“Hayrat aylar tilni gungu lol ham”

14:24 03 Dekabr 2019 Madaniyat
371 0

Odam Ato tuprogʻi ustiga oʻttiz toʻqqiz kun gʻam yomgʻiri, faqat bir kun shodlik yomgʻiri yogʻilganidan soʻng tuproqdan yaralgan bu xilqatning hayot yoʻli ham quvonch va tashvishlar qorishmasidan iborat boʻlishi tabiiy. Visol onlari hayot yoʻlini munavvar etuvchi umid chirogʻining soʻnmasligi, iroda sinmasligi uchun eng muhim lahzadir. Firoq zulmatidan chiqib, visol baxtiga musharraf boʻlgan oshiq toʻsatdan baxtli boʻlgan kimsadek sarosimaga tushib, ishonqiramay qolganini shoir chiroyli lutf bilan shunday ifoda etgan:

Menmudurmenkim sening vasling muyassardur manga,

Baxti gumrahdin qachon bu qissa bovardur manga?!

Diydor va visoldan oshiqning bunchalik hayajonga tushishi sababsiz emas. Chunki u hijron ayyomida “Boʻlmasa ishq, ikki jahon boʻlmasun, Ikki jahon demaki, jon boʻlmasun” aqidasi shunchaki gap emas, balki hayotiy maslakligini oʻz shaxsida isbotlagan, bunga iqror keltirgan:

Haq tanuqturkim, tiriklikdin manga sensen murod,

Yoʻqsa olamning yoʻqi-bori barobardur manga.

Har bir oshiqning eng ulugʻ orzusi visolga yetishmoq. Bu yoʻlda chekkan mashaqqatlari natijasida butun olamning bor yo yoʻqligi ahamiyatsiz boʻlib, yashashdan muddao Yori aziz diydori ekaniga Xudoning oʻzi shohidligi Ishq yoʻlidagi katta riyozat va sinovlar evazigagina diydorga yetishmoq mumkinligini anglatadi. Uchinchi baytdagi koʻngilga qilingan murojaatdan ham shu maʼno yanada yorqinroq anglashiladi:

Ey koʻngul, gʻavvosi bahri vasl oʻlubmen, ne ajab,

Gar nasib emdi oʻshul pokizagavhardur manga.

Ibn Sinoning “Al qonun fit tib” asarida keltirilishicha, qizil sharobga bodom va shakar qoʻshib isteʼmol qilish yurakka quvvat beradi. Xumor (bosh ogʻrigʻi)ni bartaraf qiladi. Tibbiy tavsiyadan sheʼr yaratish mahoratini quyidagi baytda koʻramiz:

Ne uchun bazmi visol ichinda ichmay bodakim,

Koʻziyu ogʻzi bugun bodomu shakkardur manga.

Visol bazmida xumorsiz boda ichgan oshiqqa endi osmondagi oyu quyosh ham, bogʻdagi sarvu suman ham kerak emas. Ayriliq davronida quyosh va oy yorning chehrasini, sarvu suman tik qomati va burama sochini eslatgan boʻlsa, visol chogʻida bularga hojat ham qolmaydi. Oshiq yorning chehrasida aziz umrini, borligʻida jannat bogʻining rohatini topadi:

Oyu xurshidingni yigʻ, ey charxi gardunkim, bu dam

Hamdam ul oychehralik xurshidpaykardur manga.

Sarvni oʻrtab, sumanni yelga ber, ey bogʻbon,

Kim, bugun hamsuhbat ul sarvi sumanbardur manga.

Keyingi baytda Navoiy mahbubaga nisbatan “shabiston mehri” (kechaning quyoshi) iborasini qoʻllaydi. Mazkur ibora “Lison ut tayr” dostonidagi bir hikoyatni yodga soladi. Gʻazalning mazkur bayti ham hikoyatdagi oshiq yigitning ahvoliga mos keladi, degan fikrdamiz:

Qoʻrqaram hirmon sahobin yopmagʻay fahm etsa charx

Kim, shabiston mehri shamʼidin munavvardur manga.

Navoiy hayrat vodiysiga taʼrif berarkan, bu maqomdagi solik tili lol, aqlu hushdan begona boʻlib, zamon va makonni anglamay, aslida kimga va nega oshiq boʻlganini bilolmay, hayron va sargardon boʻlishini aytib oʻtadi:

Hayrat aylar tilni gungu lol ham,

Aql zoyil, hushni pomol ham.

Kechau kunduzga boqsa har necha,

Onglamas kunduzmudur yoxud kecha...

Maqtaʼda Navoiy ana shunday hayrat va taajjub ohangi bilan gʻazalga yakun yasarkan, unga yorning visoli muyassar boʻlganmi yoki olam uning izmi ixtiyoriga oʻtganmi bilolmay qolganini aytadi. Zotan, olamdan muddao boʻlgan yor va tiriklikning murodiga aylangan diydor muyassar boʻlgandan soʻng olam murodiga yetgan kishiniki boʻlur:

Ey Navoiy, hech bilmonkim topibmen vaslini,

Yo magarkim jumlayi olam musaxxardur manga.

Olimjon DAVLATOV,
navoiyshunos olim


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?