Har qanday yordam — oltinga teng!

16:10 24 Iyul 2020 Jamiyat
232 0

Bir necha kun oldin Fargʻonada koronavirus pandemiyasining navbatdagi toʻlqiniga tayyorgarlik jarayonlari haqida yozgan edim. Ushbu tayyorgarlik jarayonlaridan xabar topgan bir nechta tadbirkorlar men bilan bogʻlanishdi va viloyatimiz aholisi uchun oʻz yordamlarini ayamasliklarini bildirishdi. Xususan, bir tadbirkor 30 ta kislorod konsentratorini viloyatimiz boʻylab bepul tarqatishini aytsa, boshqa tadbirkor esa tuman hokimligiga zaruriy tayyorgarlik choralari uchun 20,0 mln.soʻm mablagʻni koʻmak tariqasida oʻtkazib berdi.

Kuni kecha esa Fargʻona shahrida faoliyat yurituvchi “Moderna Ceramic industries Ferghana” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasining rahbari Dilmurod Ahmedov va korxonaning Xitoylik taʼsischilari tunu kun fuqarolar xizmatida boʻlayotgan shifokorlarimiz ogʻirini yengil qilish maqsadida tez tibbiy yordam boʻlinmasiga 1 ta "Damas" rusumli avtomobil xarid qilishini bildirgan edi. Bugun mana shu tez yordam avtomobili men saylangan Margʻilon shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qoshida tashkil etilgan maslahat guruhiga topshirildi.

Prezidentimiz aytganlaridek, haqiqatdan ham bugungi kun tadbirkori yurt tayanchidir. Yurtimizda karantin choralari joriy etilganidan boshlab juda koʻplab tadbirkorlarimiz xalqni qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻplab xayriya ishlarini amalga oshirishdi, dastavval oddiygina niqoblar tarqatish bilan boshlangan saxovatli ishlar bugun katta hajmni tashkil etmoqda. Mana shunday qiyin vaqtlarda xalqimizga, davlatimizga oʻz yordamini ayamayotgan tadbirkorlarga rahmatlar aytamiz. Zero, bugungi sinovli kunlarda tibbiyot tizimimiz uchun har qanday yordam oltinga teng!

Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?