Ham ishlov beruvchi, ham oʻgʻitlovchi ixcham agregat, bir paytda beshta vazifani bajaruvchi uskuna

15:59 28 Fevral 2020 Iqtisodiyot
318 0

Olimlarimiz ishlanmalari qishloq xoʻjaligiga qanchalik foyda bermoqda?

Qishloq xoʻjaligida yuqori hosil olish, agrotexnik tadbirlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda texnika va uskunalarning alohida oʻrni bor. Yangi, samarador va arzon texnikalar ishlab chiqilishida esa ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, olimlar izlanishlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda olimlarimiz bu borada qanday izlanishlar olib borishmoqda? Ular tomonidan loyihalashtirilgan texnika va uskunalar qishloq xoʻjaligi uchun qanchalik naf beradi? Ushbu savollarga yaqinda Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishish jarayonida javob topishiga harakat qildik.

Institut mutaxassislari tomonidan fermerbop, import oʻrnini bosuvchi, agrotexnik tadbirlarni optimal muddat va talablar darajasida bajaruvchi, metall, yoqilgʻi-moylash materiallari hamda mehnat sarfini tejovchi, ish unumi yuqori traktor va qishloq xoʻjaligi mashinalarining yangi namunalarini tayyorlash boʻyicha bir muncha ishlar amalga oshirilmoqda.

— Bu kabi ishlanmalar qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash sohasida ilm-fan yutuqlari va ishga solinmagan imkoniyatlardan oqilona foydalanishda qoʻl keladi, — deydi institut direktori Botir Xushvaqtov. — Shundan kelib chiqib, institutimizda sohani rivojlantirishga qaratilgan qonunlar, qaror va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida muayyan ishlar bajarilmoqda. Xususan, joriy yilda institutimizda Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida jami 18 ta — 2 ta fundamental va 10 ta amaliy, 5 innovatsion hamda 1 xalqaro hamkorlikdagi loyihalar boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilyapti.

Tahlillarga koʻra, institutda oʻtgan yili 2017-yildagiga nisbatan 3 ta loyiha doirasida izlanish olib borilgan.

— Masalan, bizning tokzorlarga ishlov berishga moʻljallangan uskunamiz yordamida tokning uzun tomirlaridan 50 santimetr uzoqlikdagi tomirlar qirqilib, oʻsha joyga oʻgʻit ham solib ketiladi, — deydi institut ilmiy xodimi Ortiq Yoʻldoshev. — Bu nima beradi? Ilmiy jihatdan, bu juda foydali. Chunki bu orqali ildiz qirqilgan joyida ildiz soni koʻpayadi. Oʻgʻit toʻliq yetib boradi. Isrof boʻlmaydi. Natijada tokning oʻsishi rivojlanib, hosildorlik oshadi. Shu paytgacha bunday texnikalar bor edi, lekin ular faqat bir qatorga ishlov bera olardi, xolos. Bu uskuna bilan esa bir vaqtning oʻzida ikki qatorga ishlov berish mumkin.

Uzum qatorlariga ishlov beruvchi agregat fermer xoʻjaliklarida sinovlardan oʻtkazilgan. Natija ham yomon emas: hosildorlik 10-15 foiz koʻpaygan.

Institut faoliyati bilan tanishish asnosida yana bir texnika eʼtiborimizni tortdi.

Institutning Lalmi yerlar va choʻl yaylovlarni mexanizatsiyalash laboratoriyasi rahbari Sunnatilla Moʻminovning aytishicha, lalmi yerlar uchun moʻljallangan ushbu uskuna ham qishloq xoʻjaligi uchun juda foydali. Chunki lalmi yerlardagi ishlar shu paytgacha anʼanaviy texnologiyalar yordamida olib boriladi. Bu esa alohida-alohida bajarishni talab qiladi. Yaʼni yerni haydash, tekislash, urugʻ sepish yoki oʻgʻitlashning har birida texnika alohida dalaga kirishi kerak. Bu, tabiiyki, sarf-xarajatni oshirib yuboradi. Biz yaratgan kombinatsiyalashgan mashina esa bularning oldini oladi. Texnikamiz bir nechta vazifani bir vaqtning oʻzida bajarish imkoniyatiga ega. Masalan, oʻgʻit soladi, tuproqqa 20-25 santimetrgacha chuqurlikda ishlov beradi. Urugʻ ekib, zichlab ketadi. Qisqasi, bir oʻtishda 5ta operatsiyani bajaradi. Bu nimaga olib keladi? Bu, avvalo, anʼanaviy texnologiyalarni bir joyga birlashtiradi. Yer haydash, tekislash, oʻgʻitlash singari agrotexnik tadbirlarga ketadigan vaqt hamda xarajatni kamaytiradi. Masalan, anʼanaviy texnologiyada bir gektarga 50-60 litr yonilgʻi sarflansa, bu uskuna gektariga 15 litr yonilgʻi talab etadi, xolos. Eng asosiysi, dehqon vaqti tejaladi.

Institut xodimlari doimiy izlanishda. Ular tomonidan ishlab chiqilgan tajriba namunalari sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda. Ayrimlari sanoat usulida ishlab chiqarish uchun tavsiya etilgan. Olimlar tomonidan 850 ta mualliflik guvohnomalari va 100 ga yaqin Oʻzbekiston Respublikasining patentlari olingani fikrimizga dalil boʻla oladi.

Umuman, institut faoliyati davomida 60 dan ortiq turli mashina va moslamalar ishlab chiqilgan. Dunyoda birinchi vertikal-shpindelli paxta terish mashinasi, gʻildirakli va zanjirli paxtachilik traktorlari uchun birinchi agrotexnik talablar, qishloq xoʻjaligini kompleks mexanizatsiyalash uchun mashinalar sistemasi, ikki yarusli shudgorlash texnologiyasi va plugi, dalalarni koʻp yillik begona oʻtlar ildizlaridan tozalovchi mashina, paxta chigitini aniq ekish texnologiyasi va seyalkasi, gʻoʻza tuplarini chilpish mashinasi, dunyoda birinchi kanop yigʻadigan kombayn shular jumlasidandir.

Dilshod ULUGʻMURODOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?