Hayot davomida ko‘rish kerak bo‘lgan shahar

15:51 20 Iyun 2018 Welcome to uzbekistan
748 0
Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

Xorazm — qadimgi Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan bo‘lib, O‘zbekistonning eng yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mintaqalaridan biri hisoblanadi. Xivaning xalqaro miqyosda “Ochiq osmon ostidagi muzey shahar” deya e’tirof etilishi va YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi nafaqat Xorazm viloyati, balki mamlakatimizning jahon turizm bozoridan munosib o‘rin egallashida mustahkam zamin yaratadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 27-28 yanvar hamda 14-15 oktyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Xivadagi Ichan qal’a hamda Nurillaboy saroyi majmualarida, “Farovon” mehmonxonasining qurilish uchastkasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tarixiy obidalarni rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishib, qadimiy Xivaning sayyohlik jozibadorligini yanada oshirish maqsadida sayilgoh ko‘chalar tashkil etish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 4 maydagi “2017 — 2021 yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘ldi. Ushbu Dastur ijrosi doirasida bugungi kunda hududda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Sayyohga nima qiziq?
“Sharq gavhari” deya ta’rif beriladigan qadimiy hamda navqiron Xivani tomosha qilish uchun Xorazmga tashrif buyursangiz, sayohatingizni, albatta, “Ichan qal’a”dan boshlaysiz. Bu ko‘hna shaharning sharqona ruhini his etish uchun uning bozorlarini, milliy hunarmandchilik saboqlari o‘tkaziladigan maxsus maktablariyu tor ko‘chalari bo‘ylab sayr qilishingiz mumkin. Ayniqsa, noyob osoriatiqalarga boy Xiva muzeylari jahon sayyohlarini hayratga solayotgani ham haqiqat.

Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

Xiva muzeyi fondida 39 mingga yaqin eksponatlar saqlanmoqda. Uni bir bor ko‘rish uchun dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar oqimi yilning to‘rt faslida ham to‘xtamaydi. Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida bu shaharga 515 ming 800 nafar, jumladan, 32 ming nafar chet ellik sayyoh tashrif buyurgani fikrimiz tasdig‘idir. Xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishi, turli madaniy tomoshalarning uyushtirilishi natijasida xorijiy sayyohlarning viloyatda qolish davomiyligi 2012 yilda o‘rtacha 1,1 sutkani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 2 sutkaga yetdi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilib, qo‘shimcha valyuta tushumi paydo bo‘ldi, savdo va xizmatlar hajmi ham ortdi, deganidir.

Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, Xorazm viloyati turistik ekskursiya resurslarining zichligi hamda ular tarkibidagi tarixiy-me’moriy obyektlar ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimizda birinchi o‘rinda turadi. Xorazmda neolit davridan to XIX asrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan 254 ta madaniy meros yodgorligi bo‘lib, ularning 18 tasi arxeologiya, 132 tasi me’morchilik, 66 tasi haykaltaroshlik, 6 tasi diqqatga sazovor joylar va 32 tasi muqaddas qadamjolardir. Ularda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mohir ustalar restavratsiya hamda ta’mirlash ishlarini olib boryapti.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 mayda qabul qilingan “Xorazm viloyatidagi “Nurillaboy” tarixiy majmuasini rekonstruksiya va restavratsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu maskanda ham keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borildi. Natijada badiiy galereya, amfiteatr, qabullar uyi, hunarmandlar markazi, milliy uslubdagi ovqatlanish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan ajoyib sayyohlik majmuasi bunyod etildi.

— Xorazm viloyati hamda Xiva shahrining sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy turistik kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida xalqaro yarmarkalarda faol ishtirok etyapmiz, — deydi viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Temur Davletov. — Joriy yilda Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan Fitur 2018, Berlin shahridagi ITB xalqaro turistik yarmarkalarida qatnashib, bir qator kelishuvlarga erishdik. AQSHning Smithsonian Institution instituti, Ispaniya Qirolligi energetika va turizm vazirligining turizm sohasi ekspertlari, Rossiya, Avstriya, Hindiston, Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari vakillari viloyatning turizm imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida tashrif buyurdilar.

Sayyohlar e’tiborini nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki zamonaviy ajoyibotlar orqali jalb qilish tadbirlari ham ko‘rilmoqda. Yaqinda Shveysariya hamda o‘zbekistonlik aerostatchilar Xiva osmoni uzra ilk bor havo sharida parvozni amalga oshirishdi. Havo sharida turib “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasini 100 metr balandlikdan kuzatish, shaharning betakror go‘zalligidan bahramand bo‘lish va uni fotosuratlarga muhrlash mehmonlarga cheksiz zavq ulashdi.

