Harbiy tibbiyot xodimlari uchun bayram tuhfasi

17:56 12 Yanvar 2019 Jamiyat
213 0

Foto: Dinara Chirkova.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitalida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Toshkent tibbiyot akademiyasining harbiy-tibbiyot fakulteti hamkorligida “Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida davra suhbati oʻtkazildi. Unda harbiy xizmatchilar, professor-oʻqituvchi va talabalar, jurnalistlar qatnashdi.

Tadbirda ham shifokorlik, ham harbiylik kasbini sidqidildan bajarib kelayotgan insonlar mehnati eʼtirof etilib, ular Mudofaa vazirligi tomonidan koʻkrak nishoni hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

— Muassasamiz jahon talablaridagi barcha sharoitga ega, — deydi Markaziy xarbiy klinik gospitali boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Shonazar Alimurodov. — Ayniqsa, bu yerda soʻnggi ikki yilda keng koʻlamdagi qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Jumladan, terapiya boʻlimimiz qayta rekonstruksiya qilindi, diagnostika markazi qurildi. Ular yangi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Yana bir katta tuhfa: muassasamizga zamonaviy jarrohlik amaliyotlari olib borishimiz uchun barcha qulaylikka ega sakkiz qavatli inshoot qurib bitkazilgani boʻldi. Oʻtgan yili Markaziy harbiy klinik gospitalining 30 ga yaqin harbiy shifokorlari Rossiya Federatsiyasida malaka oshirib qaytdilar.

Tadbirda vatanparvarlik tuygʻulari tarannum etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?