Har oilada doʻmbira boʻlsa...

16:40 26 Iyun 2019 Jamiyat
288 0

Avvallari deyarli har oʻzbek xonadonida, albatta, dutor, doʻmbira, doira kabi cholgʻu asboblarining birortasi boʻlardi. Uyga mehmon kelsa yoki qaysidir quvonchli kun munosabati bilan doʻst-u ogʻaynilar bir davraga yigʻilib qolsa, tanovuldan soʻng jonli ijroda qoʻshiq, musiqa yangrardi. Ayniqsa, qish kechalari joʻshib kuylangan doston-u termalarni aytmaysizmi?! Odamlar ularni sel boʻlib tinglagan, hatto tonggacha uxlamasdan doʻmbira sadosiga, baxshining xonishiga mahliyo boʻlib oʻtirgan...

Afsuski, globallashuv jarayonlari, “ommaviy madaniyat”­ xalqlarning necha ming yillik milliy anʼana va qadriyatlariga, yoshlar tarbiyasiga jiddiy taʼsir oʻtkazmoqda. Xalqning asriy orzu-armonlarini, ezgu niyat-istaklarini oʻzida mujassam etgan maʼnaviy durdonalar yoʻqolib ketyapti.

Prezidentimiz tashabbusi asosida mamlakatimizda insonlarning madaniy saviyasini oshirish, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviy immunitetini mustahkamlash, umuman, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishning samarali yoʻli sifatida xalqimizning bebaho sanʼati — maqom va baxshichilikni qayta tiklash, ularni yanada ommalashtirish, ilmiy jihatdan tadqiq va targʻib etish borasida keng koʻlamli ishlar olib boril­moqda. Jumladan, ­davlatimiz rahbarining qaroriga koʻra, Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgani nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon ahlini ushbu sanʼatning noyob namunalaridan bahramand qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Yurtboshimizning joriy yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini ham xalqimiz katta mamnunlik bilan kutib olgani bejiz emas. Zero, baxshilar ajdodlarimiz qahramonliklari, ezgu tutumlari, fazilatlarini kuylarkan, qalbimizda gʻurur-iftixor joʻshadi. Qadriyatlar jonlanadi, qahramonliklar uygʻonadi. Xalq dostonlari oʻzligimizdan begonalashishdan, tariximizni unutishdan saqlaydi.

Mazkur qaror xalqimiz madaniyatining hayotbaxsh sarchashmasi boʻlgan baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish, uning milliy madaniyatimiz va sanʼatimizdagi oʻrni hamda ahamiyatini yuksaltirish, yosh avlodni milliy oʻzlikni anglash, ­Vatanga sadoqat, tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiya­lash yoʻlidagi yana bir muhim qadamdir.

Qarorga muvofiq, Termiz shahrida Respublika Baxshichilik sanʼati markazi, uning huzurida Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilishi ham barchamizni behad quvontirdi. Markaz faoliyati keng qamrovli ekani diqqatga sazovor. Xususan, baxshichilik sanʼatining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur oʻrganish va mustahkamlash, sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga xos ijro uslublari, “Ustoz — shogird” anʼanalarini qayta tiklash, madaniyat markazlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari qoshida baxshichilik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etish, sara dostonlar, termalarning namunalarini toʻplash hamda fondini yaratish, ularning audio, video variantlarini koʻpaytirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga doir vazifalar ushbu noyob sanʼatni yanada rivojlantirishga katta turtki beradi. Bu boradagi saʼy-harakatlar, oʻz navbatida, xalqi­mizning koʻhna va betakror sanʼati namunasi boʻlgan baxshichilikni YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilishiga puxta zamin yaratadi.

Yurtboshimiz bahorda Surxondaryo viloyatiga safari chogʻida har bir oilada bittadan doʻmbira, bittadan qorabayir ot boʻlishi kerak, degan fikrni aytdi. Bu gapning zamirida ham juda katta maʼno bor. Doʻmbira — sanʼat, yaʼniki ezgulikka oshuftalik timsoli. Qorabayir esa mardlik, shi­joat va baraka ramzi. Qolaversa, bu ikki vosita misolida ming yilliklarga tutash azaliy qadriyatlarimizni qadrlab yashashga daʼvat bor. Zero, ezgulikka oshufta el, oʻzligini unutmagan xalqning buguni ham, ertasi ham, albatta, yorugʻ boʻladi.

Uljan QARSHIBAYEVA, Samarqand tibbiyot institutining “Pedagogika, psixologiya, rus va o'zbek tillari” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?