Halima ruhoniyati

09:01 22 Fevral 2019 Jamiyat
187 0

Sheʼr soʻzi misoli karomat yangligʻ. Unda xayoldagi hayot oʻngga, oʻngdagi hayot xayolga aylanib boradi. Va bu hech toʻxtamaydi.

Halima Xudoyberdiyevaning barcha yozganlari karomatlarga toʻla; balki har bir asari karomat.

U qanday yozgan boʻlsa, shunday yashadi. Umrni sheʼr balandligiga, sheʼrni umr balandligiga koʻtardi. Sheʼru umr aro mutanosiblik, yaʼni uygʻunlik yaratdi. Va yana shunchaki yashamadi, shunchaki yozmadi: buni uning oʻzi aytgan: xuddi qilich sermaganday boʻlib aytgan: muxlislari yodlab yurishadi.

Halima sheʼriyat — badiiyatga oʻz jumlasi bilan kirib keldi. Zotan, adabiyotga — badiiyotga faqat xos jumla bilan kiradilar: bir jumla oʻqiganda darhol bu Qodiriy, bu Usmon Nosir deydilar. Halima ham ilk sheʼrlaridanoq shunday shoir boʻldi: jumlasiga qarab oltmish yildan beri “Bu Halima!” — deydilar. Binobarin, biron sheʼrida birovga oʻxshamadi. Ergashganligi rost, ammo oʻxshashi yoʻq. Jumlalarida qilichning shuvillashi, daryoning, aynan esa ona Sirdaryoning shovullashi eshitilib turadi. Ilk sheʼrlarida, oltmishinchi yillar avvallarida oʻzi yozganday, ajdodlarning “qiynalib-qiynalib” yozgan soʻzlarini toʻymay oʻqidi, ularga gʻarq boʻldi, tarovatlariga toʻymadim, dedi. Bobolar nigohini satrlari aro olib oʻtdi. Shu tarovat uning ijodiy qarashlariga oʻng tushdi. Toʻgʻrirogʻi, unga tarovatni qodir tabiatning oʻzi ato etdi: har soʻzida tarovat, har tarovatida xirom bor va tarovatu xirom yozganlarida harir tob tortib zuhurlanadi. Tabiatda xiromni shamol, suv, havo, Quyosh orolaydi, kakliklar, oqqushlar, turnalar, kabutarlarda savvara yuzaga chiqaradi. Halima tabiatning bu xiromlariga mahliyo boʻlardi. Havas qilgani sheʼriga va uning ohanglariga koʻchdi.

Kamolga yetgan chogʻlarida yaratgan kitobini “Buyuk qushlar” deb atadi. (Buning juda olis tubida “boyoqishlar” degan ajib yashirin maʼno koʻz ilgʻamas oʻqiladi. Zero, barcha ulugʻlaru daholar oxir-oqibat qaraganda chin “boyoqishlar”dir, zero, oxir-oqibat Ajal jarayonlari huzurida tamomila ojizdirlar, tobedirlar, tup-tus bandadirlar). Hayotning azal fojiasi shunda, Halima kalimasi bilan aytsak, tarovati shunda. “...U bogʻni kezarmen Shodumon kuyunib, Mehmondek kezmasmen, Shoxlarni qayirib qoqarmen, Sochilgan olmalar meniki...” Uning “Ilk sevgi” (1968), “Buyuk qushlar”gacha (2012) yarim asrdan ortiq orada tugʻyonlar, poʻrtanalar ichida sheʼrlarini qutlab, Zulfiya xonim: “His-tuygʻu Halimada shu qadar yaxlit, shu qadar haqiqiy kattaki, koʻzlarida oftob yonib, saraton kezadi qonida”, deb taʼriflagan edilar. Naqadar haq ekanlar ustoz! Yarim asrdan ortiq davrda hayrat qalami bilan yozilgan asarlar “Ilk sevgi”, “Oq olmalar”, “Chaman”, “Suyanch togʻlarim”, “Bobo Quyosh”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Baxshiyonalar”, “Oʻsh — Oʻzgan faryodi”, “Hurlik oʻti”, “Toʻmarisning aytgani”, “Saylanma”, “Yoʻldaman” kabi jamuljam kitoblari va goʻzal turkumlarida oʻsha ulugʻ shoirimiz taʼrifidagi Yaxlitlik, Kattalik, Oftob va Saraton toʻla badiiy tarzda aks etdi.

Halima ijodida boʻlinmaydigan butunlik (yatajazzo) barpo boʻldi.

