Hamad bin Abdulrahmon al-Attiya: Oʻzbekiston qitʼadagi ot sporti rivojlangan yirik markazga aylanadi

15:32 10 Sentyabr 2018 Sport
140 0
Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Eksklyuziv intervyu

Bugun mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlar epkini yilqichilik va ot sporti sohasini ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Natijada koʻp yillar eʼtibordan chetda qolib ketgan mazkur jabha tubdan isloh qilinmoqda. Bu jarayonda, avvalo, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini takomilashtirish, yilqichilikda naslchilikni qayta tiklash, sport otlari yetishtirish, yosh chavandozlarni tarbiyalashga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Maqsad bir-biri uzviy bogʻliq boʻlgan yilqichilik hamda ot sportini xalqaro talablarga mos ravishda rivojlantirishdir.

Bunday saʼy-harakatlar samarasi sekin-asta koʻzga tashlanmoqda. 2018 yilgi eng yirik musobaqalardan biri hisoblangan Ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Jahon kubogi (FEI World Jumping Challenge)ning final bosqichiga Oʻzbekiston mezbonlik qilgani bunga yaqqol misoldir.

Mazkur xalqaro tadbir ishtirokchisi, Osiyo ot sporti federatsiyasi prezidenti Hamad bin Abdulrahmon al-Attiya janoblari “Xalq soʻzi” gazetasi uchun eksklyuziv intervyu berdi.

— Oʻzbekistonga xush kelibsiz!
— Xushvaqt boʻling, rahmat!

— Oʻtgan yili federatsiya prezidenti lavozimiga kirishganingizdan soʻng ilk safarni Oʻzbekistonga uyushtirgan edingiz. Oradan maʼlum vaqt oʻtib, yana mamlakatimizda mehmon boʻlib turibsiz. Ayting-chi, ushbu qisqa davr ichida yurtimizdagi qanday oʻzgarishlar eʼtiboringizni tortmoqda?
— Oʻzgarishlar juda koʻp. Bunga har qadamda guvoh boʻlyapmiz. Ayniqsa, ot sportidagi oxirgi bir yil ichidagi yangilanishlar yurtingizda kechayotgan shiddatli islohotlarga hamohanglik kasb etgan. Buning isboti sifatida bir misol, yaʼni hududlarda xalqaro andozalarga toʻla javob beradigan, noyob zotli otlarni koʻpaytirishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy majmualar foydalanishga topshirilganini aytish kifoya, nazarimda. Shu bois avvalgi bilan bu galgi tashrifim davomida olayotgan taassurotlar oʻrtasida farq juda katta.

2017 yilda Oʻzbekistonga kelganimda hukumat aʼzolari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi singari sohaga taalliqli idoralar rahbarlari bilan uchrashib, asosan, hamkorlik aloqalari, ot sportini rivojlantirish istiqbollariga doir masalalar muhokama qilingan edi.Bugungi tashrif esa nafaqat Jahon kubogi musobaqalarini kuzatish, ayni paytda, bir yil muqaddam belgilab olingan vazifalar ijrosini tahlil qilish imkonini bermoqda.

Ochigʻi, tizimdagi jadal oʻzgarishlardan hayratdaman. Shu maʼnoda, Ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Jahon kubogi final bosqichini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston tanlangani yurtingiz qoʻlga kiritayotgan ushbu yutuqlarning yuksak eʼtirofi hamdir.

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

— Jahon ot sporti taqvimidagi mazkur muhim musobaqaga tayyorgarlik ishlarini qanday baholaysiz? Kelgusida bundan-da yirik sport anjumanlarini qabul qilish uchun nimalarga eʼtibor qaratish zarur?
— Ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik juda yuqori saviyada. Yaratilgan shart-sharoitlar Xalqaro ot sporti federatsiya talablariga toʻla javob beradi. Buni tashkiliy, tayyorgarlik ishlariga asosiy bahoni beruvchi xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, chavandozlarning oʻzlari ham eʼtirof etishmoqda.

Veterinarlarning xulosasiga koʻra, final uchun tanlangan, zaxiradagi otlarning holati ham juda yaxshi. Ular musobaqaga dunyodagi eng yuqori reyting koʻrsatkichlari ega chavandozlar talablari asosida tayyorlangan. Finalning saralash va yakuniy bahslarida hech bir tulpor jarohat olmagani puxta tayyorgarlik samarasi hisoblanadi, albatta.

