Har bir hududda deputatlar taʼlim-tarbiyaning jonkuyariga aylanishi kerak

11:55 12 Oktyabr 2020 Jamiyat
247 0

Prezidentimiz “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni”ga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi”, deb alohida taʼkidladi. Fikrimcha, bu soʻzlar taʼlim-tarbiya sohasiga yuksak eʼtiborning bitta gapdagi batafsil ifodasidir.

Har qanday jamiyatning poydevori taʼlim-tarbiya bilan yaratiladi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini oʻylab, oʻqituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash bugungi davr talabi. Ushbu qonunda yoshlarga taʼlim va tarbiya berish jarayonida oʻqituvchilar oʻzlarining salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari kafolatlanishi kerakligi nazarda tutildi. Jumladan, maktab direktori, uning oʻrinbosari, sinf rahbari, oʻqituvchining maqomi aniq belgilanishi taklif etildi.

Haq-huquqlari qonun bilan kafolatlangan oʻqituvchining jamiyatdagi mavqeiga hech kim putur yetkaza olmaydi. Oʻqituvchilarning huquqlari davlat himoyasida boʻlishi, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka olib kelishi qonun bilan belgilanishi pedagoglarga ishonch beradi.

Maktab direktori lavozimini tanlov asosida, maktabni kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha eng yaxshi dasturga ega nomzod egallashi boʻyicha bildirilayotgan takliflar mamlakatimizdagi shaffoflik, ochiqlikka asoslangan tarixiy jarayon oʻzining yangi pogʻonasiga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.

Yurtimiz rivoji yoʻlidagi toʻsiq va muammolarga murosasiz boʻlishda xalq vakillarining masʼuliyati nihoyatda ulkan. Endi maktab direktori yil yakuni boʻyicha dastur ijrosi haqida mahalliy Kengashda hisobot beradi va uning faoliyatiga xalq vakillari tomonidan ochiq-oydin baho berib boriladi. Maktab direktoriga intizomiy jazo berish va uni lavozimidan ozod etish masalalari ham mahalliy Kengashlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bu qoidalar baʼzi bir mudrab yurgan deputatlar, qolaversa, direktorlarni sergaklikka chorlashi tabiiy.

Mahalliy Kengash deputatlarining oʻz hududidagi maktabga albatta oyogʻi yetadi. Har kuni oʻqituvchini, oʻquvchini, ota-onani, shu maktab direktorini koʻradi. Ular bilan suhbatlashish, muammoli holatlarni birgalikda hal etish imkoniyatiga ega.

Shunday muhit shakllanishi kerakki, har bir hududda deputatlar taʼlim-tarbiyaning haqiqiy jonkuyaridek koʻzga tashlanishi lozim. Maktabdagi hayot, taʼlim-tarbiya jarayoni mahalliy Kengash vakillarining koʻz oʻngida tursin. Oʻz saylovchilarining, ota-onalarning eʼtiborini hamisha taʼlim masalasiga qaratib turish uzluksiz jarayonga aylanishi zarur.

Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?