Harbiy xizmatga chaqirish tartibini takomillashtirish haqidagi qaror imzolandi

21:34 06 Mart 2020 Jamiyat
435 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bugun, 6-mart kuni “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Qarorda belgilanishicha, chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini takomillashtirish, mazkur jarayonni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, nomzodlarga qoʻshin turlarini tanlash imkoniyatini yaratish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirish jarayonidagi bir-birini takrorlovchi tadbirlarni istisno etish maqsadida:

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yana-da takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

* Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar safini har tomonlama yetuk, sogʻlom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiriluvchilar bilan butlash;

* chaqiriluvchilar ongida milliy gʻurur, ona yurtga sadoqat, vatanparvarlik va millatparvarlik tuygʻusini kuchaytirish;

* chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning mavjud tizimini optimallashtirish;

* chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarni soddalashtirish;

* tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sifati va samaradorligini oshirish;

* tibbiy koʻrikdan oʻtkazishning xolisligini va tezkor amalga oshirilishini taʼminlashga yoʻl qoʻymaydigan mavjud tizimni qayta koʻrib chiqish;

* chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarni harbiy okruglar harbiy gospitallari mutaxassislari tomonidan oʻtkazish;

* harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, harbiy okrug qoʻmondonlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.

“Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra, Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining oʻtkazilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan masʼuldirlar.

Nizomga koʻra, quyidagilar oʻz faoliyatini har yili:

tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalar − 15-fevraldan 30-aprelgacha;

tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi butlash komissiyalari − 15-fevraldan 30-aprelgacha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻish punktlarida harbiy tibbiy komissiyalar − 20-fevraldan 30-aprelgacha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi − 20-fevraldan 30-aprelgacha;

tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy komissiyalari − 1-martdan 30-aprelgacha amalga oshiradi.

Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatiga olish boʻyicha komissiyalar aʼzolarining (kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar bundan mustasno) doimiy ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha oylik ish haqi ular mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarini bajaradigan butun davr mobaynida saqlab qolinadi.

Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi boʻlgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan Rahbariyat kengashiga, shuningdek, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Prezidentning mazkur qarori loyihasi 2019-yilning dekabrida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qoʻyilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?