Hayotiy yangilanishlar, jadal islohotlar

09:37 22 May 2018 Siyosat
283 0

Hayot farovonligi, orzular ro‘yobi unga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatga, xolis niyatga bog‘liq. Buning tasdig‘ini, har birimiz o‘z hayotimiz misolida ko‘rib turibmiz.

Avval xabar berganimizdek, Namangan viloyatining Norin tumanini mamlakatimizdagi namunali hududga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi. “Yoshlar — O‘zbekiston kelajagi” dasturi asosida bajarilgan ishlar odamlarda katta taassurot qoldirdi. Negaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan 57 mahalla fuqarolar yig‘ini to‘liq qamrab olindi. Prezident devoni, vazirlik hamda qo‘mitalar, idoralar va tashkilotlar mas’ul xodimlari, adliya, huquq-tartibot, madaniyat, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda boshqa sohalar vakillari, shuningdek, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilaridan iborat guruh aholining huquqiy, tibbiy madaniyati hamda ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha jonli muloqotlar o‘tkazdi.

Jumladan, xonadonma-xonadon yurib, 20 mingdan ziyod aholi va yoshlar bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazildi. Aniqlangan 6 ming 888 ta muammoning 4 ming 911 tasi joyida yechim topdi.

Ko‘p yillar davomida qishloq joylarda odamlar uchun zarur sharoitlar yaratib berish, turmush darajasi hamda sifatini oshirish, ularning hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash masalalariga yetarlicha e’tibor qaratilmagani oqibatida ayrimlar boqimandalik kayfiyatiga berildi. O‘zining uy-joyi, hovli va tomorqasiga ham qaramay qo‘ydi. Achinarlisi, bu salbiy illat farzandlar tarbiyasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Norin tumani ham bundan mustasno emas. O‘rganishlar davomida ishchi guruhlar salkam yigirma bir ming xonadonga bevosita tashrif buyurib, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir ta’minoti, yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, bandlik, sog‘liqni saqlash, uy-joy, tadbirkorlikni boshlash, kredit olish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, huquqbuzarlik profilaktikasi hamda boshqa ko‘plab masalalar bilan bog‘liq yetti mingga yaqin muammolarni aniqlagani buning yaqqol dalilidir.

Hozirgi kunda tumanda istiqomat qilayotgan 157 ming nafardan ziyod aholining 95 ming nafari yoshlar bo‘lib, ularning mingdan ziyodi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandi. 43 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs. Biroq tumanda ularning taqdiri, orzu-intilishlari bilan deyarli hech kim qiziqmagani o‘ta achinarli holatdir.

Ta’kidlash lozimki, ishchi guruh asosiy e’tiborni aniqlangan muammolarni joyida va tez fursatda hal etishga qaratgani norinliklar kayfiyatiga ijobiy ta’sir qildi. Yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan reja asosida muddati hamda ijrochilari aniq belgilangan dastur ishlab chiqilib, ijroga yo‘naltirilgani mahalliy boshqaruv organlari mas’uliyatini oshirdi.

Tumanda bugun qariyb uch yarim ming nafar ishsiz, to‘rt mingdan ziyod doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoshlar bo‘lgani holda, ularning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amaliy harakatlar sustligicha qolmoqda. 2018 yil davomida atigi 260 nafar yigit-qiz, jumladan, litsey va kollejlarning 172 nafar bitiruvchisi ishga joylashtirilgan, xolos. Ishchi guruh sa’y-harakati bilan qisqa fursatda 1 ming 776 nafar ishsiz yoshning mutaxassisligi bo‘yicha bandligi ta’minlandi.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlarning 344 nafariga jami 5 milliard 283 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratiladigan bo‘ldi. Yoshlar ittifoqi 18 nafar yosh tadbirkorga 2,5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit olishga imkon yaratdi. Yana 34 nafar yosh tadbirkorga bino-inshootlar hamda yer-maydonlari ajratildi. Buning natijasida 823 nafar aholi bandligi ta’minlandi. 333 ta ish o‘rni yaratildi. Yoshlarning 70 ta yirik loyihasi saralanib, 32 milliard 560 million so‘m kredit resurslari ajratila boshlandi. Tajriba tariqasida tumandagi 233 ta fermer xo‘jaligi uchun yurist va iqtisodchi lavozimlariga ishga joylashtirish maqsadida 317 nafar ishsiz yosh Davlat boshqaruvi akademiyasiga malaka oshirish kurslariga jalb etildi.

