Harbiy xizmatchilarga yangi uylar kaliti topshirildi

17:32 06 May 2019 Jamiyat
235 0

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi 92 yoshli Koʻchkin ChoriyevBuxoroda xizmat burchini oʻtayotgan nevarasi Xurshidjonga yangi uy berilayotganini eshitib qadimiy va navqiron shahar sari yoʻl oldi.

- Yetmish nafar nevaram bor,-- deydi otaxon. — Farzandlarimning barchasi oʻqimishli. Nevaramga hukumatimiz tomonidan uy berilayotganini eshitib, uydagilarning holi – joniga qoʻymadim. Yoʻl olis boʻlsa ham koʻngil yaqin. Men ham boraman, dedim. Xurshidjonni tabriklagani keldim. Shu bahonada Buxoroning tabarruk qadamjolarini ham ziyorat qilaman.

- Bugun biz uchun unutilmas kun,- deydi yana bir suhbatdoshimiz, Buxoro shahridagi 41 – umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Manzura Toʻxtayeva. — Turmush oʻrtogʻim, davlat xavfsizlik xizmati xodimi Rufat Narzullayev bilan ijarada yashab kelayotgandik. Ikki farzandimiz bor. 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida bizga uch xonali shinam uy ajratildi. Bundan benihoya xursandmiz.

Shaharning “Istiqlol” mahallasi hududida 90 xonadonga moʻljallab qurilgan besh qavatli uchta uy chindan ham shinam, yashash uchun qulay. 12 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga barpo etilgan bu uylar boshlangʻich badalining 25 foizi davlat xavfsizlik qoʻmitasi tomonidan toʻlab berildi.

— Prezidentimiz oʻz chiqishlarining birida “Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora – tadbirlar samaradorligini oshirish diqqatimiz markazida boʻlishi darkor”, degandi, -deydi harbiy xizmatchi Dilnoz Joʻrayeva. —Davlat dasturi asosida barpo etilgan zamonaviy uylarning bizga ajratilishi zimmamizdagi masʼuliyatni yanada oshiradi.

Suhbatimiz poyoniga yetmay turib, yangi uylar kalitini tantanali tarzda topshirishga bagʻishlangan marosim boshlandi. Unda soʻz olganlar davlat xavfsizlik xizmati xodimlari doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik ostida ekanliklarini taʼkidladilar. Yurtimiz sarhadlarini, tinchligimizni qoʻriqlashdek masʼuliyatli ishda ularga omad, kuch - quvvat tilashdi.

Tadbirda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev ishtirok etdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?