Havo sharida sayohat

10:35 24 May 2018 Jamiyat
296 0
Foto: zamin.uz

Xiva shahrida havo sharida uchish aksiyasi tashkil qilindi. Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbirda hududdagi bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari hamda ehtiyojmand oilalarning farzandlari ochiq osmon ostidagi muzey shaharni balandlikdan turib tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

— Havo sharida uchishni televizorda ko‘rib, havasim kelardi, — deydi tarbiyalanuvchi Shahnoza Niyozmetova. — Bugun niyatimga yetdim. Shahardagi obidalarni yuqoridan tomosha qilish boshqacha bo‘larkan. Juda katta taassurot oldim.

Xivada sayyohlar e’tiborini nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki zamonaviy ajoyibotlar orqali ham jalb qilish choralari ko‘rilmoqda. Yaqinda shaharga havoda muallaq turuvchi darvesh attraksioni olib kelingan edi. Endi esa ulkan havo shari ko‘pchilik e’tiborini tortayapti.

— Bugungi xayriya aksiyasida bolalarni havo sharlari haqida ma’lumotlar bilan tanishtirdik, — deydi Aeronavtika federatsiyasining Xorazm viloyati filiali direktori Ilhom Setmatov. — Uchish jarayonida ularga malakali mutaxassislarimiz xizmat ko‘rsatishdi. Bunday sayohatga nafaqat yoshlarda, balki xorijlik mehmonlarda ham qiziqish katta. “Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasini 
100 metr balanddan tomosha qilish, shaharning betakror go‘zalligidan bahramand bo‘lish va uni fotosuratlarda aks ettirish barchaga zavq-shavq bag‘ishlaydi.

Odilbek ODAMBOYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?