2017 yil may oyida Oʻzbekiston xalq shoiri, jamoat arbobi Halima Xudoyberdiyeva butun muxlislar mamlakati bilan birga 70 yoshini nishonladi. Davlat rahbari uni “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi. Halima yangi “Dugonalar” deb atalgan majallani gʻayrat bilan barpo qilishga kirishdi. Ammo sal oʻtmay poyloqchi Ajal oʻz ishini ado qildi. Halima Xudoyberdiyevani mangulik oʻz bagʻriga olib ketdi. Bu 2018 yil 17 avgustda sodir boʻldi. Bir ruboiysida yozgandi:

Nolam uzun. Nola meni

sevsa kerak

Umrim boʻyi u koʻksimni

oʻysa kerak

Menga tarix kerak emas,

Tarixchilar

“Bir nolali nay” deb

yozib qoʻysa kerak...

Bilmadim, bu cheksiz mahzun soʻzlardan tarix chiqadimi. Elu yurt yarim asrdan ortiq jon qulogʻi bilan tinglagan va mutaassir boʻlgan ovoz tindi. Ammo tarovatli, xumor ovoz hamon yangraydi, hech qachon tinmaydi. Chunki Oftob va Saraton mangu boshimizdadir.

* * *

Fano yoʻli cheksiz, oxiri yoʻq, Halimaxon!

Mana, yana Boyovut, azim Sirdaryoning kungay betlarida, polvonkelbat adirlarning yoqalarida binafshalar ochildi. Naqadar tabassumlari mayin. Sizcha... sizcha tarovatlari ilk bahordan — turkiylar naqadar sevgan bahordan darak berib qulf uradi. Hayot bizni hech kutmaydi, degansiz. Biz uchun bir dam toʻxtamaydi. Sizning makoningiz bogʻ edi, bogʻot edi. Oʻzbekistonni, turkiy diyorlarni har sheʼringizda misli yoʻq bogʻ va bu bogʻlarni aqlsizlik bilan boy berib qoʻymangiz, deb nolalandingiz. Qoʻrgʻadingiz. Ona kabi toʻradingiz. Diyorlar tarovat ufurdi qahramonlik soʻzlaringizda!

Bugun osmon bilan boʻylashib “siti”lar qad koʻtarmoqda Oʻzbekistonda. Zamon kishisi “siti”lar bilan boʻylashmoqda Oʻzbekistonda!

Hamma oʻrganmoqda Oʻzbekistonda! Oʻrganmasak, qolib ketamiz, demoqda. Yashamoqning yangi asoslari bino boʻlmoqda.

Siz orzu qilib kuylagan ellar — turkiy diyorlarning birgalik pallasi keldi. Rahbarimiz birgalikda hammamiz boy boʻlamiz, muhtojlikdan, egmaboʻyinlikdan qutulamiz, deb ishontirmoqda, jami qutlugʻ ishlarga bosh-qosh boʻlmoqda.

Siz yaratgan ayol siymosini Turon momosi demoqdalar. Bibi Turonlar dunyoga kelmoqda.

Dastlab Siz, Turon momosi!

Donishmand Momo!

Xalqiga injular qoldirgan Siymo! Oʻzbekiston qizi!

* * *

Bu inson, bu dard, bu sheʼriyatning navolari, sirlari benihoyat. Dardlashish, sirlashishga koʻngil izlaydi.

