Har bir oila — tadbirkor. Uning huquqiy asosi mustahkam, imtiyozlar ko‘lami keng

09:49 09 Iyun 2018 Jamiyat
1675 1

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan yana bir muhim hujjatga imzo chekdi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi ushbu qaror o‘z vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga ega.

Xo‘sh, mazkur hujjatni qabul qilishga qanday zarurat bor edi, nega aynan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda? Qarorning asl maqsadi va mazmun-mohiyati nimalardan iborat o‘zi?

Keyingi yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesning ushbu shakli bilan shug‘ullanayotganlarga ko‘plab imtiyoz hamda imkoniyatlarni yaratib berish maqsadida barcha kuch safarbar etildi. Soliqdan ozod etish bo‘ladimi, energiya resurslari to‘lovidagi imtiyozlarmi, mahsulotni sotishdagi erkinlikmi, xullas, hamma sharoit muhayyo qilindi.

Bajarilgan ishlar samarasi o‘laroq, hozirgi kunda respublikamizda 13 ming 248 ta oilaviy korxona faoliyat olib boryapti. Ularda 22 ming 579 nafar odam ish bilan ta’minlangan. 2017 yilning o‘zida oilaviy korxonalar tomonidan 379 milliard 399 million so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Joriy yilning birinchi choragida oilaviy tadbirkorlar tomonidan salkam 6 milliard 579 million so‘m soliq to‘langan.

Lekin bugungi zamonning talabi o‘zgacha, sharoitlar boshqacha. Yiliga yarim million nafardan ko‘payib borayotgan respublikamiz nufusi ro‘zg‘orining butligiga erishish, odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasini hal etishni har bir oilaning tadbirkorlik resurslaridan foydalanmay turib bajarish mushkul bo‘lib qolayotgan edi.

Davlatimiz rahbari mazkur vazifaning yechimini aniq ko‘rsatib berdi. Har bir oilaning biznes bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga yangicha yondashildi. Qarorga asosan, mamlakatimizning har bir tuman hamda shahrida, avvalo, olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda shu nomdagi dastur amalga oshiriladigan bo‘ldi.

— Dasturni hayotga to‘laqonli tatbiq qilish maqsadida ishchi guruhlar tuzilmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Farrux Omonov. — Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida Dastur doirasida qilinayotgan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy ishchi guruhlari, tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari rahbarlaridan iborat Aholiga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va tavsiyalar berish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Asosiysi, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga amaliy ko‘maklashish hamda monitoring qilish bo‘yicha esa tuman (shahar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida hududiy ishchi guruhlar ham ish boshlaydi. Hududiy ishchi guruhlar har bir xonadonni o‘rganib, aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish, ya’ni biznes-rejani tuzishdan tortib, kredit olish, mahsulotni ishlab chiqarish va uni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonda aniq manzilli yordam ko‘rsatadi.

Qarorda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi zarur bo‘lgan holatlarda Dasturda belgilangan vazifalarni qo‘shimcha moliyalashtirib borishi mustahkamlangan.Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi esa tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlarga ustuvor ravishda kafilliklar hamda foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar ajratib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki departamenti direktori o‘rinbosari Aktam Sayfullayevning qayd etishicha, tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kreditlar beriladi. Xususan, buning uchun eng kam ish haqining yuz ellik baravarigacha, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining ming baravarigacha, tadbirkorlik subyektlarining investitsiyaviy loyihalari uchun esa eng kam ish haqining ming baravaridan ortiq miqdorda kreditlar ajratiladi.

Qaror bilan oilaviy tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratish masalasi ham o‘z yechimini topdi. Tegishli vazirlik va idoralar mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ikki oy muddatda foydalanilmayotgan yer maydonlarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, ularga bo‘lgan huquqlarni qonuniy tarzda bekor qilish, ushbu yer maydonlarini Dastur doirasida faoliyatini boshlayotgan hamda kengaytirayotgan tadbirkorlik subyektlariga ajratish choralari ko‘riladi.

Prezidentimiz qaroriga asosan, joriy yilning 10 iyunidan boshlab namunaviy tarzda Andijon viloyatining tuman va shaharlarida “Har bir oila — tadbirkor” hududiy dasturi tatbiq etiladi. Hududiy dasturda ko‘zda tutilgan vazifalarni moliyaviy ta’minlash maqsadida kattagina mablag‘, ya’ni 200 million AQSH dollari yo‘naltiriladi.

Umuman aytganda, qaror har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yo‘lida katta qadam bo‘lishi, shubhasiz.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar


Nodir Temirov

Muxriddin Polatov (muxriddin.polatov@mail.ru):

Hamma viloyatlardan olsa bo'ladimi yoki faqat Andijon viloyatida olish mumkinmi? Batafsil yozishni iloji bormi?

21:4314.08.2018