Har doimgidek kasallikning oldini olishga emas, davolashga eʼtibor kuchaytirildi — deputat

09:13 15 Iyul 2020 Siyosat
257 0

2007-yil Jahon bankining “Salomatlik-2” loyihasi doirasida Oʻzbekistonda umumiy amaliyot vrachlarini tayyorlash boʻyicha tashkil qilingan oʻquv mashgʻulotlarini muvaffaqiyatli yakunlab, tajriba almashuv va sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar bilan tanishish maqsadida Estoniya davlatida malaka oshirishda boʻlgan davrimda oʻzim uchun xulosalar qilgan edim. Estoniya davlati Tartu shahridagi Tartu Universitetida “Oilaviy tibbiyot va poliklinika yordami” klinikasida umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlash jarayonlari, umumiy amaliyot shifokorlarining malaka oshirish jarayonlari bilan tanishib, joylarga chiqib oilaviy poliklinikalarda oilaviy shifokorlarning ish faoliyati, kasalliklarning oldini olishda amalga oshirayotgan ishlari, ularning aholining yaqinida yashab, yaqinida faoliyat koʻrsatishi, aholi bilan tez bogʻlanish yoʻlga qoʻyilgani, oilaviy shifokorning yoʻllanmasisiz hyech bir tibbiy muassasa aholini qabul qilmasligi, oilaviy shifokorning ijtimoiy taʼminoti, oylik maoshlari tor mutaxassislarga qaraganda ancha yuqoriligi, oilaviy poliklinikalarda aholi uchun yaratilgan sharoitlar, asosan kasalliklarni oldini olish uchun muolajalar yoʻlga qoʻyilgani, ayniqsa xalq tabobatiga asoslangan muolajalar eʼtiborimni jalb qilgan, menda katta taassurot qoldirgan edi. Oʻsha yillari maqsad bosqichma-bosqich Oʻzbekistonda xam oilaviy poliklinikalar faoliyatini izga solish, oilaviy shifokorlar-umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlashni yoʻlga qoʻyish edi. Oʻsha paytda xorijiy malaka oshirishdan keyin mamlakatga qaytib sogʻliqni saqlash vaziri bilan uchrashib Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimida reforma qilishda oilaviy poliklinikalarda kasalliklarning oldini olishga qaratilgan muolajalarni yoʻlga qoʻyish va oilaviy shifokorlarga birinchi navbatda ish sharoiti yaratib berish hamda mehnatiga munosib haq toʻlash lozimligi, tibbiyot sohasida axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish lozimligi haqida taklif bildirgan edim.

Yillar oʻtib Oʻzbekistonda xam oilaviy poliklinikalar faoliyat koʻrsata boshladi. Lekin poliklinikalarni ish faoliyati emas, nomigina oʻzgardi. Poliklinikalarda faoliyat koʻrsatib turgan tor mutaxassislar birin-ketin oilaviy shifokor-umumiy amaliyot shifokori malakasiga 10 oy davomida oʻqitila boshlandi. Toshkent davlat tibbiyot instituti Toshkent davlat tibbiyot akademiyasiga aylantirildi va umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligiga talabalar oʻqitila boshlandi.

Nima uchun bizda birlamchi tizim ogʻir ahvolga kelib qoldi? Chunki 10 oy davomida oʻqitilgan shifokorlar umumiy amaliyot shifokori vazifasiga toʻliq tayyor emas edilar, xirurg avvalgiday xirurgik bemorlarni, ginekolog oʻziga tegishli bemorlarni, pediatr bolalarni qabul qila boshladi. Aholi yana bir nechta shifokorlar orasida qoldi. Poliklinikaga keltirilgan tibbiy-diagnostik apparaturalardan foydalanishni xam bilishmasdi. Umumiy amaliyot shifokorlari mutaxassisligiga oʻqitilayotgan talabalar esa, oʻqishni bitkazib chekka qishloqlarda oilaviy poliklinikalarda umumiy amaliyot shifokori boʻlib ishlagisi kelmadi. Yosh umumiy amaliyotchilar oylik maosh baland boʻlgan turli farmatsevtik kompaniyalarda ishlashni, yoki tor mutaxassis boʻlishga intilib taʼlimning keyingi bosqichi klinik ordinatura, magistraturada oʻqishni afzal koʻra boshlashdi. Koʻpchilik tibbiyot xodimlari sogʻliqni saqlash tizimi birinchi boʻgʻini boʻlgan poliklinikalarni oilaviy poliklinikalarga aylantirib, ona va bolaning bir joyda tibbiy xizmat qabul qilishi notoʻgʻri ekani haqida, oldingi tor mutaxassislar qaytarilishi, kattalar poliklinikasi alohida, bolalar poliklinikasi alohida boʻlishi lozimligi haqida koʻplab fikrlar bildirdilar. Lekin men xar doim oʻz fikrimda qolaman. Oilaviy poliklinikalar oilalar uchun juda qulay tizimdir. Chunki hamma oila aʼzosi bitta joyda oilaviy shifokoridan maslahat olishi, bitta joyda tekshiruvdan oʻtishi, bitta joyda davolanishi judayam qulay hisoblanadi. Ammo tanganing ikkinchi tarafi xam bor. Oilaviy shifokor shunga yarasha mehnat xaqi baland, ijtimoiy himoyalangan, bilimli boʻlishi lozim. Koʻpdan koʻp bilimli shifokorlarimiz chet davlatlarga ketib qolishdi.

