“Hamdoʻstlik – 2020” oʻzbek-tojik oʻquv mashgʻuloti yuqori darajada oʻtkazildi

15:52 16 Mart 2020 Jamiyat
258 0

Fotо: Мудофаа вазирлиги

Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasi Mudofaa vazirliklari oʻrtasida oʻzbek-tojik hamkorligidagi antiterror maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti yuqori darajada oʻtkazilib, oʻz nihoyasiga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.

Unda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining maxsus operatsiya kuchlari vakillari va Tojikiston Mudofaa vazirligining turli boʻlinmalaridan iborat bir guruh harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Oʻquv mashgʻulotining asosiy kuniga qadar har ikki davlat harbiylari kuniga ikki martadan tayyorgarlik mashqlarini oʻtkazishdi. Mashq mobaynida ikki tomon harbiy xizmatchilari oʻrtasida malaka almashinuvi yoʻlga qoʻyilib, Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilari tomonidan bizning boʻlinmalar va harbiy texnikalarning amaliy harakatlari yuqori baholandi.

Hamkorlikdagi oʻquv jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamda bir guruh harbiy xizmatchilar kuzatib bordi.

Xatlon viloyatida joylashgan “Faxrobod” dala oʻquv maydonida boʻlib oʻtgan hamkorlikdagi antiterror oʻquv mashgʻuloti rejasiga koʻra, chegarani buzib oʻtgan noqonuniy qurollangan tuzilmalar hujumini qaytarish maqsadida avval vakillarimiz tomonidan havo razvedkasi oʻtkazildi, shundan soʻng aniqlangan shartli dushmanning harakatlanayotgan nuqtasiga qarata aviatsiya zarbalari berildi. Chegaraga uyushtirilgan mazkur hujumni qaytarishda Tojikiston Respublikasining Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Davlat milliy xavfsizlik komiteti Chegara qoʻshinlari ishtirok etdi.

Shartli dushman tomonidan egallab olingan binoni qurshab olish, chegarani buzib oʻtgan gazandalarni yakson etish va asirlarni qutqarish amaliyoti keyingi epizodlarda koʻrib chiqildi.

Oʻquv mashgʻuloti davomida shuningdek, shartli aeroportda noqonuniy qurollangan tuzilmani qurshab olish va yoʻq qilish, samolyotdagi asirlarni ozod etish vazifalari ham bajarildi.

Oʻquv yakuni munosabati bilan saf tortgan ikki davlat harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasi mudofaa vazirlari tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Har ikki davlat mudofaa vazirlari mazkur oʻquv mashgʻulotlari mamlakatlarimiz armiyalarining jangovar qudratini oshirishini aytib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tashrif davomida dala oʻquv maydonida harbiy xizmatchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamrohligida qadimiy adraslarimiz hamda hunarmand va kulollar tomonidan tayyorlangan koʻza va laganlar, qoʻl mehnatida ishlangan turli koʻrinishdagi sopol idishlar bilan milliy urf-odatlarimizga hamohang tarzda yaratilgan “oʻzbek milliy burchagi”ni koʻzdan kechirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?