Hamyurtlarimiz Xalqaro armiya oʻyinlarining yana ikki yoʻnalishida sovrindorlar qatoridan joy oldi

18:34 05 Sentyabr 2020 Jamiyat
177 0

Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar Xalqaro armiya oʻyinlarining “Qurolsoz usta” hamda «Elbrus halqasi» yoʻnalishlarida faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Rossiyaning Penza viloyatiga oʻtkazilgan “Qurolsoz usta” bellashuvlari natijasiga koʻra, birinchi oʻrin mezbon davlatga nasib etgan boʻlsa, kuchli uchlikka Armaniston harbiylari yakun yasagan.

Gʻoliblarga kubok, medallar va qimmatbaho sovgʻalarni Rossiya Mudofaa vazirligi raketa-artilleriya bosh boshqarmasi boshligʻi general-leytenant Nikolay Parshin va Penza viloyati gubernatori Ivan Belpzersev topshirdi.

“ArMI–2020” Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida «Elbrus halqasi» tanlovida bellashayotgan Oʻzbekiston va Rossiya togʻ boʻlinmalari harbiylari uchinchi bosqich shartlariga koʻra, maxsus topshiriqlarni bajarib, Elbrus choʻqqisiga koʻtarildi.

Hamyurtlarimiz marsh-brosokda belgilangan masofani 2 soatu 25 daqiqayu 46 soniyada bosib oʻtib, eng yaxshi natijani qayd etdilar.

Musobaqadagi raqiblarimiz, Rossiya Janubiy harbiy okrug jamoasi 2 soatu 52 daqiqayu 39 soniya natija bilan ikkinchi, shuningdek, togʻ boʻlinmasi (Rossiya havo-desant qoʻshinlari) vakillari 3 soatu 1 daqiqayu 26 soniyalik natija bilan uchinchi boʻlib marsh-brosokni yakunlashdi.

Shundan soʻng, jamoalar Moskva vaqti bilan soat 03:00 da Elbrus choʻqqisini zabt etish uchun start oldi. Oʻzbekistonlik harbiylar Elbrus choʻqqisini 3 soatu 39 daqiqayu 39 soniyada zabt etib, birinchilikni qoʻlga kiritgan boʻlsalar, 4 soatu 36 daqiqa natija bilan togʻ boʻlinmasi (Rossiya havo-desant qoʻshinlari) vakillari ikkinchi, 4 soatu 38 daqiqayu 14 soniya natija koʻrsatgan Rossiya Janubiy harbiy okrug jamoasi esa uchinchi pogʻonadan joy oldi.

Yakuniy natijalarga koʻra, joriy yil Xalqaro armiya oʻyinlarining ushbu yoʻnalishida birinchi oʻrin Rossiyaga nasib etgan boʻlsa, oʻzbekistonlik harbiylar ikkinchi pogʻonaga munosib koʻrildi.

Eslatib oʻtamiz, “Qurolsoz usta” yoʻnalishida ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarimiz mana ikki yildirki faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Oʻtgan yili ushbu jamoa musobaqalar mezboni Xitoyni oldinga oʻtkazgan holda ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Xalqaro musobaqa beshinchi marotaba oʻtkazilmoqda. Mazkur bellashuvda beshta jamoa ishtirok etdi. Laos, Kambodja, Kongo va Abxaziya jamoalari birinchi bor “Qurolsoz usta” tanlovining ishtirokchilariga aylangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?