Mehmonxona mehmonga yoqsin
Xalqaro tajribadan ma’lumki, sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatishda mehmonxona xo‘jaligi muhim o‘rin tutadi. Viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturida ixcham mehmonxonalar va mehmon uylari tizimini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. 2014 yilda viloyatda atigi 39 ta mehmonxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 60 taga yetdi. O‘tgan yili viloyatda 8 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi. Yuqorida ta’kidlangan qarorga asosan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, joriy yil yakunigacha viloyatda yana 10 ta mehmonxona barpo etiladi.

Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

Urganch shahrida yaqinda ish boshlagan “Karavan” mehmonxonasi o‘ziga xos me’moriy yechimi, sayyohlar uchun yaratilgan qo‘shimcha qulayliklari bilan ajralib turadi.

— Milliy hamda jahon me’morchiligi an’analari uyg‘unlashgan mehmonxona binosi qurilishi uchun 7,5 milliard so‘m yo‘naltirildi, — deydi tadbirkor Otabek Hojiyev. — Mehmonxonada bir vaqtning o‘zida 50 nafar mijozga a’lo darajada xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Mazkur ko‘rkam inshoot foydalanishga topshirilgach, 30 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Yangi bino yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar va yuqori sifatli jihozlari bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi tomonidan to‘rt yulduzli mehmonxonalarga qo‘yiladigan talablarga to‘la javob beradi.

E’tiborli jihati, viloyatda chet el investitsiyasini jalb qilgan holda tashkil qilingan mehmonxonalar soni ko‘paymoqda. Jumladan, yangi barpo etilayotgan “Farovon” mehmonxonasiga ham fransiyalik ishbilarmonlar sarmoyasi kiritiladi.

Xivaga tezyurar poyezd keladi
Hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish sayyohlarga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilashni talab qiladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida faqat O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar Buyuk Ipak yo‘li bo‘yidagi betakror madaniy merosga ega shaharlarni bir-biri bilan bog‘laydi. Dastlabki temir yo‘l izlari yotqizilgunga qadar Toshkentdan Samarqandgacha tuyalar karvonida bir necha kun yo‘l yurilgan bo‘lsa, hozir zamonaviy tezyurar poyezd bu masofani atigi ikki soat ichida bosib o‘tadi. Poytaxtdan Buxoroga yetib olish uchun esa 3,5 soat kifoya. Kelgusida Xivaga ham yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Urganchdan Xivagacha 31,7 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l qurilishi, milliy uslubdagi zamonaviy vokzal barpo etilishi Xiva shahrini xalqaro turizm markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.

Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

Urganch xalqaro aeroporti ham qayta ta’mirlanib, sayyohlarga zamon talablari asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratildi. O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab Parij — Urganch, Milan — Urganch, joriy yilning mart oyidan boshlab esa Urganch — Rim yo‘nalishlari bo‘yicha aviareyslarning yo‘lga qo‘yilishi xorijiy sayyohlar oqimi ko‘payishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yana bir yangilik shuki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan turizm guruhlaridagi sayyohlar soni 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lgan holda, 10 foiz hamda 25 nafar va undan ortiq bo‘lsa, 15 foizlik chegirmalar berilmoqda. Bayram kunlarida esa 50 foiz chegirmalar qo‘llaniladi. O‘tgan yilning iyun oyidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi ham Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha sayyohlar soni 10 kishidan kam bo‘lmagan turistik guruhlar uchun aviachiptalar narxiga 5,8 foizlik chegirmalar bermoqda.

Klavixoning avlodlari Xorazmga oshiqishmoqda
Joriy yil boshida Ispaniya poytaxti Madrid shahrida 38-Xalqaro turizm ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Miqyosi jihatidan Berlin ko‘rgazmasidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi ushbu xalqaro tadbir har yili Ispaniya hukumati va Madrid shahrida joylashgan Butunjahon turizm tashkiloti hamkorligida tashkil qilinadi. Fitur ko‘rgazmasi deb nom olgan mazkur anjumanda dunyoning 166 ta davlatidan 10000 dan ortiq kompaniyalar hamda sayyohlik agentliklari ishtirok etgani uning jahon turizmi sohasidagi ahamiyati nechog‘li katta ekanini ko‘rsatadi.

Tadbirda mamlakatimiz delegatsiyasi ham muvaffaqiyatli qatnashib, yurtimiz sayyohlik salohiyatini namoyish qildi. Tashrifning muhim voqealaridan biri Xorazm viloyatidagi Xiva va Ispaniyaning Avila shaharlari o‘rtasida birodarlashgan shaharlar to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash uchun muzokaralar jarayonining boshlanishi bo‘ldi.

Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

— Xiva va Avila shaharlari o‘rtasida juda ko‘p o‘xshashliklar bor, — deydi Xiva shahri hokimi Erkin Yaqubov. — Har ikkala shahar qal’a shaklida bo‘lib, devorlar Xivada paxsadan, Avilada esa toshdan ko‘tarilgan. Shahar-qal’aga kirish uchun Xivada 4 ta darvoza o‘rnatilgan bo‘lsa, Avilada ular 6 ta. Har ikki shaharda ham qal’a ichkarisida hozirgi kunda ham aholi yashaydi. Avila 1985 yilda, Xiva esa 1989 yilda YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

“Ulli hovli”ning ikkinchi umri
Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi Foybu qishlog‘ida “Ulli hovli” deb ataluvchi majmua bor. Loydan tiklangan, qariyb 100 ta xonadan iborat ushbu qo‘rg‘on yaqin yillargacha qarovsiz yotar, hovlining ichkarisiyu tashqarisi yulg‘unzorga aylangandi. Ushbu hududdagi sobiq shirkat xo‘jaligiga uzoq yillar raislik qilgan Davlatnazar Rajabov nafaqaga chiqqach, ota-bobolarining aqlu zakosi, mehnati bilan bunyod bo‘lgan mazkur maskanni obodonlashtirishga bel bog‘ladi. Bu yo‘lda ko‘p qiyinchiliklarga, sansalorliklarga duch keldi, biroq azmida qat’iy turdi.

Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlarning boshlanishi, 2017 — 2021 yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturining qabul qilinishi otaxonning ko‘p yillik orzulari ro‘yobiga yo‘l ochdi. Davlatnazar og‘a g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishdi. Qadimiy qo‘rg‘on qisqa muddatda restavratsiya qilinib, bu yerda hunarmandchilik markazi, restoran, mehmonxona, kinozal hamda fotogalereya tashkil etildi. Maxsus otxona qurilib, sayyohlar tomosha qilishi uchun mashhur axaltaka zotli otlar keltirildi.

— Butun umrim dalada, dehqonchilik bilan o‘tdi, — deydi Davlatnazar og‘a. — Gapning ochig‘i, qishloqda daromad yerdan chiqadi deb o‘ylab, faqat dehqonchilik bilan shug‘ullanib yuraveribmiz. Aslida, hududimizda undan o‘n hissa serdaromad sohalarni rivojlantirish imkoni bor ekan-u, oyog‘imiz ostidagi xazinani anglamabmiz. Iqtisodiyotni jadal rivojlantirishda turizm qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini bugun faoliyatimiz misolida yaqqol ko‘rib turibmiz.

“Ming bor eshitgandan ko‘ra...”
Navro‘z bayrami arafasida mahallamiz oqsoqoli qo‘ng‘iroq qilib mahalladoshlar bilan yurtimizning qadimiy shaharlari bo‘ylab sayohatga borishni taklif qildi. Bayram munosabati bilan qo‘shimcha ta’til kunlari berilgani bois taklifga bajonidil rozi bo‘ldik. Qirq nafar sayyoh zamonaviy avtobusda yo‘lga chiqdik.

— Bundan yarim asr muqaddam institutda o‘qib yurgan davrimizda kursdoshlar bilan Xiva, Buxoro, Samarqand shaharlariga qilgan sayohatimizdan esdalik bo‘lgan fotoalbomni varaqlab, safar taassurotlarini ajib bir zavq va sog‘inch bilan eslayman, — deydi hamrohim Bahodir Nurullayev. — Shundan keyin ish, ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib biron marta sayohatga chiqmabman. Bugun mana shunday xayrli ishlarga bosh bo‘layotganlarga rahmat! Keksaygan chog‘imizda yurtimizning go‘zal maskanlarida bo‘lib, tabarruk qadamjolarni ziyorat qilib, ruhiyatimiz tetiklashyapti, dunyoqarashimiz o‘zgarmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

Darhaqiqat, inson hayotida sayohat qilish alohida o‘ringa ega. Negaki, sayohatda, birinchi navbatda, siz uchun yangilik bo‘lgan o‘zgacha muhitni, tabiat mo‘jizalari, inson aqlu zakovati bilan bunyod etilgan qadimiy hamda zamonaviy inshootlarni ko‘rasiz. Xorijliklar mehnat ta’tiliga chiqqach, albatta, biror manzilga sayohatga otlanadi. Biz esa bunga ko‘p ham hafsala qilavermaymiz. Xorijiy davlatlarga borishni qo‘ya turing, Xorazmda yashab, hatto, umrida bir bor Xivani borib ko‘rmagan yurtdoshlarimiz bor.

