Hakamlik sudlarining afzalliklari nimada?

17:11 11 Oktyabr 2018 Siyosat
307 0
Illyustrativ foto

Yaqinda mustaqil taraqqiyotimizga huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotgan Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligi mamlakatda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Zero, oʻtgan yillar mobaynida ushbu hujjat tufayli barcha sohalar, jumladan, sud-huquq tizimida salmoqli yutuq va natijalar qoʻlga kiritildi. Buni hakamlik sudlari jamiyat hayotida mustahkam oʻrin egallab borayotgani misolida ham koʻrish mumkin. Asosiy Qonunimiz qoidalari va tamoyillari asosida qabul qilingan “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonun bu borada dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.

Xoʻsh, mazkur sudning oʻziga xos afzalliklari nimada? Sal ilgariroq nomi keltirib oʻtilgan Qonundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, avvalo, u toʻla maʼnoda fuqarolik jamiyatining demokratik huquqiy institutidir. Uning oʻziga xos afzalliklari haqida soʻz ketganda, hakamlik yigʻimining davlat sudlariga nisbatan kamligi, tezkorligi, muhokama yopiq tarzda olib borilishi va oshkor etilmasligi, taraflar oʻz ixtiyorlari bilan hakamlik kelishuv bitimi asosida nizoni hal qilish maqsadida ishni shu mahkamaga oʻtkazib, sudyalarni tanlashlari, sudyalarning xolis va betarafligi, oʻzaro tortishuv va tenglik tamoyillari joriy etilganligini alohida taʼkidlab aytish zarur. Ayni chogʻda hakamlik sudi hal qilgan nizoni davlat sudlari takroran va mazmunan koʻrib chiqishi yoki tekshirishi mumkin emas. Uning qarori eʼlon qilinganidan kuchga kiradi hamda bir oyga qadar ixtiyoriy ravishda ijro etilishi zarur boʻladi.

Shularga koʻra, bugungi kunda AQSH, Germaniya, Fransiya va boshqa bir qator rivojlangan davlatlarda xoʻjalik va fuqarolik nizolarining deyarli katta qismi mazkur sudlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Bizda ham shunga qarab borilyapti. Xususan, “Navoiy — esperanto” MCHJ huzurida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudimiz faoliyati shundan dalolatdir, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Joriy yilning yanvar oyidan faoliyat boshlagan ushbu sud tomonidan hozirgacha 100 dan ziyod jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi mulkiy va nomulkiy nizolar koʻrildi. Shundan 50 ga yaqini taraflar sud majlisi jarayonida kelishgani bois tugatildi.

Shugina emas. Faoliyatimiz samaradorligini oshirish va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish doimiy eʼtiborimizda boʻlib kelyapti. Shu maqsadda viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida sud majlislarini sayyor tarzda oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Albatta, ana shu saʼy-harakatlar beiz ketmayapti, yaʼni odamlarning huquqiy bilimlari oshgani sayin hakamlik sudlariga murojaat qilish holatlari koʻpaymoqda, muhimi, ularning mazkur mahkamaga boʻlgan ishonchi mustahkamlanayotir.
Orif Kandaxor,
“Navoiy — Esperanto” MCHJ huzuridagi hakamlik sudi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?