Harakatlar strategiyasining uchinchi yilida nimalar oʻzgardi?

19:05 24 Yanvar 2020 Siyosat
548 0

Mamlakatimizning besh yillik taraqqiyotini belgilab beruvchi Harakatlar strategiyasi qabul qilinayotganida aholini oʻylantirayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama oʻrganish, tahlil qilish va ularni bosqichma-bosqich bartaraf etish boʻyicha maqbul choralarni koʻrish, bir soʻz bilan aytganda xalqimiz turmush farovonligini oshirish maqsad qilingan edi.

Mana, uch yillik Davlat dasturlari keng jamoatchilik ishtirokida qabul qilindi va ularning ijrosi deyarli taʼminlandi. Har yilgi Davlat dasturi orqali Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi salmoqli oʻzgarishlar orqali sohalar kesimida tizimli oʻzgarishlar boʻlmoqda. Oʻtgan 2019-yil ham munosib marralar va har sohada erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tarixga muhrlandi.

Agar dunyo mamlakatlari salohiyatini aks ettiruvchi xalqaro darajadagi manbalarga murojaat qilsak, Oʻzbekiston nomini yuqori darajada eʼtirof etilayotganini koʻrishimiz mumkin. Masalan, Buyuk Britaniyaning “The Economist” nashri 2019-yilda Oʻzbekistonni yilning eng yaxshi mamlakati, deb eʼlon qildi.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarning eʼtirofi sifatida Ozarbayjonning “Tarixiy shaxslar” jurnali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini “Yil odami” deb eʼlon qildi, shuningdek, Davlatimiz rahbari “Turk dunyosini qayta tiklashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston endilikda jahon hamjamiyati tomonidan jadal taraqqiy etayotgan, iqtisodiyotda barqaror oʻsish surʼatlariga erishayotgan, eng asosiysi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti tubdan yaxshilanayotgan, hayot darajasi izchil yuksalayotgan mamlakat sifatida eʼtirof etilmoqda.

Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining birinchi yoʻnalishi — Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish yuzasidan qator amaliy chora-tadbirlar hayotga joriy etildi.

“Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, unda Konstitutsiya va boshqa Qonunlarga Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va davlat qoʻmitalari raislari nomzodini Bosh vazir taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash va Prezident tomonidan tasdiqlash tartibi belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, hukumat aʼzoligiga nomzodning endilikda sohani rivojlantirish boʻyicha yaqin muddatga va istiqbolga moʻljallangan harakat dasturi bilan deputatlar oldida chiqish qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Oʻz navbatida, hukumat aʼzosi bundan buyon oʻz harakat dasturi ijrosi boʻyicha Oliy Majlis palatalari, ularning qoʻmitalarida muntazam ravishda axborot berib boradi. Hududlar kesimida esa, viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlarini tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Avvalo, qisqa vaqt ichida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga oid beshta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Oliy Majlis Senatida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, Qonunchilik palatasida esa Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitalari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, unga muvofiq, 2019-2020-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi.

Mazkur Farmon korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻlib, bundan koʻzlangan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish, eng yuqori darajadagi qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan. Ana shu maqsadlar yoʻlida 2019-yil 1-avgustdan eksperiment tariqasida kapital qurilish va oliy taʼlim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Eng muhim oʻzgarishlardan yana biri, bu shubhasiz, Oʻzbekiston Respublikasi saylov kodeksining qabul qilinganidir. Mazkur kodeksda fuqarolarning saylov huquqlari bilan bogʻliq bir-birini takrorlovchi normalar aks etgan beshta Qonun birlashtirilib, bugungi kunga qadar tarqoq holda amal qilgan saylov toʻgʻrisidagi qonunlar va qonunosti hujjatlari xalqaro norma va standartlar hamda ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib kodifikatsiya qilindi hamda saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlar nazarda tutildi.

Natijada “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlar barcha demokratik tamoyillarga tayangan holda, xalqaro standartlar talablariga mos darajada, ochiq va oshkor tashkil etilganini xalqaro missiyalar vakillari, xalqaro ekspertlardan iborat kuzatuvchilar, xorijning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ham eʼtirof etishdi.

Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, bu borada sudlarning ish yuklamasini kamaytirish hamda nizolarni sudgacha hal qilish maqsadida mediatorlarni tayyorlash tizimi yaratilgani, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlash joiz.

Shu bilan birga, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat etilib, ularga sud ekspertizalarining 44 ta turlarini oʻtkazish huquqi berildi. Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etilgani esa, sud tizimida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha yuqori samaradorlik taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Aholini bepul huquqiy yordam bilan taʼminlash maqsadida “Advice.uz” bepul interaktiv axborot portali ochilib, unda fuqarolar hayoti davomida toʻqnash keladigan mingdan ortiq holatlarning yuridik yechimlari aniq va sodda tilda savol-javob shaklida bayon etib borilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani, Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi yopilganini esa, butun jahon hamjamiyati olqishlaganiga barchamiz guvoh boʻldik. Hukm qilingan shaxslarga pensiya toʻlash tartibining joriy etilgani ham mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlari olib borilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadi ekanidan dalolatdir.

Yurtimizda har bir hududda sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha kunlik tezkor maʼlumotlarni hokimliklarga taqdim etib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani, 1,5 mingdan ortiq profilaktika inspektori, xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha 301 nafar profilaktika katta inspektori, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha 214 nafar ofitser, vaziyati ogʻir hududlarda 89 nafar psixolog lavozimlari joriy etilgani, oʻz navbatida, jinoyatchilikning keskin kamayishiga sabab boʻldi. Misol uchun, oʻtgan 2018-yilda respublikada 49011ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2019-yilning mos davrida bu koʻrsatkich 46089 tani tashkil etdi yoki 2922 taga, salmoqli ravishda kamaydi.

Shuningdek, 2019-yilda davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich xususiy notarial idoralarga aylantirila boshlanishi, qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklardan ruxsat olish talablarining bekor qilinishi, bitimlarni videokonferensaloqa rejimida amalga oshirishga ruxsat etilish, mol-mulk lizingi va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinishi kabi yangiliklar yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi yoʻlidagi izchil islohotlar samarasidir.

Umuman, davlat dasturining qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 2019-yilning toʻqqiz oyida 24 ta Qonun, 13 ta Prezident Farmon va qarorlari, 44 ta Hukumat qarorining qabul qilingani va hayotga tatbiq etilgani bu sohada naqadar keng va salmoqli saʼy-harakatlar amalga oshirilganini tasdiqlab turibdi.

Davlat dasturi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borilgan ishlar natijasida poraxoʻrlik holatlari boʻyicha 2018-yilda 1202 ta jinoyat roʻyxatga olingan boʻlsa, 2019-yilning mos davrida bu koʻrsatkich 1071 tani tashkil etib, 10,9 foizga qisqarishiga erishildi.

Jamiyatda kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” deb belgilandi. Jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish va jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy taʼqib qilish muddatlari maqbullashtirildi.

Shuningdek, agar ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab oʻn yil, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab yigirma besh yil oʻtgan boʻlsa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar yaratish yuzasidan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan faktlar boʻyicha tadbirkorlik subyektiga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatishga faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining roziligi bilan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarining roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi belgilandi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yoʻnalishlari haqida toʻxtaladigan boʻlsak, oʻtgan qisqa davr mobaynida sohada xalqaro standartlarga mos tizimli yangilanishlarning amalga oshirilishi sohani yanada erkinlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishning yangi imkoniyatlarini ochib berdi.

Ayniqsa, milliy valyuta — soʻmning erkin konvertatsiyasi joriy etilgani, soliq va byudjet siyosatining yangi asosda shakllantirilgani, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoyalash keskin kuchaytirilgani muhim oʻzgarishlardan boʻldi. Ushbu oʻzgarishlarning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar qilinmoqda.

