Hayoti — ibrat, so‘zi — hikmat

12:18 10 May 2018 Jamiyat
461 0
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

O‘tganlar xotirasini yod etish, tabarruk yoshdagi keksalarni qadrlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimizga uyg‘unligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Xususan, Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizning barcha go‘shasida urush hamda mehnat faxriylari holidan xabar olinib, ularga alohida ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ushbu sanaga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Asosiy tadbir Nukus shahridagi Xotira maydonida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy orkestr musiqasi sadolari ostida maydondagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

— Biz, urush faxriylariga yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, chimboylik otaxon Toreniyaz Abulov. — Prezidentimizning tabrik xati, tilla soat hamda 5 million so‘m pul mukofotini qabul qilib oldik. Bunday e’tibordan boshimiz osmonga yetdi. Buning uchun cheksiz minnatdormiz.

Tadbirda urush yillarining mudhish voqealari va xalqimizning jasorat hamda mardligidan hikoya qiluvchi teatrlashtirilgan dastur namoyish etildi.

Harbiy qo‘shiqlar sadolari barchani Andijon shahri markazidagi Xotira xiyoboni sari chorladi. Yig‘ilganlar Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘ydilar. “Xotira kitobi” varaqlanib, janggohlarda bugungi tinchlik-osoyishtalik uchun jonini qurbon qilgan otalarimiz yana bir bor yod etildi.

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi"

— Osoyishtalikka nima yetsin, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Izboskan tumanining To‘raobod qishlog‘ida yashovchi 98 yoshli Zulunboy ota Madraimov. — Ilohim, xalqimiz hech qachon urush ko‘rmasin. Bugungi dorilamon kunlar bardavom bo‘lsin!

Bu galgi bayram tadbirlari Buxoroda o‘zgacha ruhda nishonlandi. Xotira maydoni yangitdan barpo qilindi. Milliy uslubda qurilgan ikkita ayvon, favvora, noyob gullar uning ko‘rkiga ajib bir shukuh bag‘ishlagan.

— Xotira maydonining qaytadan bunyod etilishini biz, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xursandchilik bilan qarshi oldik, — deydi suronli yillarning tirik guvohi, urush va mehnat faxriysi Aminjon Ahmedjonov. — Yurtboshimiz tashabbusi bilan barpo qilingan bu qadamjo yoshlarimizni ona-Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga, tinchlik hamda osoyishtalikning qadriga yetishga chorlovchi maskan bo‘lib qoladi. “Ana shunday tinch va farovon hayotning qadriga yetinglar”, deb nevara-chevaralarimga doimo nasihat qilaman.

Jizzax shahridagi Xotira xiyobonida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimligi, jamoat tashkilotlari vakillari hamda urush faxriylari va front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz qatnashdi.
Unda tinchlik-osoyishtalikni asrash, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni barkamol etib tarbiyalashda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylarining hayotiy tajribasi katta ibrat maktabi ekani, ularga ehtirom ko‘rsatish, o‘gitlariga amal qilish lozimligi alohida ta’kidlandi. Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yilib, tinchlik uchun jonini fido qilgan insonlar yana bir bor yodga olindi.

Navoiy viloyatida ham Xotira va Qadrlash kuni o‘zgacha shukuhda nishonlandi. Bayram arafasida Prezidentimizning Farmoni hamda qarori asosida viloyatdagi 51 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi qutlanib, ularga bir martalik pul mukofoti, Yurtboshimizning tabrigi va tilla soat tantanali tarzda topshirildi.

Bayramning asosiy tantanalari viloyat markazidagi Xotira maydonida bo‘lib o‘tdi. Bu yerdagi Motamsaro ona haykali poyi gullar bilan to‘ldi. Muborak nomlari oltin sahifalarga bitilgan bobolarimiz xotirasi yodga olindi.

— Yosh avlod uchun bu mo‘’jaz maydon mardlik hamda jasurlik, chinakam vatanparvarlik maskani bo‘lib qoladi, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, ayni paytda 99 bahorni qarshi olgan Pirnazar bobo Turdiyev. — Ularning ko‘nglida yurtga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada yuksaltiradi.

Namangan viloyatida bayramni yuqori darajada o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Viloyatdagi 65 nafar urush faxriysining xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning holidan xabar olindi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining bayram tuhfasi — tilla soat hamda besh million so‘m miqdoridagi mukofot va tabrik maktubi bu tabarruk insonlarning qaddini yanada ko‘tardi.

