Harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi yangi nizom. U nimasi bilan muhim? – Mudofaa vazirligi sharhi

17:33 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
642 0

2019-yil 12-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi PQ – 4447-sonli qarori qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi nizomda mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida qoʻshin turlarini yosh, shijoatli, vatanparvar, sadoqatli va intellektual salohiyatli yoshlar bilan butlash, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilish shartlari, harbiy xizmatni oʻtash jarayoni, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi masalalari va harbiy xizmatdan rezervga boʻshatish tartibi bilan bogʻliq koʻplab masalalar huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan.

Rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini oʻrganish, yillar davomida harbiy xizmatni oʻtash tartibi bilan bogʻliq yoʻnalishda vujudga kelgan muammolar, toʻplangan hayotiy tajriba va xizmat amaliyotini inobatga olgan holda yangilangan ushbu nizom oldingisidan 80 % ga oʻzgartirilgan.

Jumladan, eski tahrirdagi nizom 12 ta bob, 38 ta boʻlim va 382 ta banddan iborat boʻlib, uning ilovasiga 3 turdagi kontrakt blankalar ilova qilingan edi. Yangi tahrirdagi nizomda bir-birini takrorlovchi 18 ta band birlashtirilib, 38 ta boʻlim har bir bob tarkibiga 37 ta alohida-alohida paragraf qilib kiritildi, natijada nizom 13 ta bob, 360 ta banddan iborat koʻrinishga keltirilib, ilovalar qismi 4 turdagi kontrakt blankalariga koʻpaytirildi.

Nizom loyihasining “Umumiy qoidalar” bobida harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq boʻlgan 14 ta asosiy tushunchani qamrab olgan atamalar apparati shakllantirildi.

Eski tahrirdagi nizomda “Harbiy xizmatni oʻtash” toʻgʻrisidagi tizim 1-bob “Umumiy qoidalar” ichiga joylashtirilgan boʻlib, unda normativ-huquqiy hujjatning tuzilish va yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish tartib-qoidalari mos kelmas edi. Yangi loyihada “Harbiy xizmatni oʻtash” alohida bob sifatida ishlab chiqilib, uning tuzilmaviy tarkibida harbiy xizmatni oʻtash, harbiy xizmat turlari va muddatlari toʻgʻrisidagi tushunchalar tizimlashtirildi.

Yangi tahrirdagi nizom bilan Qurolli Kuchlarimizni kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar bilan butlashning eksterritorial prinsipi bilan birga yana yangi – territorial prinsipi joriy etildi. Mazkur normaning yangi nizom bilan tasdiqlanishi harbiy xizmatchilarning xizmat joyini oʻzgartirish (rotatsiya) bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarni tartibga soladi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomning 15-bandida maʼlumot darajasidan qatʼi nazar, muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan barcha fuqarolar uchun muddatli harbiy xizmatning muddati kalendar hisobda 12 (oʻn ikki) oy etib (eski tahrirda oliy maʼlumotli fuqarolar uchun 9 (toʻqqiz) oy etib belgilangan) belgilandi.

Kalendar hisobida kamida 10 (oʻn) yil xizmat qilgan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga haqiqiy harbiy xizmatdan rezervga boʻshatilayotganda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga oliy taʼlim muassasasining kunduzgi boʻlimidagi 1 (bir) oy oʻqish muddati 1 (bir) oy xizmat muddati hisobida hamda oliy taʼlim muassasasini tamomlaganidan soʻng ixtisosligiga mos keladigan lavozimlardagi 1 (bir) oylik ish staji 1 (bir) oylik xizmat hisobida qoʻshib hisoblash (eski tahrirda faqat rezervdan (zaxiradan) ixtiyoriy ravishda kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga chaqirilgan ofitserlarga nisbatan qoʻllanilgan) tartibi joriy etildi.

