Harbiylar oʻrtasida “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining Toshkent viloyati final bosqichi oʻtkazildi

10:20 20 Fevral 2020 Madaniyat
554 0

“Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi”ning ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan ilk marotaba “Ittifoq koʻchma kubogi” tashkil etilib, Toshkent viloyatidagi harbiy qism va muassasalar yosh harbiy xizmatchilari oʻrtasida “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovining Toshkent viloyati finali boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

– Yoshlarni Vatanimiz milliy qadriyatlari, tarixiy-maʼnaviy merosimizga sadoqatli qilib tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, boʻsh vaqtlarini unumli va sermazmun oʻtkazish, iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni ragʻbatlantirish, qoʻllab-quvvatlash, mahoratini oshirish hamda ularning oʻz iqtidorlarini namoyon etishiga koʻmaklashish kabi maqsadlarni oʻzida mujassam etgan koʻrik-tanlov yuqori saviyada tashkillashtirildi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi mayor Akobir Nurillayev.

Tanlovda Mudofaa vazirligi harbiy qismlarining “Quvnoq aloqachilar”, “Brigada qirollari”, “Artilleriya” jamoalari hamda Milliy gvardiya harbiy qismining “Gvardiya Lions”, Milliy gvardiya harbiy-texnik institutining “Yosh gvardiyachilar” jamoalari va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining “Quvnoq tankchilar” jamoalari ishtirok etdi.

Tanlov ishtirokchilari uchta shart boʻyicha bellashib, sahnada oʻz mahoratlari va iqtidorlarini namoyish qilishdi.

Koʻrik-tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, 1-oʻringa Milliy gvardiya harbiy-texnik institutining “Yosh gvardiyachilar” jamoasi sazovor boʻldi.

2-oʻrinni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining “Quvnoq tankchilar” hamda Mudofaa vazirligi harbiy qismining “Quvnoq aloqachilari” jamoalari egallashdi.

3-oʻringa Mudofaa vazirligi harbiy qismining “Artilleriya” jamoasi loyiq topildi. Tanlovda qator nominatsiyalar boʻyicha ham eng faol ishtirokchilar aniqlandi.

Gʻoliblar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashining koʻchma kubogi, diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?