“Halollik vaksinasi” vijdonimizni uygʻotib, qurum bosgan zehniyatimizni tozalaydi

18:55 01 Fevral 2020 Madaniyat
1265 0

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi, tom maʼnoda, tarixiy voqelik boʻldi. Uning tarixiyligi shundaki, Prezidentimiz mamlakatimizni 2020-yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalish hamda vazifalarni belgilab berish asnosida, qoʻlga kiritilgan yutuqlar qatorida, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, mavjud muammolarga ham alohida toʻxtaldi. Ularni bartaraf etish yoʻllarini va chora-tadbirlarini aniq-tiniq koʻrsatib berdi.

Korrupsiya ildiz otayotgan sohalar, yoshlar taʼlim-tarbiyasida uchrayotgan oqsoqliklar, aholi kambagʻal qatlamining qaddini tiklashiga koʻmaklashish... Yurtboshimiz bu dolzarb masalalarga toʻxtalganda, zalda oʻtirganlar bir-biriga qaradi. Nigohlardan shuncha dardimiz bor ediyu, ammouni aytishga shu vaqtga qadar hech birimizning jurʼatimiz yetmasdi, degan fikrni anglash mumkin edi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlar samaradorligini taʼminlashda,turli illatlardan xoli, farovon, odil jamiyatni qurishda eng muhim “richag” — har birimiz oʻzimizni “halollik vaksinasi” bilan emlashimiz kerakligini taʼkidladi.

Darhaqiqat, aynan halollik shu vaqtga qadar millatga azob berib kelayotgan dardlarga malhamdir. Halollik shunday bir sehrli kalitdirki, aynan u taraqqiyotimizga gʻov boʻlib kelayotgan eshiklarni ochadi. “Halollik vaksinasi” vijdonimizni uygʻotib, qurum bosgan zehniyatimizni tozalaydi.

Prezidentimiz bildirgan fikrlar, ilgari surgan tashabbus va gʻoyalar madaniyat sohasidagi ishlarning ham, tom maʼnoda, yadrosi boʻla oladi. Masalan, ishga halol yondashish, halol yashash, vijdon amrini hayot tamoyiliga aylantirish borasidagi fikrlarni olaylik. Halollik aslida madaniyat degani-ku! Inson halol boʻlishi uchun unda, avvalo, ichki madaniyat boʻlishi zarur.

Shunday ekan, biz, madaniyat xodimlari islohotni, birinchi oʻrinda, oʻzimizdan boshlashimiz shart. Biz tizimni shunday holatga keltirishimiz kerakki, muzey, kino, teatr, sanʼat maktablari, istirohat bogʻlari, madaniyat dargohlari tarbiya oʻchogʻi boʻlishi, ular odamlar uchun maʼnaviy xaloskor maskanlarga aylanishi zarur.

Odamlar koʻryapti-ku, deb, qaynona-kelin mojarolaridan nariga oʻtolmaydigan filmlarni suratga olaveradigan, tomoshabinlar kulsa boʻldi, deya bachkana mavzulardagi spektakllarni sahnalashtiradigan, maza-matrasiz, tuturiqsiz soʻzlarni tizib, tumtaroq jumlalarni ham qoʻshiq qilib kuylayveradigan zamonlar oʻtdi endi. Bugun odamlarning koʻzini ochadigan, mudragan qalblarni uygʻotadigan, hayotga, Vatanga muhabbatini oshiradigan, bunyodkorlikka undaydigan asarlar yaratishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Oldimizni baland marralarni qoʻyib, yuksak orzu-maqsadlar uchun halol mehnat qilmasak, olib borilayotgan bugungi islohotlardan orqada qolib ketamiz. Xalqimiz, Prezidentimiz oldimizga qoʻyayotgan talablarga javob bera olmaymiz.

Tariximizning oydin lahzalari shunday xulosa beradiki, sahna doimo tomoshabinlardan baland boʻlgan, kinotasmalarga insonni ezguliklarga ergashtirguvchi gʻoyalar muhrlangan, kuy-qoʻshiqlarda yurtdoshlarimizning dardu qaygʻulari, orzu-armonlari, ishonchu umidlari tarannum etilgan. Bu jihatlar barchamizga oʻrnak, ibratdir.

Yurtboshimiz nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun, avvalo, ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat muhimligini, ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻlishini qayd etdi. Sharq donishmandlarining “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!”, degan hikmatini alohida taʼkidladi.

Ushbu fikrlardan kelib chiqib aytish joizki, bugungi kunda hammamiz zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirishni, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlishni uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylantirishimiz kerak. Shundagina Prezidentimiz taklifi bilan nom olgan joriy — Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida oldimizga qoʻyilgan topshiriq hamda vazifalarni uddalay olamiz.

Murojaatnomada madaniyat sohasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar yangicha ruhda, shiddat bilan davom ettirilishi taʼkidlandi. Jumladan, bu yil madaniyat va sanʼat muassasalariga alohida eʼtibor qaratilib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari koʻriladi. Byudjet mablagʻlari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat obyektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bogʻlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi, yangi kinoteatrlar quriladi.

Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida ikkinchi bor Xalqaro maqom festivalining oʻtkazilishi madaniy hayotimizdagi muhim voqealik boʻladi.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, ushbu festival ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan nodir musiqa merosimizni targʻib qilish, uni jahon miqyosida tarannum etishga imkoniyat yaratmoqda. Biz, sanʼat ahli, xalqimizning ilgʻor ziyolilari yoshlarda maqom sanʼatiga toʻgʻri munosabatni shakllantirish uchun ushbu madaniy merosimizning sehrli kuchini, jozibasini, ulugʻvorligini ularning ongu qalbiga yetkazib bera olishimiz zarur.

Shuningdek, 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.

Xoʻsh, hozirgi kunda nima uchun jadidchilik harakatini, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak? Prezidentimiz oʻz chiqishida bu savolga loʻnda qilib javob berdi: “Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

Bugungi globallashuv sharoitida turfa madaniyatlar toʻqnash kelmoqda. “Ommaviy madaniyat” degan illat ongu qalbimizga, hayotiy qarashlarimizga chang solayotir. Tan olishimiz kerak: baʼzida osongina moʻmay daromadga ega boʻlaman, obroʻ orttiraman, deb, har xil vasvasalarga uchayotganimiz, soxtakorlik, dabdababozlik ortidan quvayotganimiz ham bor gap. Bular xalqimizning azaliy qadriyatlariga mutlaqo toʻgʻri kelmasligini, ayniqsa, ertamiz egalari — yoshlar tafakkuriga oʻta salbiy taʼsir etishini doim ham anglayvermaymiz. Yoki anglasak ham aldamchi tasavvurlar, hoyu havaslar ustun keladi. Lekin, bir narsa aniqki, vaqt hammasini saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi. Shunday ekan, bugun vijdonsizlik qilsak, sahnaga xiyonat etsak, soʻzning qudratini mensimasak, kelajak avlod bizni kechirmaydi. Bu — aniq!

Aytish mumkinki, bugun har bir madaniyat xodimi adolat toʻnini kiyishi, maʼrifat qilichini koʻtarishi lozim. Qilich deganda, odatda, tasavvurga qon keladi. Adolat qilichi shafqatsiz boʻladi, kerak boʻlsa, haqiqat yoʻlida odamni oʻldiradi. Ammo maʼrifat qilichi hech qachon qon toʻkmaydi. U davolaydi, tarbiyalaydi, yuksaltiradi, vaksina aynan shudir. Vaksina odamni oʻldirmaydi, aksincha, dardiga shifo boʻladi. Shu maʼnoda, bizning qoʻlimizdagi qilich ham jamiyatni jarohatsiz davolashga, turli illatlardan tozalashga xizmat qiladi. Mana shu pozitsiya — madaniyat pozitsiyasi.

Vazifamiz faqatgina biror yerda konsert oʻtkazib kelish yoki mana bu tarixiy obidani taʼmirlab qoʻydik, deb gerdayish emas, aynan “halollikvaksinasi”ni jamiyat ongiga singdirishdir. Ruhiy tarbiyani biz olib borishimiz kerak. Madaniyat aslida shu. Madaniyat, bu — qonun. Shu oʻrinda madaniyatli odam kim, degan savol tugʻiladi. Oʻzini nimalardandir cheklay olgan, oʻziga taqiq qoʻya olgan va oʻzini qaysidir ezgu ishga majbur qila olgan odam — madaniyatli odam. Oʻz oldiga muayyan taqiq va vazifa qoʻya olyaptimi, ana oʻsha inson turli nopok ishlarga aralashmaydi. Qonunga itoatkor odam — madaniyatli odam. Bunday insonlarning hayot tamoyilida ezgulik, bunyodkorlik, halollik, adolat ustuvor boʻladi. Bu insoniy aqida bizda ufurib turishi kerak. Har bir xodimimizning muomalasidan tortib, yurish-turishida, ish faoliyatida qatʼiy dastur boʻlishi kerak bu jihat. Shundagina xalqning maʼnaviy xaloskori boʻlib, jamiyatda oʻz oʻrnimizni topa olamiz.

Odamlarning uyiga kuch bilan emas, aynan maʼrifat bilan, madaniyat bilan kirib borishimiz zarur. Odam bolasiga qanday kuyinsa, jamiyatga ham shunday kuyinishimiz lozim.

Murojaatnomada bildirilgan fikrlar, mulohazalar, hayotbaxsh tashabbuslar har birimizni ana shunday mushohadalarga undaydi, ertamiz bugundan-da yorugʻ, farovon va baxtli boʻlishiga ishonchimizni mustahkamlaydi. Qalbimizni shu yurt farzandi ekanimizdan faxr-iftixorga toʻldiradi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz — hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz.

Barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, halol-pok boʻlib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.

Bu yoʻlda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar boʻlmasin, barchasini mardona yengib oʻtishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning oʻzi madadkor boʻladi.

Ozodbek NAZARBEKOV,

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?