Harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar imtiyozi qaysi yoʻnalishga oʻtadi?

10:15 20 Avgust 2019 Jamiyat
154 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Hukumat qaroribilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi telegramm kanali.

Nizomga muvofiq, tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlariga qoʻshimcha ravishda alohida qabul koʻrsatkichlari belgilanadi.

Alohida qabul koʻrsatkichlari har bir OTM bakalavriatiga (har bir taʼlim shakli – kunduzgi, kechki, sirtqi boʻyicha) davlat buyurtmasi parametrlarining 5 foizini tashkil etadi.

Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan, tavsiyanomaga ega abituriyentlar talabalikka tavsiya etiladi.

Nizomga koʻra, tavsiyanomaga ega abituriyentlar ular uchun belgilangan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.

Ular mazkur yoʻnalishda oʻqishga kirolmagan taqdirda, keyingi taʼlim yoʻnalishlarida tanlovda umumiy tartibda qatnashadi (yaʼni, bu yoʻnalishlarda tavsiyanomaning ahamiyati boʻlmaydi, barcha abituriyentlar qatori umumiy raqobatga kirishadi).

Eslatib oʻtamiz, mazkur Nizom talablari oliy harbiy taʼlim muassasalari, Oʻzbekistondagi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari, nodavlat OTMlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?