Jumladan, iqtisodiyotning mazkur yoʻnalishlarini tartibga solish va takomillashtirish boʻyicha Prezidentning qator Farmon va qarorlari qabul qilindi, shuningdek, “Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi yangi qonun kuchga kirdi, Soliq va Bojxona kodekslariga, Soliq va Bojxona xizmatlari toʻgʻrisidagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, takomillashtirildi. “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Bank va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Markaziy bank toʻgʻrisida”gi Qonunlar qabul qilindi.

Bularning barchasi milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga, tarmoqlarda jahon standartlariga mos, tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlmoqda. Shu va boshqa omillar evaziga 2019-yil yalpi ichki mahsulotning (YAIM) oʻsish surʼati 5,4 foiz belgilangan prognoz koʻrsatkichi oʻrniga 5,5 foizni tashkil etdi hamda 2018-yilda erishilgan 5,1 foiz koʻrsatkichidan yuqori boʻlishi taʼminlandi.

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilingan 2019-yilda investitsiyalarni jalb etish va oʻzlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019-yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan investitsiyalarni oʻzlashtirish hajmi 220,7 trln soʻmga yetkazilib, tasdiqlangan yil prognoziga nisbatan 2 barobarga oʻsdi. Shu oʻrinda asosiy kapitalga investitsiyalar xajmi 189,9 trln soʻmni, 2018-yil koʻrsatkichlariga nisbatan oʻsish surʼati esa 1,3 barobarni tashkil etdi.

Investitsiya faoliyatining sezilarli oʻsishi 13,3 mlrd. dollarni tashkil etgan horijiy investitsiyalarning oqimi va oʻzlashtirilishi bilan bevosita bogʻliq boʻlib, unda: toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 9,3 mlrd. dollar, shundan, asosiy kapitalga – 6,6 mlrd. dollar, davlat kafolati ostidagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 4,0 mlrd. dollar, shundan asosiy kapitalga – 3,2 mlrd. dollar oʻzlashtirildi. Bunda oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning umumiy investitsiyadagi ulushi 37 foizga yetkazildi.

Mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning yana bir oʻta muhim jihati, ularning hududlarni kompleks va jadal rivojlantirishga qaratilganidir. Bu borada mahalliy byudjetlarning yuqori byudjetlarga boʻlgan bogʻliqligini keskin kamaytirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet mablagʻlarini boshqarishdagi mustaqilligi va masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar barcha boʻgʻindagi byudjetlarning barqarorligini taʼminlovchi tizimni yaratibgina qolmay, Davlat byudjetining mutanosibligini hamda samarali ijrosini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Buning tasdigʻini 2019-yilning toʻqqiz oyida Davlat byudjeti daromadlari qariyb 79,2 trillion soʻmni tashkil qilib, (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga koʻp), mahalliy byudjetlar ixtiyorida esa 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qolgani (oʻtgan yilga nisbatan 1,1 trln. soʻmga koʻp)da ham koʻrish mumkin.

Mazkur chora-tadbirlarning hayotga joriy etilishi nihoyatda qisqa muddatda hududlarning resurs salohiyatidan unumli, samarali foydalanishga, mavjud imkoniyat va rezervlarni ishga solishga, mahalliy byudjetlar daromadlarining ortishiga katta imkoniyat yaratib berdi.

Toʻrtinchi — Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga kelsak, bugun yakka-yolgʻiz nuroniylarga, kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalarga hamda nogironlarga koʻrsatilayotgan mehr-oqibat, diqqat-eʼtibor — ularning huquq va manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyish, uy-joy bilan taʼminlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning eʼtiborini kuchaytirish, moddiy taʼminotini keskin yaxshilash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar ham bugungi yangi bosqichdagi islohotlar mevasidir.

Zero, “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla”, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi Davlat dasturlari va rejalari doirasida olib borilayotgan ishlar bugun xalqning hayot darajasi hamda farovonligini oshirish yoʻlidagi gʻamxoʻrlikning yorqin namunasidir.

