Harbiy sohaga bagʻishlangan konferensiya qizgʻin muhokamalarga boy boʻldi

18:21 05 Fevral 2020 Jamiyat
397 0

Bugun 5-fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari ishtirokida harbiy sohani zamonaviy talablar darajasida rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash, harbiy xizmatni oʻtash tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Unda yurtimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari jurnalistlari, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti Harbiy jurnalistika fakulteti talabalari faol ishtirok etdi.

Maʼlumki, 2019-yilning 12-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan edi.

Yangi tahrirdagi nizomda mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yana-da oshirish maqsadida qoʻshin turlarini yosh, shijoatli, vatanparvar, sadoqatli va intellektual salohiyatli yoshlar bilan bilan butlash, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilish, harbiy xizmatni oʻtash jarayoni, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoya qilish masalalari va harbiy xizmatdan rezervga boʻshatish tartibi bilan bogʻliq koʻplab masalalar huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi.

Qayd etish lozimki, rivojlangan xorijiy davlat amaliyotini oʻrganish, yillar davomida harbiy xizmatni oʻtash tartibi bilan bogʻliq yoʻnalishda vujudga kelgan muammolar, toʻplangan hayotiy tajriba va xizmat amaliyotini inobatga olgan holda yangilangan nizom loyihasi 80 foizga oʻzgartirildi. Shuni alohida qayd etish lozimki, yangi tahrirdagi nizom bilan Qurolli Kuchlarimizni kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar bilan butlashning eksterritorial prinsipi bilan birga yana yangi – territorial prinsipi joriy etildi. Mazkur normaning yangi nizom bilan tasdiqlanishi harbiy xizmatchilarning xizmat joyini oʻzgartirish (rotatsiya) bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarni tartibga soladi.

Ayni mana shu masala ham konferensiya davomida qizgʻin muhokama etildi. Jurnalistlar, shuningdek, xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy xizmatchi turli koʻrinishdagi tan jarohatini olsa, uning moddiy va maʼnaviy taʼminoti vazirlik tomonidan qay darajada taʼminlanishi bilan ham qiziqdi. Vazirlik masʼullari esa jurnalistlar tomonidan berilgan har bir savolga alohida-alohida va batafsil javob qaytardi.

Yangi nizom loyihasining “Harbiy xizmatchilar huquq va majburiyatlari” bobida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga eʼtibor qaratilib, harbiy xizmatchilar Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat, pul, kiyim-kechak, uy-joy bilan taʼminlanishlari, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan pensiya va tibbiy taʼminot hamda boshqa ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanishlari tartibi mustahkamlab qoʻyilgan. Bundan buyon kamida yigirma kalendar yili mobaynida harbiy xizmatni benuqson oʻtagan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan boʻshatilayotgan vaqtda tegishli buyruqlar bilan harbiy formani kiyish va farqlovchi nishonlarni taqish huquqi berildi.

Umuman olganda, mazkur konferensiyada milliy armiyamizda kechayotgan oʻzgarish va yangilanishlar haqida ommaviy axborot vositalariga batafsil maʼlumot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?