Hamkorlik uchun qulay platforma

15:01 17 Yanvar 2019 Siyosat
340 0

“Joʻshqin Gujarat — 2019” IX xalqaro sammitida Oʻzbekiston katta delegatsiya bilan ishtirok etyapti. Shuningdek, forumda Kanada, Fransiya, Yaponiya, Chexiya, Koreya Respublikasi, Norvegiya, BAA, Daniya, Marokash, Polsha, JAR, Tailand, Niderlandiya kabi mamlakatlar vakillari ham qatnashadi.

Oʻtgan 16 yil ichida sammit mintaqaviy investitsiya yarmarkasidan global ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari boʻyicha ijodiy gʻoyalar izlash, bilim almashish va samarali sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha noyob platformaga aylandi. Gujarat Hindistondagi iqtisodiy jihatdan ilgʻor shtatlardan biridir. U sanoat ishlab chiqarish boʻyicha eng yuqori oʻsish surʼatiga ega. Bu koʻrsatkich oxirgi besh yilda 10,4 foizni tashkil etgani ham fikrimizga bir misoldir. Shtatning Hindistonda sanoat mahsulotlari ishlab ­chiqarishdagi ulushi 16 foizga teng. Bu Gujarat maʼmuriyati ­tomonidan investitsiya siyosati bahamjihat olib borilayotgani va soha samarali qoʻllab-quvvatlanayotganiga oqilona yondashilayotganidan dalolatdir. Zero, shu orqali har tomonlama va bar­qaror taraqqiyotga erishish maqsad qilingan.

Innovatsiyaga qaratilgan yangi Hindistonni shakllantirish davrida Gujarat iqtisodiy rivojlanish hamda milliy qurilishning oldingi saflarida boʻlib kelayotganiga esa mezbon davlat Bosh vaziri Narendra Modining ishonchi komil. Ushbu ruh “Joʻshqin Gujarat” sammiti asosiga ham jo etilgan va u Hindistonning iqtisodiy muvaffaqiyati mohiyatini, haqiqatan ham, oʻzida aks ettiradi.

Shtatning asosiy vaziri ­Vijay Rupaning taʼkidlashicha, Gujarat 5 000 yildan ortiq vaqt davomida savdo va tijorat markazi boʻlib kelgan. Oʻsha paytlarda Lotal porti Hindistonni dunyo bilan birlashtirib turar edi. Bugun ham Gujarat ishbilarmonlik salohiyatiga tayangan holda, Hindiston imkoniyatlarini dunyo hamjamiyati uchun taqdim etuvchi darvozaga aylanmoqda. U boshqaruvning samarali tizimi, zamonaviy infratuzilmalar va biznes yuritish imkoniyatlari asosida milliy ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish yoʻliga qatʼiy sodiqdir.

2017 yil yanvar oyida boʻlib oʻtgan “Joʻshqin Gujarat” VIII xalqaro investitsiya sammitida 100 dan ortiq davlatlardan 25 mingdan ziyod delegatlar, jumladan, davlat rahbarlari, Nobel mukofoti laureatlari, dunyo sanoati yetakchilari ishtirok etgandi. Bu galgi forum ham avvalgilaridan aslo qolishmaydi. Hindistondagi mazkur muhim xalq­aro anjumanda butun jahondan qator davlat va hukumatlar boshliqlari, vazirlar, yirik korporatsiyalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yuqori martabali ­siyosatchilar, ilmiy doiralar vakillari qatnashadi. Ularning barchasi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va ushbu ezgu ishga hissa qoʻshishga tayyordir.

“Joʻshqin Gujarat — 2019” sammiti dasturi mazmunan boy boʻlib, oʻz ichiga ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatdagi uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning turli mavzulari boʻyicha muhokama sessiya­larini qamrab olgan. Masalan, ishtirokchilarda ilm-fan, texnologiyalar, texnika va matematika taraqqiyotining dolzarb jihatlariga bagʻishlangan seminarlar (STEM), aerokosmik va mudofaa sanoatida hamkorlik istiqbollari hamda imkoniyatlari katta qiziqish uygʻotmoqda. Aerokosmika tarmogʻi va mudofaa-sanoat kompleksi Gujarat uchun ham, Oʻzbekiston uchun ham yangi sektorlardir. Mamlakatimiz mutaxassislari aerokosmik va mudofaa sanoati uchun tarkibiy qismlar ishlab chiqarish sohasida Gujarat shtatida ham­kasblari tajribasini oʻrganish­moqchi.

Sammit doirasida, shuningdek, Jahon savdo-sanoat koʻrgazmasi ochiladi. 200 ming metr kvadratga teng maydonda 20 dan ortiq yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan pavilonlar va stendlar yaratilgan. Aerokosmik hamda mudofaa sanoati, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, avtomobilsozlik hamda elektrotexnika, biotexnologiya va atrof-­muhitni muhofaza qilish, ­sogʻliqni saqlash hamda farmatsevtika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va innovatsiyalar, toʻqimachilik hamda turizm, shahar transporti va urbanizatsiya shular jumlasidandir.

Tashkilotchilarning aytishicha, isteʼmolchilar hamda yetkazib beruvchilarning bir joyga yigʻilib, konferensiyalarda ishtirok etishi, ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishi, texnologiyalarni baholashi, strategik sheriklikni mustahkamlashi mumkin boʻlgan bu kabi forum dunyoda sanoqli hisoblanadi. Sammit ishtirokchilarga tarmoqlararo biznes-maydondan foydalanish imkonini beradi.

Saidjon MAXSUMOV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?