“Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida kredit olgan fuqaroning qoramoli kasallikdan nobud boʻldi

16:14 31 Iyul 2019 Iqtisodiyot
584 0

Illyustrativ foto

Shahrisabz shahar Uymovut mahallasi, Chuqur koʻchasi 50-uyda yashovchi fuqaro U.Qodirov tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilib, 26 880 000 soʻmga sotib olingan zotli qoramollarning eng yirigi kasallik tufayli nobud boʻlganligini maʼlum qilgan. Bu haqda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, U.Qodirov “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida “Ipak yoʻli banki” Shahrisabz boʻlimidan chorvachilik boʻyicha kredit olgan va “Shahrisabz tomorqa xizmati” MCHJ dan besh bosh qoramol sotib olgan. Oradan ikki kun oʻtar-oʻtmas qoramollarning eng yirigi sogʻlom emasligi sababli nobud boʻlgan. Veterinar vrach tomonidan molning oʻlimiga undagi turli kasalliklar sabab ekanligi qayd etilgan boʻlsada, yetkazib beruvchi korxona tomonidan U.Qodirovga yetkazilgan zarar qoplab berilmagan.

Isteʼmolchining murojaati Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalar talablari hamda xaridor va mahsulot yetkazib beruvchi korxona oʻrtasida tasdiqlangan shartnoma shartlari asosida oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida, U.Qodirovga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanib, bir bosh sogʻlom qoramol olib berilishi taʼminlandi.

Isteʼmolchiga yetkazilgan qariyb 6 million soʻmlik zarar shu yoʻl bilan qoplab berilishi taʼminlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?