Harbiylar Buxoro viloyatidagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga 2,5 milliard soʻm yigʻib berishdi

18:33 29 May 2020 Jamiyat
243 0

Maʼlumki, shu yil 27-aprelda qoʻshni Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol mamlakatimizning Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi infratuzilma va ijtimoiy obyektlarga jiddiy zarar yetkazdi. Tabiiy ofatdan Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari eng koʻp zarar koʻrdi.

Mamlakatimizda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrilib, bu haqida Prezident farmoyishi qabul qilindi. Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi tashkil etildi. Fuqarolarga kerakli yordamlar koʻrsatilib, qishloq va oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan zararni va yoʻqotishlar oʻrni qoplanishi belgilandi. Shuningdek, turli aksiyalar orqali butun mamlakatimizdan Buxoro viloyatiga yordam koʻrsatish boshlandi.

Jarayonda harbiy xizmatchilar ham faol boʻldilar. Ular aholining uy-joylarini tiklash, kommunikatsiya vositalarini taʼmirlash, zarar yetgan infratuzilma va ijtimoiy obyektlar faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish hamda boshqa ishlarda yurtdoshlarimiz yonida boʻlib, ular bilan yelkama-yelka mehnat qilishdi. Fidoyi harbiy xizmatchilar bu bilan toʻxtab qolmasdan, xayr-saxovat borasida ham ilgʻorlardan boʻldi.

Yaʼni Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan Buxoro viloyatida roʻy bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga ixtiyoriy ravishda 2,5 milliard soʻmdan ortiq pul mablagʻlari yigʻib berildi. Toʻplangan pullar Buxoro viloyati hokimligi hisob raqamiga oʻtkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

“Ha, elim deb, yurtim deb yashaydigan, daxldorlik hissi ustuvor harbiy xizmatchilar har doim qasamyodiga sodiq, Vatan va xalq osoyishtaligi yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilishga doim tayyordirlar” deya taʼkidlab oʻtiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?