Harir matolar: milliylik va zamonaviylik uygʻunligi

21:04 27 Fevral 2019 Iqtisodiyot
1327 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi online” xabar qiladi. Ayni paytda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining koʻrgazmalar zali ipakchilik sanoati, moda olamining eng yirik mutaxassislari bilan gavjum. Sababi, bu yerda “Ipak va moda” xalqaro ipakchilik koʻrgazmasi hamda ipakli matolardan tikilgan liboslar namoyishi boshlandi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

U bugun oʻzbek ipakchiligi rivojlanishning yangi bosqichiga chiqayotganini, xalqaro aloqalar mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi. “Soʻnggi paytda sohada koʻplab loyihalar amalga oshirilib, har bir tumanda xotin-qizlar uchun mavsumiy va doimiy ish oʻrinlari yaratilmoqda. Natijada koʻplab qiz-juvonlarimiz bandligi taʼminlanmoqda. Biz bilan mustahkam hamkorlik qilayotgan uyushma rahbariyati va soha fidoyilariga minnatdorlik bildiraman”, dedi u pirovardida.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

 — Bugungi tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimiz pillachilik tarmogʻida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, yangi ipak mahsulotlarini keng jamoatchilikka tanishtirishdir, — deydi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. — Shu bois bu safar uyushma tarkibidagi deyarli barcha qayta ishlash korxonalarini jalb qilganmiz. Chet ellik hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan. Oʻylaymanki, bu kelgusida yangi loyihalar ustida oʻzaro fikr fikr almashish imkonini beradi.

Xalqaro toifadagi dizaynerlarning atlas, adras, shohi kabi milliy matolar asosida yaratgan liboslar kolleksiyasi taqdimoti bayramona tus oldi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Unda oʻzbek estradasi vakillarining shoʻx kuy-qoʻshiqlari sadosi ostida nafis hamda jilvakor liboslar namoyish etilmoqda. Ularga boqib, harir va kamalaktus matolarning milliylik hamda zamonaviylik bilan mohirona uygʻunlashuviga guvoh boʻlasiz. Milliy matolarimizdan jahon podiumlariga chiqishga loyiq kolleksiyalar yaratgan iqtidor egalariga tasanno aytgingiz keladi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?