Harbiy xizmatga chaqiruv vaqti oʻzgarishi kutilmoqda

16:55 06 Fevral 2019 Jamiyat
409 0

Harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlarini yilning fevral—mart oylarida oʻtkazilishi chaqiruv va yigʻin punktlari xonalarida belgilangan issiqlik haroratini taʼminlashda qator qiyinchilik va sarf-xarajatlarning ortishiga olib kelmoqda. Aksariyat holatlarda noqulay ob-havo sharoiti mamlakatimizning uzoq hududlarida yashovchi fuqarolarni oʻz vaqtida chaqiruv va yigʻin punktlariga yetib kelishlariga toʻsqinlik qilmoqda. Shuningdek, qish mavsumidagi yoʻllar holati olis hududlarda yashovchi fuqarolarning chaqiruv tadbirlarida toʻliq ishtirok etishini qiyinlashtirmoqda.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va sohaga oid meʼyoriy hujjatlar ijrosini taʼminlash, 2019 yil chaqiruvini sifatli oʻtkazish hamda fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Mudofaa vazirligi, harbiy okruglar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Chaqiruv tadbirlarini oʻtkazish davrida yildan yilga takrorlanib kelayotgan kamchiliklar va yuqorida koʻrsatib oʻtilgan ortiqcha sarf-xarajatlar hamda eng avvalo, fuqarolarga qulayliklar yaratishni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2018 yil 28 noyabrda oʻtkazilgan kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish va belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan fuqarolarni zaxiraga boʻshatish muddatini yilning fevral-mart oylaridan mart-aprel oylariga oʻtkazish taklifi berilgan.

Shunga asosan Mudofaa vazirligi tomonidan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Chaqiruv davrining qish mavsumidan bahor mavsumiga oʻtkazilishi natijasida muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirishga doir sarf-xarajatlarni kamaytirish hamda noqulay ob-havoda kutish punktlarida ularni kuzatish uchun kelgan ota-onalarga qulayliklar yaratib beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?