Har yili suv tanqisligidan 1,2 mln. kishi xastalikka duchor boʻlmoqda

14:50 13 Yanvar 2020 Jamiyat
238 0

Suv tabiatning eng muhim boyligi. Usiz hayotni tasavvur qilib boʻlmaydi. Butun jahonni tashvishga solib kelayotgan ichimlik suvi aholining ortishi, ishlab chiqarish korxonalarining koʻpayishi va rivojlanishi, qoʻshimcha sugʻoriladigan yerlarni oʻzlashtirilishi, befoyda va behuda isrofgarchiliklar tufayli miqdorini kamayishi, sifatini pasayayotganligi obu hayotga boʻlgan talabni oshirmoqda. Xalq iborasi bilan aytganda, qayerda suv boʻlsa hayot oʻsha yerda, suv tugagan joyda hayot ham tugaydi.

Yurtimizda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinayotgan boʻlsa-da, ayrim joylardagi ichimlik suv taʼminoti past darajada ekanini koʻramiz. Bu toza ichimlik suv taʼminotida muammolar borligidan dalolat beradi.

Ayni paytda aholiga oʻz vaqtida davlat standarti talablariga javob beradigan toza ichimlik suvi bilan taʼminlash bugunning dolzarb masalasidir. Ayniqsa, yurtimizning choʻl hududlarida bunga ehtiyoj yuqori. Bu muammolarni bartaraf etish uchun suv zaxiralarimizdan oqilona foydalanish, uni befoyda sarflanishiga yoʻl qoʻymaslik, ifloslantirmaslikni taqozo etadi. Hech kimga sir emas, koʻplab viloyatlarimizda aholi ichimlik suvi sifatida yer osti suvlaridan foydalanadi.

Hozirgi kunda jahon miqyosida chuchuk suv ishlatish hajmining yildan-yilga ortib borishi va buning oqibatida suv tanqisligi kelib chiqayotganligi ayni haqiqat. Hatto BMT tomonidan 2003-yilning “Xalqaro toza suv yili” deb eʼlon qilgani buning yaqqol misolidir. BMTning “Atrof-muhit muhofazasi” dasturi maʼlumotiga koʻra, hozirda dunyodagi mavjud daryolarning yarmi jiddiy ifloslangan. Yer shari aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Har yili toza ichimlik suvining tanqisligi tufayli 1,2 mln. kishi turli xil xastaliklarga duchor boʻladi, 5 mln. kishi ifloslangan va sifatsiz suvdan isteʼmol qilishga majbur.

1995-yilda “Gidro axborot markazi” tomonidan yer osti suvlarning ifloslanish darajasi boʻyicha olib borilgan monitoring va kuzatuvlar natijasida yer osti suvlarning barcha manbalar boʻyicha bashorat resurslari va zaxiralari qayta hisoblab chiqildi. Bunga koʻra, minerallashgani 1kg/gacha boʻlgan chuchuk suv zaxiralari soʻnggi 30 yil davomida 40% kamaygan. Eng koʻp kamayish respublikaning Gʻarbida, Amudaryoning quyi qismlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda suv resurslarining ajralmas bir qismi boʻlgan yer osti suvlaridan asosan aholi ehtiyoji uchun foydalanilmoqda. Ishlab chiqarishning jadal surʼatlarda rivojlanishi, baʼzi bir mintaqalarda suv muhofazasi bilan bogʻliq tadbirlarning amalga oshirilmayotganligi va suv zaxiralarining ifloslanishi haqida ogohlantirishning mavjud emasligi, yer osti suvlari sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda.

Nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda ichimlik suvi muammosi bor. Garchi, yer yuzasining katta qismi suvlikdan iborat boʻlsa ham chuchuk suv zaxiralari ikki foizni tashkil etadi. Buning hammasi ham isteʼmolga yaroqli emas. Baʼzi bir mamlakatlarda chuchuk suv zaxiralari yetarli boʻlmaganligi yoki umuman yoʻqligi sababli qanchadan-qancha kishilar mashaqqat chekmoqda. Respublikamizda ham shunday suv zaxiralariga ega boʻlmagan joylar topiladi. Shu munosabat bilan yer osti suv resurslarini oʻrganish usullarini yanada takomillashtirish, milliy va xalqaro miqyosda yer osti suvlarini kompleks boshqarish salohiyatini oshirish, yer osti suvlaridan foydalanish borasida ilm-fan va amaliyotning hamkorligini taʼminlash va rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar oʻz yechimini kutib yotibdi. Dunyoning koʻplab davlatlari singari mamlakatimizda ham lalmikor va choʻl hududlarida yer osti suvlari yagona chuchuk suv manbai ekanini hisobga olgan holda, u iqtisodiy va ekologik tizimning barqarorligini taʼminlashda eng asosiy omillardan biri ekanini unutmaylik.

Sanjar TURSUNOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?