“Har gal vaʼda berishadi, ammo hech narsa oʻzgarmaydi...” — Bugun matbuotda

11:41 09 Iyul 2020 Jamiyat
276 0

«Inson umrini yoʻlga qiyoslaymiz: uzun-qisqa, tekis yoki oʻnqir-choʻnqir... Kattalar umr yoʻling uzun va ravon boʻlsin, deb duo qiladi. Odamzod borki, yoʻl soʻzi unga doim hamrohlik qiladi... Respublikamizning chekka hududlaridan birida yangi tuman tashkil etildi. U yangi boʻlsa-da, nomi bizga tanish, qadrdon — Tuproqqalʼa!...»

Yangi Oʻzbekkiston gazetasida eʼlon qilingan “Yangi kun — yangi imkoniyat degani” sarlavhali materialda shunday mulohazalarni oʻqiysiz. Material muallifi Sohiba Mullayevaning yozishicha, xalqimizning goʻzal qadriyatlari bor. Kimdir uy koʻtarsa yoki taʼmirlash ishlarini qilayotgan boʻlsa, yaqinlari, qoʻni-qoʻshnilari holidan xabar olishga oshiqadi. Xorazmliklar ham shunday: “Hormang, yoshulli”, deb topganini dasturxon qilib, hasharga boradi. Tuproqqalʼa tumanini aylanar ekansiz, katta bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlasiz.

Xalq soʻzi” gazetasida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yoʻldoshevning “Yoshlar uchun har jihatdan ibrat ijodkor” sarlavhali maqolasi chop etilgan. Unda Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodiy merosini chuqur oʻrganish, keng targʻib qilishning ahamiyati bu borada oliy oʻquv yurti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha yoritiladi. Bu borada Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti tomonidan qilinayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtilgan. Muallifning fikricha, shoir sheʼrlarida Vatanga anʼanadagi meʼyorlar, siyqasi chiqqan qoliplar bilan yondashmasdan, yuragi tubidagi eng sohir tuygʻularini oʻquvchi qalbining har bir torini titratadigan, koʻnglining eng chuqur yerigacha yetib boradigan darajada ifodalaydi.

Ishonch gazetasi berilgan “Kambagʻallikdan qutulish imkoni bor” nomli maqolada Chiroqchi tumanidagi “Chiroqchi” MFY raisi Momosuluv Berdiqulova oʻz mahallasidagi kam taʼminlangan va yordamga muhtoj oilalarni kambagʻallikdan qutqarish uchun qanday ish olib borayotganligi haqidagi tajribalari bilan oʻrtoqlashgan. “Gadjetlar ajin sababchisi(mi?)” maqolasida esa telefon, planshet, kompyuter kabi zamonaviy moslamalardan chiqayotgan HEV– high- energy veseble, “moviy nur” deb ham ataluvchi nurning zararlari, ayniqsa, yuzga ajin tushirish xususiyatlari haqida soʻz boradi. Maʼlum boʻlishicha, bu nur ultrabinafsha nurlaridan ham zararliroq ekan. Maqolada muallif dermatolog mutaxassisning ushbu nurdan qanday himoyalanish, qarshi kurashish borasidagi foydali maslahatlarini ham aytib oʻtadi.

Nega chekka hududlarda kadrlar taqchilligi kuzatilmoqda? Buning qanday sabablari bor? Nega yoshlar oʻqishni tamomlagach, qishloqqa qaytishni istashmayapti? Ayni mulohazalar Mahalla gazetasida chop etilgan “Chekka hududlarda kadrlar taqchilligi qanday hal etiladi?” sarlavhali maqolada oʻz aksini topadi. Shuningdek, “Har gal vaʼda berishadi, ammo hech narsa oʻzgarmaydi...” sarlavhali materialda joylardagi muammolar va ularning yechimida mutasaddi xodimlarning sansalorlikka yoʻl qoʻyayotgani, “Bajaramiz”, “Keyingi yil dasturiga kiritamiz” qabilidagi yondashuvlari tanqid qilinadi.

Postda — Na postu gazetasida berilgan “Xolis boʻlaylik, azizlar!” maqolasida tinchlik-osoyishtaligimiz posbonlari boʻlmish ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli xizmat faoliyati va bu jarayonda yuzaga kelayotgan ayrim koʻngilsizliklar tufayli fuqarolarimiz tomonidan bildirilayotgan eʼtirozlarning qanchalik haqiqat ekanligi toʻgʻrisida soʻz boradi. “Svetofor oʻrnatilsa...” sarlavhali maqolada esa poytaxtimizda qad rostlagan yangi uch qavatli koʻprikda yuzaga kelayotgan muammolar va uning yechimiga bagʻishlangan fikr-mulohazalar bilan tanishasiz.

Shuningdek, “Vijdon amriga quloq tutib...” maqolasida 10 ming AQSH dollari taklif etishganiga qaramay, oʻz kasbi va qasamyodiga sodiq qolib, jamiyatimizdagi eng jirkanch illat boʻlmish korrupsiyaning oldini olishda munosib xizmat qilgan ichki ishlar organlari xodimi haqida soʻz yuritiladi.

O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?