Hayotimizga fayz va quvonch bag‘ishlab kelayotganingiz biz uchun bebaho boylik, katta davlatdir

12:05 09 May 2018 Jamiyat
450 0

Ko‘zlarda qalqqan sevinch yoshlari Davlatimiz rahbarining shu yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududida 9 may — Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Tadbirlarda urush qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tabrik xatlari, tilla suvi yuritilgan qo‘l soatlari va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirilmoqda.

QoraQalpoo‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M. Yerniyazov Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadonlarida bo‘lib, ularga bayram sovg‘alari ulashdi.

Xususan, Xalqlar do‘stligi mahallasida yashayotgan urush va mehnat faxriysi Nurulla Abdullayevni ayyom bilan qizg‘in muborakbod etdi.
— Biz, urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom uchun mingdan-ming tashakkur bildiramiz, — deydi otaxon. — Hech qachon urush bo‘lmasin! Farzandlarimiz hozirgidek tinch va farovon turmush kechirsin. Yurtimiz gullab-yashnayversin!

M. Yerniyazov shahardagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida yashovchi urush faxriysi Qodirboy Narmanov xonadonida ham bo‘lib, unga Prezidentimizning esdalik sovg‘asi hamda pul mukofotini tantanali ravishda taqdim etdi.
* * *
Andijon shaHridagi Jome me’moriy majmuasiga tashrif buyurgan nuroniylarni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Prezidentimiz nomidan qutlar ekan, ularning har birini  5 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti va qimmatbaho soat bilan taqdirladi. Dasturxon atrofiga jamuljam bo‘lgan urush qatnashchilari o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar, davlatimiz tomonidan urush faxriylariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni alohida e’tirof etdilar. 

— Bizga e’tibor har doimgidan yuksak, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Olimjon ota Komilov. — Ham moddiy, ham ma’naviy ko‘makdan bahramand bo‘lmoqdamiz. O‘tgan yili imtiyozli asosda avtomashina xarid qildik, Haj ziyoratida bo‘ldim. Bu yil Prezidentimiz yo‘llagan tabrikni o‘qib, ko‘zimga yosh qalqdi. Qo‘limdagi soatga qarar ekanman, vaqt nechog‘li yugurik ekanligiga amin bo‘ldim. Baxtiyorman. Behad minnatdorman.

Bunday tadbirlar urush qatnashchilari xonadonlarida ham bo‘lib o‘tdi. 

Aytish joizki, Ikkinchi jahon urushiga Andijon viloyatidan 97 ming 500 nafar fuqaro jalb qilingan bo‘lib, shulardan 57 ming nafari oilasi davrasiga qaytgan. Ayni paytda ularning 63 nafari umrguzaronlik qilmoqda. Shu kungacha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ularning ikki nafariga ko‘p qavatli uylardan ikki xonali turarjoy ajratildi. 3 nafarining xonadoni ta’mirdan chiqarildi va 18 nafariga Haj ziyoratiga bepul borib-kelish uchun yo‘llanmalar berildi.
* * *
Samarqand viloyati va shahar hokimliklari, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari holidan xabar olib, ularga davlatimiz rahbari nomidan pul mukofoti, tabrik xati va sovg‘alar topshirdi. 

Samarqand shahridagi Namozgoh mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 94 yoshli Abdulla Karimovning xonadonida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbir nafaqat otaxonni, balki uning xonadoniga tashrif buyurgan farzandlari, nevara-chevaralari, mahalla ahlini juda xursand qildi.

— Bugun yurtimizda har bir inson qadr topmoqda, — deydi Abdulla ota. — Buni ayni damda biz, keksalarni e’zozlab uyushtirilayotgan mana shunday tadbirlardan ham anglash mumkin. Urushdan qaytgach, maktablarda o‘quvchilarga o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berdim. Doim e’zozdamiz. Shunday dorilamon kunlarga yetkazganiga shukr. Yoshlarimiz bu kunlarning qadriga yetib yashashi lozim.

Samarqand harbiy garnizoni orkestri tomonidan harbiy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. O‘quvchi-yoshlar otaxonni bayram bilan tabrikladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, joriy yilda samarqandlik 97 nafar urush qatnashchisiga ana shunday e’tibor va e’zoz ko‘rsatilmoqda.

Hidoyat AHMEDOV,
Saminjon HUSANOV,
Mamadiyor ZIYODINOV,
«Xalq so‘zi» muxbirlari.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?