Binobarin, 2019-yilgi Davlat dasturiga koʻra, mamlakatimizda jami 370 ming yangi ish oʻrinlari tashkil etish belgilangan boʻlsa, oʻtgan toʻqqiz oy ichida 266,3 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilib, bu boradagi prognoz 119,8 foizga ortigʻi bilan bajarildi. Yoki 2018-yilga nisbatan ishga joylashtirilgan aholi soni 1,4 baravar, ishsizlik nafaqasi tayinlangan ishsizlar soni 4,5 baravar oshdi. “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturlari doirasida 252,7 mingdan ortiq aholi tadbirkorlikka jalb etildi. 9 672 nafar ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi.

Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar borasida Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasida olib borayotgan faol va samarali, ochiq va kreativ faoliyati dunyoning barcha davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarning yanada kengayishi va rivojlanishida muhim omil boʻlmoqda. Bu oʻrinda, birinchi navbatda, yon qoʻshni – jon qoʻshnilar boʻlgan Markaziy Osiyoning boshqa qardosh davlatlari bilan munosabatlar iliqlashgani, oradagi muzlar erigani, oʻzaro manfaatli aloqalar izchil yoʻlga qoʻyilgani, minglab oddiy odamlarning chegaralardan bemalol oʻtayotgani, mintaqa boʻylab erkin harakatlanish, qarindosh-urugʻlar bilan bordi-keldi qilish uchun barcha sharoitlarning yaratilgani muhim tarixiy qadam boʻldi.

Davlat rahbarining qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni taʼminlashning muhim sharti ekani toʻgʻrisidagi fikrlari BMT hamda boshqa koʻplab xalqaro tashkilotlar, jahondagi yetakchi davlatlar eʼtiborini ushbu murakkab muammoning yechimiga qaratdi. Oʻzbekiston Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda.

Shu bilan birga, jahonning eng rivojlangan davlatlari bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, taʼlim, madaniyat va sport, sogʻliqni saqlash, gumanitar sohalarida, shuningdek, terrorizm, diniy ekstremizmga qarshi kurash, xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan oʻrnatilgan oʻzaro teng manfaatli hamkorlik aloqalarining tobora kengayib va mustahkamlanib borayotgani diqqatga sazovor. Bularning barchasi mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Oʻzbekiston inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha mustaqil siyosatini qatʼiy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda. Mamlakatda mahbuslarni afv etish instituti joriy etilib, keyingi uch yilda yetti marta afv eʼlon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 4 ming nafarga yaqin mahbus jazoni oʻtash joylaridan ozod etildi.

Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasining yopilgani, 156 nafar fuqaro (asosan ayollar va bolalar) jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelinib, ularning fuqarolik huquqlari tiklangani xalqaro jamoatchilik tomonidan olqishlanib, bu mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning yana bir hayotiy ifodasi ekani taʼkidlandi. Umuman, bugungi Oʻzbekiston oʻz fuqarolarining haq-huquqlari, manfaatlari va erkinliklarini ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, himoya qilishga qodir davlat sifatida oʻzini namoyon etmoqda.

Eng muhimi, bugun Oʻzbekistonda jamiyatdagi mavjud muammolarga koʻz yumish, uni xaspoʻshlash emas, balki aholini qiynayotgan har qanday masalaga ijobiy yechim topishga boʻlgan intilish kuchaydi, qonunlar ijrosi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining taʼsiri ortib bormoqda. Ayniqsa, mansabdor shaxslarning va davlat organlarining masʼuliyati anchayin oshgani, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyil hayotda oʻz amaliy ifodasini topayotgani muvaffaqiyatlar omili boʻlmoqda.

Bularning barchasi, oʻz navbatida, erkin va adolatli jamiyat shakllanishiga, unda sogʻlom muhit qaror topishiga, odamlarning rozi boʻlishiga va amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi kuchayishiga hamda yurt taraqqiyoti yoʻlida astoydil, faol ishtirok etishiga zamin yaratmoqda. Bu hayotbaxsh islohot va yangilanishlar butun jamiyatni, uning aʼzolari boʻlgan har bir insonni amaliy ishlarga safarbar etib, el-yurt manfaatlari, Vatan kelajagi yoʻlida jipslashtirmoqda.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, degan ezgu gʻoyasi bugun izchil roʻyobga chiqmoqda.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?