Har bir mahallaga biriktirilgan oilaviy shifokorlar bor. Aholining birinchi navbatda aloqaga chiqadigan, maslahat soʻraydigan odami oilaviy shifokor boʻlishi kerak. Hozir karantin davrida fuqarolar vahimaga tushib, maslahat olish uchun 1003 raqamiga soatlab tusha olishmayapti. Oilaviy shifokori 1003 ga telefon qilishini aytib goʻshakni qoʻyib qoʻyishi, murojaatchilar oilaviy shifokoriga chiqib oʻzida virus borligiga shubha qilayotganini aytganda, men sizga xizmat qilmayman, tez yordamga telefon qiling deb rad qilishi holatlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalmoqda. Murojaatlar shu qadar koʻpki, 1003 raqami javob berishga ulgurmayapti. Aholi ikki oʻrtada sarson boʻlyapti. Oilaviy shifokorning oylik maoshini oshirib, mahallada xuddi IIB profilaktika inspektoriga xizmat uyi qurib berganday uy qurib berilsa, oiladan biron chaqiriq boʻlsa, tez yetib borishi uchun imtiyozli kredit asosida mashina bilan taʼminlansa, aloqa vositalari — internet, telefon aloqasi bilan taʼminlansa (hozirgi davrda telefonsiz xonadon yoʻq), oʻziga biriktirilgan mahalla aholisi bilan telefon aloqasi oʻrnatilgan boʻlsa, tibbiy maslahat olish uchun aholi tezda oilaviy shifokoriga chiqsa, ogʻir asoratlarning oldi olinadi. Hozirgi sharoitda sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida koronavirus kasalligi tez tarqalishi tufayli kasallarni qabul qilish, davolashga kuchi yetmasligini ochiq aytib turgan bir paytda nima uchun oilaviy shifokorlar jarayondan chetda qolyapti? Shu bugungacha kasallikning shifosi topilmay turgan bir paytda asosiy vazifamiz kasallikning oldini olish — aholi orasida oddiy targʻibot, tushuntirish ishlari olib borish emasmi? Mayli ertaga bu kasallikning davosi topildi xam deylik, viruslar ham mutatsiyaga uchraydi, hayotini davom ettiradi. Ertaga virusning boshqa bir turi kirib kelmasligiga hyech kim kafolat bera olmaydi-ku. Karantindan oldin Sogʻliqni saqlash vazirligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasida sogʻliqni saqlash sohasidagi muammolar boʻyicha eshituv oʻtkazilganda, oilaviy shifokorlar mavqeini oshirish lozimligini, chunki aholi birinchi boʻlib oilaviy shifokorga murojaat qilishi va vaqtida maslahat ola bilishi kerakligini, shundagina biz koʻp kasalliklarning oldini olishga erisha olishimiz, tor mutaxassislarga kasallik qolmasligini, shundagina umumiy amaliyot shifokori boʻlib yetishib chiqayotgan yoshlarimiz farmatsevtik kompaniyalarga ketib qolmasdan, shu sohada ishlashlarini, shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimlarimiz boʻshab qolishini aytganimda, koʻpchilik vazifalar moliya bilan bogʻliq degan javob aytildi. Qachongacha sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar moliyaga qarab belgilanadi. Har bir oilaviy poliklinikada, albatta, polimeraz zanjirli reaksiyasi (PZR) oʻtkaza oladigan apparaturalar boʻlishi lozim. Chunki bu apparat bilan faqat koronavirusni emas, boshqa koʻplab diagnostik maqsadlarda ishlatish mumkin. Aslida koʻplab kasalliklar tashxisi uchun tibbiy tahlil topshirish uchun viloyat markaziga qatnab, necha soatlab navbat kutib, xuddi shuningdek javobini olish uchun yana soatlab navbat kutish holatlari shu bugungacha xalqni qiynab kelmoqda. Agar poliklinikalarda polimeraz zanjirli reaksiyasi oʻtkaza oladigan apparaturalar boʻlsa, hozirgiday virusga test topshirish uchun 2-3 kunlab navbat kutish holatlari boʻlmas edi. Test topshirganlar esa 3-4 kunda javobini olyapti. Bu esa kasallikni ogʻirlashishiga sabablardan biri boʻlishi mumkin. Tibbiy muassasalarda vahimaga tushib boshqaruv jarayoni izdan chiqmoqda. Shifokorlar kimdan najot olishini bilishmayapti. Bunga ham sabab bor: chunki bizda tibbiy muassasalarda bosh shifokorlar koʻpincha daʼvolash ishlari bilan band. Koʻpchiligi boshqaruv taʼlimini olishmagan. Estoniya davlatida oilaviy poliklinikalarda bosh shifokor, katta hamshira lavozimlari yoʻqligi bizni hayratga solgan edi. Boshqaruvni menejer amalga oshirar, u esa tibbiy xodim emas edi. Soʻraganimizda tibbiy xodim tibbiy muolaja bilan shugʻullangani yaxshi, boshqaruvni menejer amalga oshiradi deb javob berishgan. Xorijiy davlatlarda tibbiy sugʻurta yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bizda xam tibbiy sugʻurta bosqichma-bosqich amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ammo yaxshi koʻnikma va bilimga ega boʻlmagan oilaviy shifokorlar bilan tibbiy sugʻurtani amalga oshirib boʻlmaydi. Chunki sogʻligini sugʻurtalagan aholi birinchi navbatda oilaviy shifokorga murojaat qiladi.