Zamonaviy ot sporti majmualari bilan yaqindan tanishib, yurtingizda kelgusida yirik sport anjumanlarini oʻtkazish uchun zarur shart-sharoit mavjudligiga yana bir karra ishonch hosil qildim. Fursatdan foydalanib, oʻzbek xalqiga, birinchi boʻlib, nashringiz orqali yana bir xushxabarni yetkazmoqchiman.

Gap shundaki, Osiyo ot sporti federatsiyasi Bosh Assambleyasining bu yilgi konferensiyasini Toshkentda oʻtkazishga qaror qildik. Shu yilning dekabr oyiga moʻljallanayotgan ushbu anjumanda nafaqat federatsiyamiz vakillari, balki dunyoning 45 davlatidan ot sportiga masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etib, mamlakatingizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari bilan yaqindan tanishadilar. Maqsadimiz Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagina emas, balki Osiyo qitʼasida ot sporti rivojlangan markazlardan biriga aylantirishga har tomonlama koʻmaklashishdir.

— Kuzatayotgan boʻlsangiz, keyingi paytda oʻzbekistonlik sportchilarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki ham ancha faollashdi. Reytingi oshib borayotgan chavandozlarimizning mahoratini qanday baholaysiz?
— Albatta, ijobiy. Chunki Oʻzbekiston azal-azaldan uchqur tulporlari, mohir chavandozlari bilan tanilgan. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, oʻzbek xalqining toʻy-tantanalari “Koʻpkari”, “Olomon poyga”, “Agʻdarish” kabi milliy oʻyinlarsiz oʻtmagan. Polvonu chavandozlar, aygʻirlarning eng zoʻri ana shunday sport musobaqalarida saralangan.

Bugungi kunda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yilqichilik va ot sporti tarmogʻida tub oʻzgarishlar davri boshlanganiga guvoh boʻlib turibmiz. Sport, xizmat otlari yetishtirish, naslchilikni yaxshilash barobarida, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, otchoparlarni xalqaro andozalarga muvofiq, qayta qurish va modernizatsiyalash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bu kabi saʼy-harakatlar yaqin yillarda oʻzbek yilqichiligi va ot sporti dovrugʻini dunyoga keng yoyishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Biz esa bu jarayonda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, tarmoq sanoatini yoʻlga qoʻyish, chavandozlar malakasini xorijiy davlatlarda oshirib kelishga yordam berishga doimo tayyormiz.

— Oʻzbekistonda xalqimizning milliy boyligi sanalgan Qorabayir zotini koʻpaytirish, uning sport koʻrsatkichlarini yaxshilash saʼy-harakatlari boshlangan. Ayting-chi, Qorabayir Germaniya, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Polsha otlari singari jahonda shuhrat qozonishi uchun nimalar qilish kerak?
— Bunday tashabbusni faqat qoʻllab-quvvatlash zarur. Lekin bu tez va silliq kechadigan jarayon emas. Muhimi, oʻzbek xalqining tarixi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan Qorabayir zotini koʻpaytirish, uni jahon arenalariga olib chiqish harakatlari boshlangani, shuning oʻz katta jasoratdir.

Bilishimcha, Qorabayir ot zoti dovyurakligi, jangovarligi bilan alohida ajralib turadi. Tana tuzilishi esa oʻta xushbichimdir. Bu zotning qotmaligi, turli sharoitlarga chidamliligi esa arab otlariga ham oʻxshab ketadi.

Umuman olganda, dunyoda ot zotlari juda koʻp. Lekin ularning hech qaysini mutlaq zoʻr, deb aytolmaysiz. Qaysi zotning olmang, biror-bir yoʻnalish boʻyicha yaxshi koʻrsatkichlarga ega, xolos. Yaʼni bittasi poygada tengsiz boʻlsa, boshqasi toʻsiqlardan sakrashda ustunlikka ega...

Haqiqat shuki, sportda erishib boʻlmaydigan narsaning oʻzi yoʻq. Shu maʼnoda, Qorabayir zotining yuqori natijalarni qoʻlga kiritishi koʻproq oʻzingizga bogʻliq. Naslchilik ishlari yaxshilanib, har bir musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrilsa, muvaffaqiyat qozonilishi, shubhasiz. Ushbu mashaqqatli yoʻlda sizlarga omad tilayman.
“Xalq soʻzi” muxbiri
Said RAHMONOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?