Hayotimizda yangi davr boshlandi

11:27 11 May 2019 Jamiyat
438 0

 

Prezidentimiz qanday yigʻilish yoki tadbir oʻtkazmasin, qaysi viloyatga bormasin, albatta, yoshlar masalasiga eʼtibor qaratadi, bizning muammolarimizni hal qilishga, orzu-umidlarimizni roʻyobga chiqarishga harakat qiladi. Shu bois davlatimiz rahbarining har bir chiqishini, maʼruzalarini diqqat bilan kuzatamiz, ularning eʼtiborlaridan gʻururlanamiz, fikrlaridan tegishli xulosalar chiqaramiz.

Yurtboshimizning Sirdaryo viloyatidagi yigʻilishda ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilgari surgan besh muhim tashabbusi biz, yoshlar hayotida yangi davrni boshlab berdi, desam mubolagʻa boʻlmas. Chunki oʻsha kundan soʻng Prezidentimizning oʻzi yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish, kitobxonlik koʻnikmalarini rivojlantirish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bagʻishlangan qator yigʻilishlar oʻtkazdi, hokimlar, turli darajadagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bizlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirdi.

Bu eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan gʻururlanib, ularga munosib boʻlishga harakat qilyapmiz. “Colibri” nomli rassomchilik maktabi ochib, yosh rassomlarga bu sanʼat turining sir-asrorini oʻrgatishga harakat qilyapman. Taʼlim maskanimizda kam taʼminlangan oilalar farzandlari bepul oʻqitiladi. Zero, sanʼatga oshno tutingan har bir bola kelajakda mashhur usta-rassom boʻlmas, ammo u hayot yoʻllarida kamroq xato qilishiga, duch keladigan toʻsiqlarni, chigalliklarni goʻzallik bilan, keng dunyoqarash bilan yengib oʻtishiga ishonaman.

Maftuna RAHIMOVA, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi.

Bizga qanot bagʻishlayotgan tashabbuslar

Prezidentimizning ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilgari surgan besh muhim tashabbusini katta qiziqish va xursandchilik bilan kutib oldik.

Davlatimiz rahbari yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshiraylik, ularning isteʼdodini yuzaga chiqaraylik, deyapti. Mutasaddi tashkilotlarni bu borada kuyunchaklik bilan ishlashga undayapti. Bu qoʻllab-quvvatlovning yosh iqtidor ruhiyatini koʻtarishdagi ahamiyatini oʻzim his qilganman. Fransiyada oʻtkazilgan Aleksandr Glazunov nomidagi xalqaro musiqa tanlovida I oʻrinni qoʻlga kiritganimda ham, Qozogʻistonda tashkil etilgan festivalda sovrindor boʻlganimda ham, avvalo, Prezidentimizning ragʻbati, ishonchi menga gʻayrat-shijoat bagʻishlagan.

Davlatimiz rahbarining bilimli boʻlishimiz, isteʼdodimizni yuzaga chiqarishimizdan tortib to ishli boʻlishimiz, hayotda oʻz oʻrnimizni topishimizgacha alohida eʼtibor koʻrsatayotgani biz, yoshlarga qanot bagʻishlamoqda, yuksak marralar sari undayapti. Menda yangi gʻoyalar uygʻondi, maqsadlarim sari dadil intilishga ishtiyoq paydo boʻldi. Kelajakda chet elda tahsil olishni maqsad qilganman. Kelgusida yurtimizning musiqa sanʼatini dunyoga tanitish — eng katta orzuimdir.

Abbos RAIMALIYEV, R. Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi oʻquvchisi.

Nozima HABIBULLAYEVA, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi talabasi:

— Musiqa yoʻnalishida oʻqishimga qaramay sheʼriyatga mehrim boʻlakcha. 2012 yil “Yurt kelajagi” koʻrik-tanlovida, 2014 yil “Yuksak maʼnaviyatli avlod” festivalida sheʼriyat yoʻnalishida ishtirok etib, I oʻrinni qoʻlga kiritdim. 2017 yil prezidentimiz tomonidan qayta tashkil etilgan Zomin respublika yosh ijodkorlar seminarida, 2018 yil “Samarqand sheʼr oqshomlari” xalqaro anjumanida faol ishtirok etdim. Bu yil Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasida “Moviy qoʻshiq” nomli ilk sheʼriy toʻplamim nashrga tavsiya etildi. Bu yutuqlarning zamirida albatta yurtboshimizning sanʼatga, adabiyotga boʻlgan hurmat-ehtirom va eʼtiborlari yotibdi. 

Besh tashabbus har bir yosh ijodkor qatorida ham yosh bastakor, ham yosh shoir sifatida meni juda quvontirdi. U kelgusida men kabi yosh ijodkorlarga ijod yoʻlida qanot boʻladi. Bu kabi imkoniyatlar uchun hamma ijodkor doʻstlarim, tengdoshlarim nomidan minnatdorlik bildiraman. Kelajakda oʻzbek adabiyotini jahon adabiyoti maydonida yanada mustahkam va yorqin oʻringa ega boʻlishiga xizmat qilamiz va bu yoʻlda besh tashabbus bizga mayoq boʻladi...


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?