Havodan suv oladigan uskuna oʻrnatildi

13:38 14 May 2019 Jamiyat
383 0

Buxoro shahridagi 32 – Mehribonlik uyida respublikamizda birinchi boʻlib havodan suv oladigan noyob uskuna oʻrnatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroil davlatining “Watergen Ltd” kompaniyasi, Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur loyihaga koʻra, maxsus generator havo namligidan foydalangan holda ekologik toza ichimlik suvini hosil qiladi. Qurilma bir sutkada 900 litrgacha suv chiqarish quvvatiga ega.

- “Watergen” texnologiyasi asosidagi bu uskunalar dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo – suv generatori sanaladi, - deydi respublika Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori Shahobiddin Sharifov. - Qurilma shuningdek,bir nechta toʻsiqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.

Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, atmosfera havosi namlikning ulkan havzasi sanaladi. Hatto iqlimi quruq, choʻl hududlardagi yerga yaqin joylashgan bir kvadrat kilometr atmosfera qatlamida 20 ming tonna suv bugʻi mavjud. Butun dunyoda kuzatilayotgani kabi mamlakatimizda ham ichimli toza suv masalasi dolzarbligi inobatga olinsa, ushbu loyiha istiqbolli ekani koʻzga tashlanadi.

Darvoqe, ushbu qurilma Buxoroda tajriba tariqasida sinovdan oʻtkazish uchun ikki oy muddatga oʻrnatildi. Shundan soʻng u Moʻynoq tumanida ham sinovdan oʻtkaziladi.

Dastlabki tahlillar koʻrsatyaptiki, havodan olinayotgan suvning qattiqlik darajasi meʼyorida.

Aytmoqchi, “Watergen Ltd” kompaniyasining ushbu generatorlari jahonning bir qator davlatlari, jumladan, Vyetnam, Tailand, Kanada hamda Janubiy Amerikada ishlab chiqarilmoqda. Uning uy sharoitida ishlatiladigan, sutkasiga 50 – 100 litr suv beradigan moslamalariga qiziqish ayniqsa, katta. Bu dunyodagi eng yaxshi innovatsion loyiha sifatida eʼtirof etilgani ham bejiz emas.

Kelgusida mamlakatimizda ham har bir xonadonga moʻljallangan, havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi kichik hajmli shunday qurilmalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilyapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?