Yangi loyiha bilan amaliyotga pensiya hisoblash vaqtida harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatlarining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklardagi xizmat maxsus unvon berilgan kundan boshlab harbiy xizmat muddatiga qoʻshib hisoblanishi toʻgʻrisidagi norma kiritildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi devoni bilan kelishilgan holda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy xizmatga olishda ularning oliy taʼlim muassasalardagi oʻqish muddatlari va oldingi ish joylarida mehnat staji pensiyani hisoblashda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga 1 (bir) oylik oʻqish (ish) 1 (bir) oylik xizmat hisobida qoʻshib hisoblanish toʻgʻrisidagi norma belgilab qoʻyildi.

Eski tahrirdan farqli ravishda nizomning yangi loyihasi 4-bob 4-paragrafida Harbiy-kasbiy tanlov oʻtkazish tartib-qoidalari batafsil yoritib berildi. Unga koʻra, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilish borasida oʻtkaziladigan ikki bosqichli tanlov tadbirlari bir bosqichga qisqartirilib, fuqarolarning tibbiy koʻrik va jismoniy tayyorgarlik holatlari tekshiruvlari vazirliklarning hududiy vakolatli organi saralash komissiyalari tomonidan bir marta oʻtkaziladigan boʻldi.

Oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari lavozimlariga qabul qilinishdagi yosh senzlari 17 (oʻn yetti) yoshdan 23 (yigirma uch) yoshgacha (eski tahrirda 21 yoshgacha boʻlgan) koʻtarildi. Shuningdek, 26 (yigirma olti) yoshgacha boʻlgan (eski tahrirda ushbu norma yoritilmagan) va oliy harbiy taʼlim muassasalarida aloqa muhandis texnigi va harbiy-tibbiyot ixtisosligi boʻyicha oʻqish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining talabalari oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari lavozimlariga oʻqishga qabul qilinishlari toʻgʻrisidagi norma kiritildi.

Harbiy xizmatchilar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga oʻqishga yuborilayotganda ular bilan oʻqish shartlari hisobga olingan va oʻqish tugagandan soʻng belgilangan muddat mobaynida harbiy xizmatni oʻtash majburiyatlari aks ettirilgan maxsus kontrakt tuzish tizimi yoʻlga qoʻyildi (eski tahrirda ushbu tartib joriy qilinmagan).

Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunining 26-moddasi talablariga moslashtirildi, yaʼni:

a) kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askarlar (matroslar), serjantlar (starshinalar) uchun – 45 yosh;

b) kichik ofitserlar uchun – 45 yosh;

v) katta ofitserlar uchun – 50 yosh, polkovniklar (1-darajadagi kapitanlar) uchun – 55 yosh;

g) “general-mayor”, “general-leytenant” va “general-polkovnik” harbiy unvonidagi ofitserlar uchun – 60 yosh.

Yangi tahrirdagi nizomning 6-bobida teng yoki past lavozimlarga tayinlash bilan bogʻliq bandlariga oʻzgartirishlar kiritilishi bilan harbiy xizmatchilarni lavozimlarga tayinlash borasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarning bartaraf etilishiga erishildi.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar tomonidan vaqtinchalik lavozimni bajarish muddati 3 (uch) oydan 6 (olti) oyga qadar uzaytirildi, umumiy tartib asosida lavozimni topshirish muddati 1 (bir) oydan 20 (yigirma) kunga qisqartirildi, harbiy xizmatchilarni harbiy qism komandiri ixtiyoriga chiqarish tartibi soddalashtirilib, uning muddati 1 (bir) oydan 2 (ikki) oyga qadar uzaytirildi.

Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchining boshqa aka-ukalari boʻlmagan taqdirda doimiy ravishda alohida yashovchi ota-onasiga doimiy qarab turish uchun oilaviy sharoitiga koʻra, yangi xizmat joyiga oʻtkazish masalasida bundan buyon uning yaqin qarindoshlari hisoblangan opa yoki singillarining borligi, ularning ota-onasi qatori bir viloyat, tuman yoki shaharda istiqomat qilish holatlari inobatga olinmasligi toʻgʻrisidagi tartib joriy etildi.

