Hamid Gʻulom tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adabiy kecha boʻlib oʻtdi

13:53 25 Aprel 2019 Madaniyat
427 0

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, sanʼat arbobi, atoqli shoir va dramaturg Hamid Gʻulom tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adabiy kecha oʻtkazildi. Tadbirda taniqli yozuvchi va shoirlar, jamoat arboblari, shoirning oila aʼzolari, OAV vakillari hamda yosh ijodkorlar ishtirok etdi.

Yigʻilishda ustoz ijodkorlar hamda shoirning oila aʼzolari soʻzga chiqib, Hamid Gʻulomning hayoti va ijodi haqidagi xotiralaridan soʻzlab berdilar.

Hamid Gʻulom “Mashʼal”, “Mangulik”, “Feruza”, “Binafsha atri”, “Mashrab”, “Qoradaryo” singari romanlar, “Olmos qizi”, “Vafoning uzun yoʻli” kabi qissalar, turkum hikoyalar, oʻnlab ocherk va publitsistik maqolalar, “Toshbolta oshiq” musiqali drama muallifidir. “Mehnat shuhrati” ordeni, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

XX asrning 30 yillarida oʻzbek adabiyotiga yangi ovozlar kirib keldi. — deydi Naim Karimov, akademik. — Asqad Muxtor, Mirmuhsin, Hamid Gʻulom, Shukrullo, Shuhrat singari oʻzbek adabiyotining bayrogʻini baland koʻtargan shoir-yozuvchilar ijodi chinakamiga porlab, koʻngillarni yoritdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Tadbir doirasida shoirning “Tanlangan asarlar” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?