60-yillar Boyovutdan Halima chiqib keskin, dov soʻzlarni ayta boshladi. Uning oʻktam ovozi tez ochildi. Dunyo va hayot uning koʻz oʻngida yaxlit gavdalandi. Bu dunyo va hayot insonga bus-butun holda qadrlash, sevish va asrash, ardoqlashga berilgan-ku, inson shu dunyoda oʻzini namoyon qiladi-ku, degan fikr miyasiga keldi va qattiq oʻrnashdi. Oʻzi va mushfiq dono onasi tilidan “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”, dedi. Xalq mentalitetiga daxldor bir dono ibora Halima sheʼrining satrlaridan olamga parvoz qildi. U yana shu ilk kitoblarida “Tiriklik bayram”, dedi. Soʻzlar oltin yombisiga aylandi. Fikrlash tarziga kirib bordi. Halima sheʼrlarida shunday oʻz joyida va oʻz vaqtida topib aytilgan fikrlar badiiy ruhiyat iqlimlarini yaratdi. Adab dunyosini yaratdi, chunki joyiga qoʻyish, joyida aytish, joyida qilish tom adabdir. Yana birdan Halima yana oʻsha oʻktam va dov ovozi bilan chorladi: “Doʻstim, sen meni olqishlashing kerak”, dedi. Oʻshanda bu nidodan, biz, oltmishinchi yillarning yoshlari hayratga tushgandik. “Ayol boʻlganim, yoningda turganim, Yer yuzida borligim uchun — olqishlashing kerak!” Esimda, bu oʻroz nido, oʻroz soʻzlar zamondoshlarda teran aks sado berdi. Halima oʻz bagʻirdor sheʼrlari barobarida, hayotda bir ruhoniy iqlim yaratdi. Bu uning oʻz ruhiyat iqlimi edi. Biz uning mavzun saflana-saflana, tovlana-tovlana, dam laylivash, dam majnunvash, dam yassaviyona, dam mashrabona sollanib hayot, ijod, nafosat mintaqalarini adl-dov egallagan asarlari timsolida HALIMA RUHIYATI degan fasona maydonga chiqdi, deb aytolamiz.

Ha, shundoq, Halima ruhiyati!

Aynan shunday. Halima keyingi oʻn yillar davomida bu yuragiga yaqin mavzularning yangi-yangi qirralarini ocha bordi, yaraqlatib, xos sayqalladi. U Nodirabegimu Uvaysiyu Toʻmarislar qiyofasiga kirdi. Yurak shoirasiman, dedi. U Ayol muqaddas! — dedi va uning shaʼni-shavkati uchun gimnlar aytdi. Ayolni ojizalik puchmoqlaridan chiqardi. Bu Halima sheʼriyatining eng ulugʻ, oʻta taʼsirchan gʻoyasiga aylandi. Bu juda katta ijtimoiy aks sado berdi.

Halima ruhiyati! Bu ayolning matonati, yashash uchun kurashdagi jasorati! U faqat oʻxshatish emas. U yaxlit poyonsiz olam! U hodisa! Shoira oʻzini barcha dunyo ayollarining dardu holiga merosxoʻr bildi. Olmos eʼtiqod! Halima ruhoniyati shu eʼtiqod bilan balki moʻjizalarini yuzaga chiqardi. Hozir Germaniya, Buyuk Britaniya kabi buyukdan-buyuk davlatlar va xalqlar Ayol aqlu idrokiga tan berib, unga tayanib, taraqqiyot yoʻlida jadal bormoqda. Bunga erishmoq uchun Yevropa necha asrlar mislsiz kurashlarni boshidan kechirdi. Teng, ozod, adl Ayol maydonlarga chiqdi. Halima — Indira Gandi, Zulfiya, Anna Axmatova, Axmadulinalarga havas qildi. Talon-toroj, gʻoratgarchiliklarga qarshi baland ovoz bilan norozilik bildirdi. Oʻzini hatto Toʻmarisning sarbozi, deb qaradi.

U oʻzi bashorat qilgan hayotga va ijod nashʼu namosiga toʻla erishdi. Kuydi, yondi. Shon-sharaflar, eʼzozlar koʻrdi. “Kurashlarga belni mahkam bogʻlarmiz, Tiklagaymiz xalqni Kurash — orom boʻlsin, ogʻajon, Tiklamasak, shoir nomi harom boʻlsin, ogʻajon”.

Shoirning ahdi shunday mumtoz va qaytmas edi.

Halima ruhiyati! U bilingki, HOLdan paydo boʻldi va kuch oldi. U Turon ruhi bilan ohangdosh boʻldi va ulviyat topdi. Uning nigohi qalbida, qalbi esa xalqida edi.

* * *

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida Sirdaryo viloyati va tumanlar hokimlari, faollar, vazirlik hamda idoralar rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda maʼnaviyat, madaniyat, taʼlim-tarbiya masalalariga alohida eʼtibor qaratib, xususan, kitobxonlikni keng targʻib qilish, yoshlarda mutolaaga boʻlgan qiziqishni oshirish boʻyicha fikr va mulohazalarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, keyingi yillarda anʼanaga aylangan xayrli ishlarni davom ettirish haqida toʻxtalar ekan, Guliston shahrida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Yigʻilganlar mazkur tashabbusni qizgʻin qoʻllab-quvvatladi. Bu mamlakatimizda maʼnaviyatga boʻlgan yuksak eʼtiborning yana bir yorqin namunasidir.

Ibrohim GʻAFUROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?