Nizomning yangi tahrir loyihasida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarni bir vazirlik tizimidan boshqa biriga oʻtkazish tartibi soddalashtirilib, nomenklatura lavozimlarga kirmaydigan harbiy xizmatchilarni boshqa vazirliklarga oʻtkazilishi vazirlik rahbarlarining oʻzaro kelishuvi (eski tahrirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi ruxsati bilan) asosida amalga oshirilish tartibi belgilab qoʻyildi.

Harbiy xizmatchilarni attestatsiyasidan oʻtkazish tartibi qisqartirilib, bundan buyon harbiy xizmatchilar harbiy unvon olish uchun, yuqori lavozimga tayinlanish uchun, oliy harbiy taʼlim muassasasini tamomlaganidan soʻng, shuningdek, rezervdagi (zaxiradagi) ofitserlarni harbiy xizmatga qabul qilish davrida majburiy tarzda attestatsiyadan oʻtkazmaslik tartibi joriy qilindi.

Bundan tashqari, attestatsiya komissiyalarining tarkibi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idora rahbarlari tomonidan shakllantirilishi va belgilanishi (eski tahrirda komissiya tarkibi qatʼiy ravishda belgilangan edi) joriy qilinib, attestatsiya komissiyasi yigʻilishida qabul qilinadigan qaror va takliflar roʻyxati soddalashtirildi.

Attestatsiyadan oʻtkazilayotgan shaxs attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, qaror unga yetkazilgan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kun mobaynida yuqori turuvchi komissiyaga shikoyat bilan murojaat etish huquqi 10 (oʻn) kunlik muddatga almashtirildi.

Yangi nizom loyihasining “Harbiy xizmatchilar huquq va majburiyatlari” bobida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga eʼtibor qaratilib, harbiy xizmatchilar Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat, pul, kiyim-kechak, uy-joy bilan taʼminlanishlari, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan pensiya va tibbiy taʼminot hamda boshqa ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanishlari tartibi mustahkamlab qoʻyildi.

Xususan, oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga yil yakunlariga koʻra yanvar oyida qoʻshinlar jangovar shayligini saqlab turgani, xizmat majburiyatlarini vijdonan bajargani uchun bir marta beriladigan pul mukofoti, shuningdek, yilda bir marta bir marotabalik pul taʼminoti okladiga teng miqdordagi moddiy yordam puli toʻlab berish normasi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi (eski tahrirda bu imtiyozlar koʻrsatilmagan).

Bundan tashqari, haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan (rezervga, isteʼfoga boʻshatilgan) kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi 10 (oʻn) va undan ortiq kalendar yilga yetganda (eski tahrirda 20 (yigirma) yil etib belgilangan) Oʻzbekiston Respublikasining uy-joy qonunchiligida koʻzda tutilgan meʼyor va tartiblarga muvofiq oʻzlari egallab turgan turarjoylarini bepul xususiylashtirib olish huquqiga egaliklari belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan uy-joy bilan taʼminlanmagan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joyni umumiy qiymatining 25 % dan 50 % gacha miqdordagi dastlabki badal pulini davlat byudjeti mablagʻlari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlash yoʻli bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditini berish tizimi boʻyicha turarjoylar berilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi yangi norma kiritildi.

Qolaversa, katta ofitser va generallar tarkibi bilan bir qatorda rezervga (isteʼfoga) boʻshatilganidan (chiqarilganidan) soʻng harbiy-tibbiy muassasalardagi bepul tibbiy taʼminotdan foydalanish huquqi xizmat yillarining umumiy davomiyligi 20 (yigirma) yil va undan ortiq boʻlgan kichik ofitserlar, serjant va oddiy askarlar tarkibiga nisbatan ham tatbiq etiladigan boʻldi.

Nizomning 199-bandida oʻrnatilgan qoidalarga koʻra kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning farzandlari yashash joyi, shu jumladan vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha maktabgacha taʼlim muassasalari va oʻrta taʼlim muassasalari, shuningdek vazirlikning bolalar sogʻlomlashtirish lagerlariga navbatsiz qabul qilinadilar.

