Har bitta hududda “Isteʼmolchi kutubxonasi“ni tashkil etiladi

16:30 21 Fevral 2019 Jamiyat
487 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori asosida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan hududlarda “Isteʼmolchi kutubxonasi“ tashkil etiladi.

Biz barchamiz – isteʼmolchimiz. Kundalik hayotimizda tovarlar sotib olganimizda, ish va xizmatlarga buyurtma berganimizda isteʼmolchi huquqlaridan foydalanamiz.

Isteʼmolchi tovar, ish, xizmatlarga buyurtma berganda, sotib olingan tovar yoki buyurtma berilgani, xizmatlarning xossalari va jihatlari haqida toʻliq maʼlumotga egami, isteʼmolchi bu borada oʻz huquq va majburiyatlarini qay darajada biladi?

Umuman bugungi kunda aholining isteʼmol madaniyati qanday?

Ayni vaqtda oʻtkazilgan kuzatish va tahlillar natijalari bu sohada oʻz yechimini kutayotgan muammolar borligini va ularni keng koʻlamda hal etilishida jamoatchilik ishtiroki zarurligini koʻrsatmoqda. Xususan, aholining isteʼmol madaniyatini oshirish borasida, ularning oʻkuv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, maʼrifiy va ilmiy-ommabop kitoblarga boʻlgan talabini qondirish, bugungi kunda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bogʻlik muhim masalalarga yechim topish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Maʼnaviy hayotimizda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu vazifalarni kompleks hal etilishiga koʻmaklashishda jamoatchilik tashkilotlari ishtirokini taʼminlash maqsadida, Federatsiya tomonidan respublika hududlarida isteʼmolchi kutubxonalari va kitob savdosiga ixtisoslashgan doʻkonlar tashkil etish loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha doirasida tashkil etilayotgan kutubxona va kitob savdosi doʻkonlarida, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qoʻllanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan gazeta-jurnallar, shuningdek, zamonaviy “Book cafe”va bepul WiFi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmalari bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.

Ushbu xayrli tashabbusning Oltiariq tumani hokimligi tomonidan qoʻllab quvvatlanishi natijasida Federatsiya tomonidan tuman markazida dastlabki “Isteʼmolchi kutubxonasi”ning qurilish ishlari boshlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?