Harbiy qismda “Ustoz-shogird” anʼanasi yoʻlga qoʻyildi

15:30 21 Sentyabr 2019 Jamiyat
471 0

Yaqinda “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” munosabati bilan Nukus garnizoni harbiy qismlaridan birida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Faxriylar ishlari boʻyicha Kengash hamkorligida “Ustoz-shogird” anʼanalarini yanada samarali foydalanishga yoʻnaltirilgan uchrashuv uyushtirildi. Uchrashuvda mudofaa vazirligi tizimida uzoq yillar davomida burchiga sadoqat bilan xizmat qilgan bir guruh Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etishdi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab, uchrashuv harbiy qismning soʻlim bogʻida, ochiq tabiat qoʻynida harbiy xizmatchilar bilan boʻlib oʻtdi. Soʻng faxriylar harbiy qism yotoqxonalaridan birida bir guruh askarlarni suhbatga chorlab, yosh Vatan posbonlariga hayoti davomida asqotadigan ibratli oʻgitlardan saboq berdilar.

35 yillik harbiy xizmat faoliyatiga ega isteʼfodagi polkovnik Maxsetboy Musayev tadbirda soʻzga chiqar ekan, kelgusida harbiy qismlarga muntazam ravishda tashriflar uyushtirilishi va “Ustoz-shogird” anʼanalari keng yoʻlga qoʻyilishini aytib oʻtdi.

Samimiy suhbatdan keyin mehmonlar harbiy qismda yaratilgan keng shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?