Harbiy hamkorlik: Oʻzbekiston va Hindiston harbiy xizmatchilari muhandislik tayyorgarligi yoʻnalishida oʻzaro tajriba almashmoqda

13:20 21 Avgust 2019 Jamiyat
75 0

Markaziy harbiy okrug Forish togʻ poligonida Oʻzbekiston va Hindiston harbiy xizmatchilari oʻrtasida muhandislik tayyorgarligi boʻyicha oʻquv-amaliy mashgʻulotlari boʻlib oʻtmoqda, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Unda ikki mamlakatning malakali mutaxassislari oʻzaro tajriba almashib, turli trening va mashgʻulotlarni bajarishmoqda. Ularning birida Hindiston Qurolli Kuchlari muhandislari guruhi vakillari podpolkovnik Prasant Bist, katta serjant Anil Kumar, serjant Bijay Kumar Ray shartli yoʻllarga bomba va minalarni oʻrnatib chiqishdi.

Tajribali muhandis-sapyorlardan iborat harbiy xizmatchilarimiz maxsus oʻrgatilgan xizmat iti, mina qidiruvchi uskunalar va xavfsizlikni taʼminlovchi zamonaviy himoya kiyimlarida mashqlarni bajarishdi. Har ikki tomon oʻquv mashgʻulotning samarali va yuqori darajadagi talablarga javob bera olishini taʼminlash maqsadida mashqlarni real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib bormoqda. Oʻzbek harbiy muhandislari oʻrnatilgan mina va bombalarni qidirib topish hamda ularni zararsizlantirish borasida oʻzlarining nimalarga qodir ekanliklarini har tomonlama namoyish etishdi.

Oʻz navbatida hindistonlik yoʻriqchilar harbiylarimiz topshiriqni bajarayotgan paytda shartli ravishda minalardan birini portlatishdi. Bu jarayonlar dasturga muvofiq amalga oshirilib, mashgʻulotning real vaziyatga yaqinlashtirilgan holda oʻtishini taʼminladi. Oʻrnatilgan qolgan bombalar ham qidirib topish jarayonidan soʻn,g qoidaga binoan tajribali sapyorlarimiz tomonidan zarasizlantirildi. Shuningdek, har ikki davlat harbiy muhandislari terrorchilar tomonidan mina va bomba tayyorlashda ishlatadigan portlovchi moddalardan foydalangan holda oʻzaro tajriba almashishdi.

Yakunga koʻra podpolkovnik Prasant Bist yutuq va kamchiliklar nimlardan iborat boʻlganligiga eʼtibor qaratdi. Hindiston armiyasi tajribasidan kelib chiqqan holda oʻz taklif-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi. Terrorchilik tahdidi kuchaygan vaziyatlarda, ular foydalanadigan portlovchi vositalar tarkibini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etishiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Forish togʻ poligonida oʻtkazilayotgan ikki tomonlama oʻquv mashgʻulotlar tajribasi har ikki davlat harbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishiga shubha yoʻq.

Mashgʻulot davomida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti muxbiri podpolkovnik Prasant Bistdan intervyu oldi.

-Oʻzbekistonda bizning hamkorlikdagi mashgʻulotlarni olib borishimiz uchun yaratilgan sharoitlardan juda ham mamnunman. Mudofaa vazirligi mutaxassislarining qoʻlbola portlash uskunalarini topish va ularni zararsizlantirish borasidagi tajribalari maqtovga loyiq. Muhandis-sapyorlar eng soʻnggi zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan ekan. Poligondagi shart-sharoitlarni koʻrib, rosti hayratda qoldim. Jismoniy tayyorgarlikka juda katta eʼtibor berilar ekan. Ushbu oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar har ikki davlat mutaxassislari uchun yangi tajribalarni oʻrganish imkoniyatini yaratdi. Yurtingizga birinchi tashrifim ijobiy taassurot va tajribalarga boy boʻlmoqda, – deydi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?