Shu ma’noda, Prezidentimizning joriy yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz madaniy hayotida yangi sahifa ochdi. Mazkur hujjatda kasaba uyushmalari zimmasiga ham talay vazifalar yuklatilgan.

Buyuk Britaniyaning yetakchi nashrlaridan biri “The Telegraph” o‘zining saytida chop etgan “Har bir inson hayoti davomida ko‘rishi kerak bo‘lgan 35 shahar” nomli maqolada Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan jahonning qadimiy va eng go‘zal shaharlari saralab olingan. Ushbu ro‘yxatdan Parij, Sankt-Peterburg, Rio de-Janeyro kabi shaharlar qatoridan Sharq gavhari — Xiva ham o‘rin olgan. Jahon talpinayotgan bu qadim kentni O‘zbekistonda yashab turib aqalli bir bor borib ko‘rmaslik mumkinmi?

Soha istiqboli — deputatlar nigohida
Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 16 avgustda qabul qilingan “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘ldi. Yaqinda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi navbatdagi yig‘ilishida mazkur qarorning viloyatdagi ijrosi keng muhokama etildi. Unda viloyat sayyohlik salohiyatini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi.

Foto: Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”

— Viloyatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmadi, — deydi xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, viloyat Kengashi deputati Rahimbergan Soburov. — Ayni kunda viloyatning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida jadal yumushlar olib borilmoqda. Ammo yutuqlar bilan bir qatorda, kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Xususan, Xorazmning Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, To‘maris kabi tarixiy qahramonlari haqida, qadimiy voha madaniyati va mahalliy aholi urf-odatlari xususida badiiy, hujjatli filmlar, musiqiy kliplar yaratish va dunyo bo‘ylab targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish ham sayyohlarning bu maftunkor o‘lkaga qiziqishini oshiradi. Yoki internet tezligining pastligi xususida ko‘plab e’tirozlar bildiriladi.

Hududning turizm salohiyatini, tarixiy-madaniy xususiyatlari va tabiiy-iqlim sharoitlarini targ‘ib qilishda turli xalqaro ko‘rgazma hamda yarmarkalarda ishtirok etish, xorijiy davlatlar vakillarini taklif qilgan holda, festivallar, sport musobaqalari uyushtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Qovun sayli”, “Raqs sehri”, “Xorazm madaniyati kunlari” kabi festivallarga xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurayotgan qatnashchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani quvonarlidir.

Bundan tashqari, viloyatda turizmning tarixiy-me’moriy yo‘nalishi bilan chegaralanib qolmasdan, “Qizilqum” davlat qo‘riqxonasi zonasida, Amudaryo sohillarida, Fovukko‘l va Eshonravot ko‘llarida ekoturizmni, Bog‘ot, Xonqa, Hazorasp, Urganch tumanlarida shifobaxsh yer osti suvlari bilan bog‘liq holda, tibbiy turizmni rivojlantirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish darkor.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda Xorazm viloyatiga dunyoning 78 ta mamlakatidan 60,6 ming xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Viloyat iqtisodiyotida yalpi hududiy mahsulotning o‘rtacha 0,85 foizi, eksportning 1,3 foizi turizm hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda jahon yalpi ichki mahsulotining 9 foizi, xizmatlar eksportining 30 foizi aynan shu sohada yaratilayotganini hisobga olsak, viloyatda sayyohlik industriyasini rivojlantirishda foydalanilmayotgan imkoniyatlar juda ko‘pligi ayon bo‘ladi. Shu bois turizmni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hududiy dasturlar ijrosini ta’minlash, bu borada mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini oshirish davr talabidir.

Jahon turizmi ekspertlari O‘zbekistonni yaqin kelajakda sayyohlar oqimi yanada ortishi kutilayotgan besh davlat qatoriga qo‘shib, mamlakatimizda keyingi 10 yil ichida turizm yiliga 7 foizdan o‘sib borishini bashorat qilishmoqda. Bu ham yangi ish o‘rinlari ochish, eksport va yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish imkonini yaratadi.

Xorazmning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalarning bir qismiga to‘xtaldik, xolos. Bu yo‘nalishdagi yangiliklar, bunyodkorliklar ko‘lami esa nihoyatda keng. Aslida, “Ming bor eshitgandan ko‘ra, bir bor ko‘rgan afzal”, deydi dono xalqimiz. Bu o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish uchun Xorazmga bir keling! Sizni qadim va navqiron Xivada kutamiz!
Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?