Harbiy qismda besh tashabbus ijrosiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtdi

18:11 08 Iyul 2019 Jamiyat
223 0

Pop tumanidagi Gʻurumsaroy garnizoniga qarashli harbiy qismda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Adolat” sotsial demokratik partiyasi viloyat Kengashi hamkorligida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosi boʻyicha tadbirlar tashkil etildi. “Kuchli targʻibot-yuksak natija“ shiori ostidagi tadbirlar davomida harbiy xizmatchilar va askarlarning maʼnaviy-maʼrifiy darajasi sinovdan oʻtkazildi.

Bunda yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishni oʻz ichiga olgan toʻrtinchi tashabbusga ustuvor ahamiyat qaratildi.“Yosh kitobxon” respublika koʻrik-tanlovi viloyat bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan talaba Orifjon Olimjonov har bir viloyatga bir million donadan badiiy, tarixiy, ilmiy va ommabop mavzulardagi adabiyotlar yetkazib berish yuzasidan boshlangan xayrli ishning ahamiyati haqida soʻzladi.

Shundan soʻng askarlar oʻrtasida kitobxonlar viktorinasi oʻtkazildi.Unda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani bosh mavzu boʻldi. Keyin esa Lev Tolstoy va Jek London kabi daho adiblarning asarlariga bagʻishlangan savol-javoblarga navbat keldi. Eng bilimdon kitobxonlarga sovgʻalar topshirildi.

Askarlar bundan tashqari sportning ommaviyligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar natijasini musobaqalar orqali namoyish etdilar. Harbiy qism qoshidagi badiiy havaskorlik toʻgaragining konsert dasturi esa dillarga zavq bagʻishladi. Yakunda harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun “Yozni “Kamalak” bilan!” loyihasi taqdim qilindi.

Aytish lozimki, bugungi kunda harbiy qismda harbiylar oilalari hamda ularning farzandlari uchun sport, musiqa, tasviriy sanʼat, axborot texnologiyalari, kitobxonlik boʻyicha toʻgaraklar izchil faoliyat koʻrsatmoqda. Tikuvchilik yoʻnalishidagi kichik ishlab chiqarish korxonasi esa xotin-qizlar bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda..

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?