“Halal food”: oʻzbek milliy taomlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darsi oʻtkaziladi

18:33 21 Fevral 2019 Jamiyat
707 0

Foto: Kamil Yenikeyev.

Said Rahmonov, Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi ONLINE” xabar qiladi.

Bugun Buxoroda oʻz ishini boshlagan I Xalqaro ziyorat turizmi forumi dasturi nihoyatda rang-barang. Shu bois mazkur nufuzli tadbir ishtirokchilari ham ziyorat, ham mashvarat, ham sayohat qilish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

Foto: Kamil Yenikeyev.

Darhaqiqat, forum kundaligiga koʻra, dastlabki kuni Buxoroning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, xususan, yetti pir — Abduxoliq Gʻijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualari ziyorat qilinadi. Tadbirning ikkinchi kunida mehmonlar xalqaro forumda ishtirok etishi, B2B formatidagi muloqotlarga kirishishlari mumkin.

Foto: Kamil Yenikeyev.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining forumga masʼul xodimi Sherzod Sultonovning aytishicha, forumning soʻnggi kuni, yaʼni 23 fevralda Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi mehmonlar sharafiga Toshkentda “10 Halal food” mavzuida mahorat darsi oʻtkazishadi. Unda 10 turdagi oʻzbek milliy taomlari tayyorlanib, maxsus kechki ovqat dasturxoni yoziladi.

Foto: Kamil Yenikeyev.

Aytish joizki, 2018 yildan boshlab mamlakatimizning umumiy ovqatlanish shoxobchalari va restoranlarida “halol” standartini amaliyotga joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. 2018 yil fevral oyidan boshlab ISO 22000 va “Halol” oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha umumiy qoʻllanma” Oʻz DSt 3286:2018 davlat standarti rasman joriy etilgani ana shu saʼy-harakatlar natijasidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?