Ayni kunlarda Namangan shahridagi Xotira maydoni yoshlar bilan gavjum. Ular bu yerdagi ayvonlarga nomi manguga muhrlangan 37 ming frontchini ziyorat etib, farzandlik burchini bajarishayapti. Xiyobondagi Motamsaro ona haykali poyi esa davlat hamda jamoat tashkilotlari jamoalari tomonidan qo‘yilgan gulchambarlar bilan to‘lib toshdi.

Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar erta tongdan Samarqand shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yish bilan boshlandi. Unda davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan harbiy texnikalar hamda qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, viloyat musiqali drama teatri oldidagi sahnada harbiy orkestr konserti tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.

Shundan so‘ng Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari Samarqand shahridagi “Bog‘ishamol garden” restoranida uyushtirilgan bayram dasturxoniga taklif qilindi.

Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirlari ham Motamsaro ona monumenti poyiga gul qo‘yib, askar volidasiga hurmat-ehtirom bajo keltirish marosimi bilan boshlandi. Tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va mahallalar faollari hozir bo‘ldilar.

— Yurt ozodligi yo‘lida jonini fido etganlarning jasoratini yodga olish, ayni paytda hayot bo‘lgan ana shunday kishilarga izzat-ikrom ko‘rsatish, hech shubhasiz, yosh avlod uchun katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi, — deydi Guliston tumanilik mehnat faxriysi Yoqubjon Madaminov.

Surxondaryo viloyatida Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezidentimiz nomidan 5 million so‘m pul mukofoti, tabrik xati hamda qimmatbaho qo‘l soatlari topshirilib, front orti faxriylariga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.

Erta tongdan Surxondaryo viloyati hokimligi, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari, harbiylar, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar Termiz shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.

Shundan so‘ng Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda front orti faxriylari sharafiga to‘kin dasturxon yozildi. Tadbirda urush va mehnat faxriylarining jasorati, fidoyiligi, olijanob fazilatlari yosh avlod tarbiyasida yuksak ibrat namunasi ekanligi ta’kidlandi. Vatan ozodligi, yurt tinchligini tarannum qiluvchi diltortar kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati markazidagi Xotira xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, urush va mehnat faxriylari elimizning fidoyi farzandlari xotirasini yod etish uchun to‘plandilar.

Viloyat faollari urush qurbonlari xotirasiga chuqur ehtirom ramzi sifatida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.

— Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan yuz minglab yurtdoshlarimizning nomi ham, jasorati ham hech qachon unutilmaydi, — deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Yanvar Inoyatov. — Shuning uchun ularning nomi mana shu maydondagi “Xotira kitobi”ga zarhal harflar bilan mangu muhrlangan. Majmuaga kelgan har bir vatandoshimiz uni varaqlaydi, unda bitilgan ismlarni o‘qib turib, jasorat, matonat hech qachon unutilmasligini, yuksak qadrlanishini dildan his qiladi.

Kecha Farg‘ona viloyati markazidagi Xotira maydoni har kungidan ham gavjum va fayzli bo‘ldi. Bu yerga urush hamda mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari to‘plandi. Huquqni muhofaza etish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar Motamsaro ona monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.

“Jasmin” tantanalar majmuasida tashkil etilgan bayram dasturxoniga viloyatda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari taklif etildi. Ularga qimmatbaho esdalik sovg‘alar topshirildi.

Xorazm viloyatida ham ayyom yuksak saviyada, bugungi dorilamon kunlarga shukronalik bilan keng nishonlandi. O‘tganlar yana bir bor xotirlandi, mudhish urush yillaridagi yo‘qotishlar, og‘ir azob-uqubatlar yodga olindi.

Bayram munosabati bilan viloyatda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘chayu maydonlar Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan pannolar, ko‘rgazmali vositalar bilan bezatildi. Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xonadonlariga borilib, oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

Toshkent viloyatining ma’muriy markazi — Nurafshon shahrida bu yil Xotira va Qadrlash kuni birinchi marotaba keng nishonlandi. Bayramona bezatilgan shahar markaziga urush hamda mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari yig‘ildilar. Ular ishtirokida Motamsaro ona haykali tantanali ravishda ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar Ikkinchi jahon urushida qozonilgan tarixiy g‘alabaga poytaxt viloyati vakillari qo‘shgan hissa, mamlakatimizda urush qatnashchilari va nogironlariga, keksalarga ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik haqida gapirdilar. Haykal poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Bugun viloyatda 148 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bor. Bayram arafasida ularga Prezidentimiz nomidan pul hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi, hurmat va e’tibor ko‘rsatildi.

«Xalq so‘zi» muxbirlari xabarlari asosida tayyorlandi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?