Agar malakali yordam koʻrsatilmasa, kasalliklarning oldi olinmasa, avvalgiday kasallanish yuqori boʻlsa, aholini statsionarda davolanish davri uzaysa, moddiy resurs koʻp talab qilinadi, tibbiy sugʻurta oʻzini oqlamaydi. Men oʻylaymanki bundan keyin SSV, albatta, koʻzini katta ochadi va kasalliklarning oldini olishga koʻproq eʼtiborni qaratadi.

Takliflarim:

1.Xar bir mahalla fuqarolar yigʻinida shu mahallaga biriktirilgan oilaviy shifokor aholi salomatligi masalalari boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻiniga biriktirilisa(balkim oʻrinbosar lavozimi joriy qilinadimi). Shunda mahalla fuqarolar yigʻini mahallasida kasallanish, oʻlim, nogironlik va boshqa tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha aniq maʼlumotga ega boʻladi va tibbiyot sohasi jamoatchilik bilan aloqasi yaxshilanadi. Hozirda tibbiy koʻrsatkichlar tibbiyot sohasida va mahalla fuqarolar yigʻinida bir xil emas. MFY raisi mahallada nechta nogiron borligini aniq bilmaydi. Oilaviy shifokorlar mahalla bilan yaqin hamkorlikda emas.

2. Oilaviy shifokorlarning moddiy va ijtimoiy taʼminoti yaxshilansa(oylik maoshi oshirilishi, xizmat uyi, xizmat mashinasi, internet-telefon taʼminoti va hokazo). Uzoqdan kelib ishlayotgan shifokor xam moddiy xam ijtimoiy jihatdan qiynaladi.

3.Oilaviy poliklinikalar koʻproq kasalliklarning oldini olishga moʻljallansa( LFK xonalari, suv muolajalari, fizioterapiya muolajalari, xalq tabobati va hokazo).

4. Tibbiyot sohasida bosh shifokor lavozimini bekor qilib, boshqaruv menejerlarga berilsa.

5. Oilaviy shifokorlarning ishini baholash mezonlari ishlab chiqilsa.

N.Qutlimuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?