Harbiylar urganchlik urush qatnashchisining uyini taʼmirlab berdi

16:30 12 Mart 2020 Jamiyat
1740 0

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini Oʻzbekiston ahli, ayniqsa oʻsha yillari janggohlarda qon yutgan va urushning dahshatlarini koʻrgan nuroniylarimiz oʻzgacha ruhda qarshi olishga tayyorlanmoqda. Urganch shahrining faxri boʻlmish Sobir ota Qurbonov ham bu muhim sanani harbiy xizmatchilar sharofati bilan endi yangidan taʼmirdan chiqqan uyda, oilasi bilan kutib oladigan boʻldi.

1923-yilda Shovot tumanida tavallud topgan va hozirda shaharning Doʻstlik mahallasidagi Namangan koʻchasining 10 uy, 13 xonadonida istiqomat qilayotgan Sobir otaning xonadoni oʻzgacha fayzli goʻshaga aylandi. Shu yilning fevral oyi oxirida Urganch garnizonidagi harbiy qismlardan biri tomonidan nuroniy otaxonning muammolari oʻrganib chiqilganida, urush qatnashchisi yashayotgan ikki xonali uyning mehmonxonasi taʼmirga muhtoj ekanligi aniqlangan. Podpolkovnik Bobur Valiyev boshchiligidagi tashabbuskor guruh otaxonning bu muammosini hal qilishga vaʼda berib, uyning mehmonxona qismida joriy taʼmir ishlarini oʻtkazdi. Endi Sobir ota 9-may sanasini yangidan taʼmirdan chiqqan uyda mehmonlarini qarshi oladi.

Kirib kelayotgan bayram munosabati bilan otaxonni qutlash uchun kelgan harbiy xizmatchilar, nuroniy va yoshlar tashrifidan nuroniyning koʻzlari quvonch yoshlariga toʻldi.

Talablarga binoan urush qatnashchisi oʻsha suronli yillardagi voqealarni boshidan soʻzlay boshladi:

“Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida ota-onamni viloyatimizning koʻplab boylari qatori mol-mulki tortib olinib, quloq qilinganidan keyin meni Xivadagi Mehribonlik uyiga topshirishgan edi. 1942-yilning 
20-iyunida Moskvadan kelgan harbiylar koʻpchilikni frontga olib ketishadi. Men ham ular qatori urushga safarbar etildim. Bizlarni Urganch shahriga keltirib, viloyat voyenkomatida bir necha kun saqlashdi. Cholishda 200 nafarga yaqin yigitlarni kichkina barjaga yuklab, daryo boʻylab olib ketishdi. Keyin bir hafta deganda zoʻrgʻa Charjou (hozirda Turkmanistondagi Turkmanobod shahri)ga keltirishdi. U yerdan Rossiyaga joʻnab ketdi.

Rossiyaga borishimiz bilan rus tilini biladigan yigitlarni saralay boshlashdi. Ruschani bilganim uchun meni ham saralab, keyin hammamizni Penzadagi artilleriya muhandislari oliy harbiy bilim yurtida oʻqish uchun olib ketishdi. U yerda 2-3 oy tayyorgarlikdan oʻtganimizdan keyin kichik leytenant unvonini berib, Stalingradga yuborishdi.

45 mm.li toʻp boʻlardi. Oʻshani yo otda, yo oʻz kuchimiz bilan u yerdan, bu yerga sudrab yurardik loy-qorlarda. Shu toʻp bilan ayovsiz janglarda qatnashdik. Paulyus degan fashist generali 200 ming nafar askari bilan Stalingradni qamal qilib, oʻrab olgan edi. Ularga qarshi toʻgʻri navodka bilan toʻplardan juda koʻp snaryad otdik. Bizning toʻpimiz hatto dushmanning ikkita tankini yoʻq qildi(!). Biz tomonga dushman tankidan otilgan snaryad meni ham yaraladi. Koʻzlarimni ochsam, gospitaldaman. Bir necha oy davolanib, yana frontga qaytarishdi. Belorus va Ukrainadagi janglarda qatnashib, Pribaltikaga borganimda yana yarador boʻldim. Oskolka kelib chap qoʻlim kaftini kesib, suyaklarni sindirib tashladi. Daladagi harbiy shifokorlarga rahmat, oʻz holiga qaytarib, qoʻlimni qayta tikib qoʻyishdi. Oʻshanda yana 2-3 oy gospitalda davolandim va yana frontga ketdim.

1945-yilning aprel oyida Pribaltikani fashist bosqinlaridan tozalaganimizdan keyin Germaniya chegarasiga borib qoldik. Shunday qilib fashistlarni Berlingacha quvib bordik. Gʻalaba bayramini nishonlaganimizdan keyin 1945-yilning 26-may kuni meni uyga qaytarishdi.

Ona yurtimga eson-omon qaytganimga shukur. Urushdan keyin 20 yil ichki ishlar organlarida, keyinchalik yana koʻp yil DOSAF (hozirgi mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti)da mehnat qildim. Nafaqaga chiqqanimga qaramasdan har vaqt yoshlar bilan oʻtkaziladigan vatanparvarlik tadbirlarida, harbiy xizmatchilar bilan turli uchrashuvlarda ishtirok etib kelaman.

Prezidentimizga rahmat biz, urush qatnashchilarini siylab turibdi, har vaqt gʻamxoʻrlik koʻrsatyapti. Viloyat hokimligi, harbiy xizmatchilar va boshqa tashkilot vakillari holimdan xabar olib, muammolarimni birpasda hal qilishyapti.

Mamlakatimiz oxirgi yillarda jadal rivojlanib, shahar va qishloqlarda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini koʻrib quvonib ketaman. Televizor orqali kundan-kun taraqqiy etib borayotgan yangi Oʻzbekistonni koʻrish menga zavq olib keladi. Yurtimizga hech vaqt koʻz tegmasin. Urush degan balo chegaralarimizga yaqinlashmasin.
 

Oʻtgan oyda Urganchdagi harbiy qismning vakillari kelib muammolarimni oʻrganib ketishgan edi. Oʻshanda uyning mehmonxonasiga kirgan mehmonlar “Ota, shu mehmonxonangizni bir taʼmirdan chiqarsak. Yaqinda katta bayramda hali koʻp mehmonlar keladi”, degan edi, toʻgʻrisi nima deyishimni ham bilmay, uyalib qoldim. Rahmat azamatlarga. Bir necha kunda mehmonxonamni shunday goʻzal qilib berishdi. Keksalari eʼzozlangan yurtda kamol topib, shu yerda yashayotganimdan judayam gʻururlanaman”.

Bu safargi mehmonlarning tashrifi oʻzgacha boʻldi. Harbiy okrestr sadolari ostida ijro etilgan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi kuy va qoʻshiqlar Sobir otaning gʻururini baland qilib, qalbiga quvonch olib keldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?