Havoda “muallaq” turgan sex

17:36 28 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
909 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Gʻijduvon tumanidagi Labiroʻt qishlogʻida yashovchi Feruz Kalonov yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Uning shlakoblok ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sexi esa negadir havoda “muallaq” turibdi.

Boshqa tadbirkorlar qatori ishlashi uchun bir parcha yer ajratilmagach, shunday deysan-da kishi.

— Seximiz kuniga 1000 — 1200 dona shlakoblok ishlab chiqarish quvvatiga ega, — deydi sex direktori F. Kalonov. — Maʼlum binoga ega boʻlmaganligimiz uchun turli joylarda amal-taqal qilib ishlab kelyapmiz. Sharoitim yaxshi boʻlsa, 8-10 ta ish oʻrni yaratish imkoniga egaman.

Qishlogʻimiz hududidan tashlandiq bir yerni ajratib berishlarini soʻrab tuman hokimligiga murojaat qildim. Ammo javob xatini oʻqib boshim qotdi.

Tuman hokimligining shu yil 15 yanvardagi 16-sonli javob xatini oʻqigan kishi mutasaddilarning suvdan qanday quruq chiqishganiga hayron qolishi tabiiy. Gap shundaki, tadbirkor soʻragan tashlandiq yer fermer xoʻjaligiga tegishli. Agar bu yer Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori hamda Yer kodeksi talablari asosida tuman hokimligi zaxirasiga olinsa, soʻngra yagona elektron savdo maydonchasining elektron auksioniga chiqarilsa, uni auksion orqali xarid qilish mumkin ekan.

Bularni koʻrib bevosita savol tugʻiladi: mabodo, bu yer tuman hokimligi zaxirasiga olinmasa-chi? Olingan taqdirda ham, tadbirkor auksionda qatnashish imkoniga ega boʻlmasa-chi? Unda 200 chogʻli xonadoni boʻlgan butun boshliq qishloq bir yosh tadbirkordan ajralib qolmaydimi? Axir ishbilarmon degani har kuni tugʻilavermaydi-ku.

Mutasaddilar yosh tadbirkorga boshni qotiradigan javob xati oʻrniga amaliy yordam koʻrsatishgani maʼqul boʻlardi, nazarimizda.

Agar tumandagi har bir qishloqdan Feruzga oʻxshagan bir nafardan yosh tadbirkor yetishib chiqqanida va ular har tomonlama qoʻllab-quvvatlanganida edi, Gʻijduvondagi oʻnlab, yuzlab yoshlar ish izlab xorijiy davlatlarda sarsonu sargardon yurishmas, koʻplab ijtimoiy masalalarning yechimi topilgan boʻlardi.

Maʼlumot tariqasida aytish mumkinki, birgina Labiroʻtning ellikdan ziyod fuqarolari oilasidan olisda, oʻzga yurtlarda, sovuq oʻlkalarda mehnat qilmoqdalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?