Ayni vaqtda Norinda yuzga yaqin maktabgacha, umumta’lim hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari mavjud. Ta’lim-tarbiya borasida hal qiluvchi bosqich hisoblangan mazkur muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, yangi bog‘chalar qurish, ta’lim-tarbiya sifati va darajasini yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan amaliy harakatlarga o‘tilmayotgani esa kishini taajjubga soladi. Birgina 2018 yilning o‘tgan davrida yoshlar o‘rtasida sakkizta jinoyat hamda 463 ta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgani, besh nafari o‘z joniga qasd qilishga uringani hududdagi ijtimoiy vaziyatni sog‘lomlashtirish qay darajada muhim ekanini ko‘rsatadi. O‘rganishlar davomida tumanda 14 ming 120 ta yosh oilaning 4 mingga yaqini uy-joyga muhtojligi va boshqa ijtimoiy muammolar girdobida qolishi oqibatida birgina joriy yilning o‘zida 19 ta ajrim qayd etilgani aniqlandi.

Yana bir muhim ma’lumot. Norin tumanida namuna sifatida jami 233 ta fermer xo‘jaligida yurist, iqtisodchi hamda moliyachi lavozimlariga o‘rta maxsus ma’lumotli yosh kadrlarni ishga qabul qilish amaliyoti joriy etildi. Bu respublikada hali biron marta qo‘llanilmagan tajriba ekani bilan ham ahamiyatlidir. Shu bilan birga, uyushmagan yoshlarni mavsumiy ishlarga jalb qilish maqsadida mahallalarda 25 nafardan 50 nafargacha a’zoni birlashtirgan, jami 200 kishilik “Fidoyi yoshlar otryadlari” tuzildi.

Ta’lim sifatini yanada yaxshilash, yoshlar savodxonligini oshirish respublika ishchi guruhi diqqat-e’tiboridagi yana bir muhim masala bo‘ldi. Norin tumanidagi Yoshlar markazida 45 ta umumta’lim maktabi direktor va yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, ularga mutaxassislar tomonidan o‘z ustida ishlash, internetdan samarali foydalanish, ta’lim-tarbiya jarayonida yangi pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish bo‘yicha mahorat darslari o‘tildi. Zamonaviy usul hamda yondashuvlar haqida ma’lumotlar berildi. Norinkapa qishlog‘idagi 40-umumta’lim maktabi barcha yo‘nalish bo‘yicha eng namunali maktabga aylantirildi. Ta’lim maskanining 28 ta sinf xonasi, bino yo‘laklari va foyesi qaytadan ta’mirlandi. Ingliz tili hamda matematika fanlaridan olimpiadalar uyushtirilib, g‘oliblarga oliy o‘quv yurtiga kontrakt asosida qabul qilingan taqdirda, bir yillik to‘lov mablag‘ini qoplash bo‘yicha tavsiyanomalar taqdim etildi.

Ishchi guruh tashabbusi bilan ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan voyaga yetmaganlar, tarbiyasi og‘ir va noqobil oilalar farzandlari, ishsiz yoshlar — jami 200 nafarga yaqin yigit-qizlar ishtirokida “Kitobxonlik — jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali yo‘li” mavzuida kitobxonlikni targ‘ib etish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. 20 ming aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, tashkilot hamda muassasalarda salomatlik burchaklari tashkil qilindi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi o‘nlab videoroliklar namoyish qilindi. Kunlik va haftalik reja asosida sportning bir qator turlari bo‘yicha muntazam musobaqalar o‘tkazildi. Buning uchun tumandagi 57 mahallada sport maydonchalarini barpo etishga kirishildi.

Tumandagi markaziy “Shodlik” stadionida tashkil qilingan gala-konsert esa norinliklarga xushkayfiyat ulashdi.

Faxriddin KARIMOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?