Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilishda moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlandi

11:08 21 Avgust 2019 Jamiyat
69 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktyabrdagi 799-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida nizom” talablari asosida haq toʻlanadigan jamoat ishlari uchun ajratilgan mablagʻlarni maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Joylarda jamoat ishlarini tashkil etishda ayrim Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi dan ajratilgan mablagʻlarni maqsadli sarflanishida qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani ABKM tomonidan Jamgʻarmadan jamoat ishlari uchun ajratilgan 73 mln.soʻm miqdoridagi mablagʻlar asossiz sarflab yuborilgan, jumladan:

“Shoʻrchi uy-joy mulkdorlari” shirkati raisi Nizom talablariga zid ravishda 30 nafar fuqaroning pasport nusxalarini olib, ular bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan jamoat ishlariga jalb qilinganligi va 2018-yilning aprel-iyun oylarida jamoat ishlarida ishlaganliklari toʻgʻrisida soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan. Shoʻrchi tuman ABKMga taqdim etilgan ushbu soxta hujjatlar va buyurtmanomaga asosan shirkatning hisobraqamiga oʻtkazilgan 38,7 mln.soʻm Jamgʻarma mablagʻlari bank tomonidan shirkatning bankdan olgan kreditini qoplashga yoʻnaltirilgan. Shirkat tomonidan taqdim etilgan ish haqi hisoblash tabellarida nomlari qayd etilgan 30 nafar fuqarolar uy-joy shirkatida umuman ishlamaganligini va oylik ish haqlari olmaganligini maʼlum qilishgan.

Bundan tashqari, ushbu shirkat raisi “ House building” MCHJ rahbari bilan kelishgan holda Nizom talablariga zid ravishda yuqorida qayd qilingan 30 nafar fuqarolar ular bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan ularni 2018-yil avgust-sentyabr oylarida jamoat ishlariga jalb qilinganligi haqida yana soxta hujjatlar rasmiylashtirgan.

Ushbu rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarga asosan ABKM tomonidan 27,6 mln.soʻm miqdoridagi Jamgʻarma mablagʻi “ House building” MCHJga oʻtkazib berilgan.

“House building” MCHJ tomonidan ushbu oʻtkazilgan mablagʻdan shirkat raisining plastik kartasiga 8,7 mln.soʻm va shirkat hisobchisining plastik kartasiga 16,4 mln.soʻm oʻtkazib berilgan.

Nazorat tadbiri natijasida mablagʻlarning noqonuniy sarflanishi aniqlangan holatlar toʻgʻrisidagi hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?