Nizomning “Harbiy unvonlar” bobida muhim oʻzgarishlardan yana biri sifatida serjantlar tarkibi uchun “I darajali serjant”, “II darajali serjant” va “III darajali serjant” harbiy unvonlari va uning muddatlari joriy etildi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomning 222-bandida “kichik serjant” harbiy unvonini berish tartibi ham soddalashtirildi. Bundan buyon “kichik serjant” harbiy unvoni:

a) vazirliklar tasarrufidagi taʼlim muassasalarining tegishli dasturlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarini tamomlagan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga;

b) vazirliklar tasarrufidagi taʼlim muassasalarining tegishli dasturlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarida tayyorgarlikdan oʻtishni talab qilmaydigan serjantlar tarkibi lavozimlaridagi kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga, shuningdek, intizomiy ragʻbatlantirish tartibida;

v) oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlariga – oʻqishdagi yuqori natijalar va namunali harbiy intizom uchun beriladi.

Eski tahrirdagi nizomdan farqli ravishda oʻqish davomiyligi 5 (besh) yil boʻlgan oliy harbiy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari uchun “leytenant” harbiy unvonida boʻlish muddati 1 (bir) yil etib belgilandi.

Berilgan harbiy unvonda boʻlishning belgilangan xizmat muddatidan kamida ikkitasini oʻtagan ofitserga, xizmat yuzasidan ijobiy tavsiflar berilgan va uning harbiy-hisob ixtisosligi boʻyicha vakant lavozim yoʻqligi sababli uni yuqori turuvchi lavozimga tayinlash imkoniyati boʻlmagan taqdirda, vazirlik rahbarining qaroriga binoan shtatga koʻra unga oʻzi egallab turgan harbiy lavozim uchun nazarda tutilgan harbiy unvondan bir pogʻona yuqori turuvchi harbiy unvon (“polkovnik” harbiy unvonidan tashqari) berilishi toʻgʻrisidagi norma kiritildi (eski tahrirda bunday norma belgilanmagan).

Ofitser va serjantlik harbiy unvonlaridan mahrum qilingan shaxslar oddiy askar hisoblanib, ular zaxiradagi, rezervdagi, isteʼfodagi oddiy askar harbiy unvonidagi harbiy xizmatchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan huquq va majburiyatlardan foydalanish tartibi joriy etilmoqda (eski tahrirda bunday imtiyoz va huquqlar belgilanmagan).

Nizomning “Taʼtillar” bobiga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning har yilgi navbatdagi taʼtillariga qoʻshimcha tarzda, xizmat yillarining kalendar hisobiga koʻra:

10 (oʻn) yillik harbiy xizmatdan soʻng – davomiyligi 5 (besh) sutkalik;

15 (oʻn besh) yillik harbiy xizmatdan soʻng – davomiyligi 10 (oʻn) sutkalik;

20 (yigirma) yillik va undan koʻp harbiy xizmatdan soʻng – davomiyligi 15 (oʻn besh) sutkalik qoʻshimcha taʼtil berilishi tartibi joriy etildi.

Nizomning “Harbiy xizmatchilarni haqiqiy harbiy xizmatdan boʻshatish” bobi harbiy xizmatni oʻtash tartibi bilan bogʻliq zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda soddalashtirilib, optimal koʻrinishga keltirildi.

Bundan buyon kamida yigirma kalendar yili mobaynida harbiy xizmatni benuqson oʻtagan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan boʻshatilayotgan vaqtda tegishli buyruqlar bilan harbiy formani kiyish va farqlovchi nishonlarni taqish huquqi beriladi.

Nizomning “Qurolli Kuchlar rezervidagi xizmat” bobida rezervdagi harbiy xizmatga majburlar bilan oʻtkaziladigan yigʻin turlari qisqartirilib, ularni oʻtkazish tartibi soddalashtirildi.

Qurolli Kuchlar rezervida boʻlishining yosh chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunining 30-moddasi talablariga moslashtirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?