Harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida jarohatlanganlarga va halok boʻlganlarning oila aʼzolariga nafaqa toʻlash tartibi tasdiqlandi

12:13 23 Iyul 2019 Jamiyat
150 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

2019-yilning 3-iyulida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 4382-sonli qarori qabul qilindi.

Koʻzlangan maqsad

Maʼlumki, mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida harbiy xizmatchilarni, ularning oila aʼzolari va faxriylarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Negaki har tomonlama yaxshi tayyorlangan, yetarli darajada taʼminlangan va ijtimoiy himoyalangan, qudratli Qurolli Kuchlargina xavfsizlik va barqarorlikning, chegaralarimiz daxlsizligi va mamlakatimiz hududiy yaxlitligining, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam tayanchi va ishonchli kafolati boʻla oladi. Oʻzbekistonning milliy armiya qurilishidagi aniq pozitsiyasi shunday tamoyil asosiga qurilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilingan mazkur qaror ham bu yoʻldagi navbatdagi qadam boʻldi.

Kimlarga tatbiq etiladi?

Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizligi davlat xizmati tizimida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlariga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.

Nizom talablari quyidagilarga tatbiq etiladi:

shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilarga;

Qurolli Kuchlar tizimida maxsus unvonda xizmat qilayotgan xodimlarga;

muddatli harbiy xizmatchilarga;

oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursant va tinglovchilariga;

xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga;

safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilariga.

Nafaqa miqdori

Harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlganida (vafot etganida) uning oila aʼzolariga marhumning asosiy egallagan lavozimi boʻyicha maoshi (oliy harbiy taʼlim muassasasi kursanti, tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 100 barobari;

ogʻir tan jarohati olganda 50 barobari;

oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganda 20 barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.

Nafaqa kimlarga berilmaydi?

Giyohvand, psixotrop, alkogol yoki zaharli moddalar yordamida mast holatga kelgan;

jamiyat uchun xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan;

oʻz joniga qasd qilganlarga nafaqa toʻlanmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?