Harbiylarga yangi uy-joylar berildi

15:14 17 Iyun 2019 Jamiyat
375 0

Termiz shahrida davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda davlat chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari uchun qurib bitkazilgan yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi. Shahar markazida barpo etilgan besh qavatli, uch va toʻrt xonadondan iborat uchta koʻp qavatli uyga 90 nafar harbiy xizmatchilar koʻchib oʻtishdi. Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, harbiy xizmatchilar uchun barcha qulayliklarga ega yangi uy-joylarning barpo etilishi prezidentimiz rahnamoligida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyalash, ularni uy-joy bilan taʼminlash va maishiy sharoitlarini yaxshilash doir doimiy eʼtibor natijasidir. Chegaralarimiz daxlsizligi, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar tadbirda soʻz olib, oʻzlariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

- Zamonaviy loyiha asosida qurilgan uylarda barcha sharoitlar yaratilganidan mamnunmiz, -deydi harbiy xizmatchi Mirzohid Umarov. – Yangi turarjoylar bizga uzoq muddatga, yillik 7 foizli ipoteka krediti asosida berilgani, uy qiymatining 25 foiz boshlangʻich badal toʻlovi davlatimiz tomonidan toʻlab berilganidan juda ham mamnunmiz. Mazkur hududda maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, bolalar maydonchalari, zarur infratuzilma sharoitlarining mavjudligi ayniqsa farzandlarimizga qulaylik yaratib, oilalarimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Tadbirda viloyat hokimi Toʻra Bobolov ishtirok etdi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?