʻriqxonasi va unda dengiz jonivorlari va oʻsimliklarining stratigrafik kesmalari va qadimiy qoldiqlarini qoʻriqlash hamda saqlash uchun qilinayotgan ishlar haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

— Jahonda bu kabi noyob ekologik hududni uchratish qiyin, — deydi anjuman ishtirokchisi, Novosibirsk shahridagi Rossiya neft-gaz geologiyasi va geofizika fanlar akademiyasining katta ilmiy xodimi Nadejda Izox. — Yaʼni, bu yerda yotqiziqlar va kesmalarda, togʻ jinslarida paleozoy erasidagi hayot izlari nisbatan yaxshiroq va toʻlaroq saqlanib qolgan. Qoʻriqxona geoturizm uchun ham eng qulay va qiziqarli taassurotlarga boy. Unda sayyohlar suvda paydo boʻlgan hayotning quruqlikka chiqishi jarayoni aks etgan makrofaunani bevosita kuzatishlari mumkin.

Olimlarning taʼkidlashicha yerning yoshi, geologik jarayonlar davom etgan vaqt million yillar bilan oʻlchanadi. Bu vaqt eralarga, eralar esa davrlarga boʻlinadi. Masalan, yer geologik tarixining uchinchi erasi boʻlgan paleozoy bundan 540 million yil avval boshlanib, 290 million yil davom etgan. Bu era kembriy, ordovik, silur, devon, toshkoʻmir va perm davrlariga boʻlinadi. Ushbu qoʻriqxona hududida oʻndan oshiq soylar boʻlib, ulardagi qatlamlar aynan oʻsha davrlarga mansubdir.

— Bu yerdagi toshlar juda qadimiy, — deydi Germaniyalik sayyoh Markus Bayer (Marcus Buaer). Bu yer yuzidagi 150 dan ortiq joylarda uchraydigan togʻ jinslarining eng qadimiylaridan biridir.

Bugungi kunda 3938 gektar maydonni egallab turgan qoʻriqxona togʻlari dunyo okeanidan ajralib chiqqan dastlabki quruqlik ekaniga ilmiy asoslar bor. Ushbu makon xalqaro olimlar hamjamiyati tomonidan dunyo okeanidan quruqlikka chiqish joyi sifatida qayd etildi. Forum tashkilotchilari tomonidan yangi sayyohlik brendini ilgari surish boʻyicha maxsus “Hayotning boshlanishi. Oʻzbekiston” dasturini ishlab chiqishni taklif qilishdi.

Anjuman ishtirokchilarining Kitob kenglik stansiyasiga sayohatlari uyushtirildi.

Ahad MUHAMMADIYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?