Harbiy xizmatchilarning buzilgan huquqlari tiklandi

19:31 04 Iyun 2020 Jamiyat
257 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari hamda ular oila aʼzolarining ijtimoiy muhofazasiga doir qonun hujjatlari ijrosini amalda aniq va bir xilda taʼminlash Harbiy prokuratura organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Joriy yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining tashabbusi bilan mazkur yoʻnalishdagi qonunchilik ijrosi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Qorovul qoʻshinlari, Milliy gvardiya tizimidagi harbiy qism va muassasalar kesimida tahlil qilinganda, jami 69 nafar harbiy xizmatchining farzandlari tibbiy mehnat ekspertiza komissiyalari xulosalariga koʻra 1 va 2-guruh nogironi deb topilgan boʻlsa-da, ulardan amaldagi qonunchilikka zid ravishda daromad soligʻi umumiy tartibda undirib kelinayotganligi aniqlandi.

Qonunchilikka koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi PF-5468-sonli Farmoniga asosan, 2019-yil 1-yanvardan boshlab barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish belgilanib, ayrim toifadagi fuqarolarning mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolingan.

Mazkur tartib yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 380-moddasida oʻz aksini topib, unga koʻra bolaligidan nogironligi boʻlgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki onaning daromadiga kamaytirilgan holda soliq solinishi nazarda tutilgan.

Mazkur toifadagi harbiy xizmatchilardan esa daromad soligʻi umumiy tartibda undirib kelinib, ularga soliq imtiyozi tatbiq etilmasdan, harbiy xizmatchilarning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Oʻrganish natijasiga koʻra, Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat hududida joylashgan barcha toifadagi qoʻmondonliklarga axborot xatlari kiritilib, nogiron farzandlari mavjud harbiy xizmatchilarga qonunda belgilangan soliq imtiyozlarini 2020-yil iyun oyidan tatbiq etilishi yoʻlga qoʻyildi hamda 69 nafar nogiron farzandni tarbiyalayotgan harbiy xizmatchilarning oxirgi oylik ish haqlaridan qonundagi imtiyoz qoʻllanilmasdan ortiqcha undirilgan jami 7 mln. soʻmdan ortiq daromad soligʻi qaytarilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi.

"Shuningdek, soliq qonunchiligining mazkur normasi qoʻllanilmasligi oqibatida, 2019-yil 1-yanvar kunidan buyon mazkur toifadagi harbiy xizmatchilardan ortiqcha ushlab qolingan daromad soligʻini qayta hisoblash hamda qaytarish choralari koʻrilmoqda.

Yuqoridagi holatlar respublikamizning boshqa viloyatlari kesimida ham hududiy harbiy prokuraturalar tomonidan oʻrganilmoqda", deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?